Jo‘rabek Mirzamahmudov Xitoy bilan energetik loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga izoh berdi
Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda quradigan FESlar bo‘yicha kafolatli xarid narxi muzokaralar yakunida investorlar bilan kelishgan holda ochiqlanadi, tariflar oxirgi tenderlarda aniqlanganidan yuqori bo‘lmaydi, deya Kun.uz'ga ma’lum qildi energetika vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq e’lon qilingan kelishuvlardan biri narx qimmatligi sababli bekor qilingan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi bir hafta davomida Xitoyda bo‘lib qaytdi. O‘zbekiston delegatlari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.
Ayni paytgacha ikkita kelishuvga erishilgani haqida xabar berildi:
- Xitoyning CEEC Energy davlat korporatsiyasi bilan Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MW bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha memorandum imzolandi.
- “Huaneng Renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalar konsorsiumi bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MW bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Har ikkala loyiha bo‘yicha ham investorlar 2 mlrd dollardan (ikkita loyihaga 4 mlrd dollar) to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritib, ilk quvvatlarni yil oxirigacha, rejadagi barcha quvvatlarni esa 2024 yil oxirigacha ishga tushirishini ma’lum qilgan.
E’tiborlisi, oxirgi yillarda shakllangan an’ana – quyosh va shamol elektr stansiyalari bo‘yicha loyihalarni xalqaro tender orqali aniqlash tartibi bu loyihalarga nisbatan tatbiq etilgani yo‘q. Xitoy kompaniyalari to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlab olinmoqda. Boz ustiga, ular quradigan stansiyalar ishlab chiqargan elektr energiyasini davlat qancha narxda kafolatli sotib olishi rasmiy xabarlarda ochiqlanmadi.
Kun.uz bu boradagi ayrim savollarga energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovdan javob oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kafolatli xarid tariflari ochiqlanmaganiga sabab – dastlabki kelishuvlarga erishilgan bo‘lsa-da, narx borasidagi muzokaralar davom etyapti. Vazir muzokaralar yakunlanib, asosiy bitimlar imzolangach, bitim shartlari investorlar bilan kelishgan holda e’lon qilinishini bildirdi.
Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, investorlar oldiga kafolatli xarid narxini oxirgi tenderdagi tarifdan oshirmaslik sharti qo‘yilgan. Kun.uz oxirgi tenderda (2022 yil dekabr oyidagi) ma’qullangan narxlar 1 KW-soat uchun 3 sentgacha bo‘lganidan kelib chiqib, ayni kunlardagi muzokaralarda mana shu narx chegarasi qo‘yilganmi, degan savoliga vazirlik rahbaridan tasdiq javobini oldi.
“Asosiy talablar – muddat, sifat va eng arzon tarif. Agar tender qilsak, 3-4 yil ketadi. Biz esa 1 yilda ishga tushirish shartini qo‘yayapmiz”, – deya investorlar tendersiz tanlanayotganiga izoh berdi Mirzamahmudov.
Vazir yashil energetika bo‘yicha dekabr oyida tugagan oxirgi uchta tender qachon boshlangani, e’lon qilinganidan beri qancha vaqt o‘tgani va amaliy ishlar qachon boshlanishiga e’tibor berishni so‘radi.
Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, uchta viloyatda jami 500 MW qayta tiklanuvchi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha tenderlar 2021 yilda boshlanib, uning birinchi bosqichi (RFQ) 2021 yil 31 avgustgacha davom etgan. Uchta bosqichdan keyingi yakuniy g‘oliblar esa 2022 yil dekabr oyida aniqlandi. Uchala loyiha bo‘yicha bitimlarni 2023 yil 1-choragida imzolash, qurilish ishlarini 2023 yil 4-choragida boshlab, stansiyalarni 2024 yil 4-choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu – tender jarayonlari boshlanganidan stansiyalar ishga tushgungacha bo‘lgan vaqt qariyb 4 yil bo‘lishini ko‘rsatadi.
“Hozir esa biz kelishgan loyihalar buyicha amaliy ishlarni shu yildanoq boshlash shartini qo‘yganmiz”, – deya tushuntirdi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Kun.uz hukumat a’zosidan GD Power va Powerchina kompaniyalari konsorsiumi bergan narx haqida ham so‘radi. Dekabrda Xitoyning bu konsorsiumi Namangan viloyatida 150 MW quvvatga ega loyiha bo‘yicha 4,828 sent taklif bilan tender g‘olibi deb topilgan, lekin Energetika vazirligi bu taklifni juda qimmat deb hisoblab, narxni pasaytirish choralari ko‘rilishini bildirgandi.
“Ha, biz bu tender natijasini bekor qildik. Hozirda manfaatliroq takliflarni muhokama qilyapmiz”, – deya holatga aniqlik kiritdi energetika vaziri.
Mirzamahmudov respublika bo‘ylab davlat tashkilotlari, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish kampaniyasi ketayotgani haqidagi savolga ham javob berdi.
“Bu kampaniyaga start berilishidan oldin nega panel bozorida taklifni ko‘paytirish, raqobatni qo‘llash orqali narxni tushirish choralari ko‘rilmayapti? Aholi va biznesga qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish uchun yaqqol afzallik yaratib, so‘ng bu afzallikni faol va effektiv targ‘ib qilish hozirgidek ma’muriy buyruqbozlik va direktiv kreditlashdan ko‘ra samaraliroq emasmi?” degan savolga javoban hukumat rasmiysi vazirlik delegatsiyasining Xitoyga tashrifidan asosiy maqsadlardan biri ham shu ekanini aytdi.
“Xitoyga aynan shu masalalarni hal qilish uchun bordik. Maqsadimiz – raqobatni oshirish, ko‘proq ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va eng maqbul takliflarni olish”, – dedi Energetika vazirligi rahbari.
Ma’lumot uchun, 17 fevral kuni e’lon qilingan prezident qaroriga asosan, 2023 yilning o‘zida umumiy quvvati 4 300 MW bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Rejadagi 4 300 MW quvvatdan 2 100 MW – yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MW – ijtimoiy soha obektlari, xo‘jalik sub’yektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari, 550 MW – tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelishi hisob-kitob qilingan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali 2023 yilda qo‘shimcha 5 milliard KW-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish ko‘zda tutilgan.
Bu maqsadlarga jami 15,4 milliard dollar yo‘naltiriladi. Shundan 13,4 mlrd dollari – investorlar mablag‘lari, 1,1 mlrd dollar – tijorat banklari kreditlari, 610 mln dollar – korxonalarning o‘z mablag‘lari, 150 mln dollar – xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablag‘lari va 100 mln dollar ekvivalentidagi Davlat budjeti mablag‘lari bo‘lishi nazarda tutilgan.
Mavzuga oid
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
09:35 / 10.12.2024
Birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi
15:25 / 06.12.2024