G‘arb va sovetlar qarama-qarshiligi: KGB tiriklay yoqib yuborgan josus kim edi?
O‘tgan asrning 60-yillarida sovet harbiy josusi Oleg Penkovskiy MRB va MI-6 xodimlari bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib, qamoqqa olinadi. SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi uni davlatga xiyonat qilganlikda aybdor deb topadi va Penkovskiy otuvga hukm qilinadi. Biroq keyinchalik u otib o‘ldirilmagani, KGB tomonidan tiriklay yoqilib, jarayon bo‘lajak josuslarga «dars» sifatida ko‘rsatish uchun tasvirga olingani ma’lum bo‘ladi.
1963 yil 11 may. Moskvadagi SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasida sobiq harbiy josus, ikkinchi jahon urushi qahramoni, ko‘plab orden va mukofotlar sohibi Oleg Penkovskiyga hukm o‘qiladi.
Sudya uni vatanga xiyonat qilganlikda va yana boshqa bir qator jinoyatlarda aybdor deb topadi va unga o‘lim jazosini beradi. Hukm otib o‘ldirish yo‘li bilan ijro etilishi belgilanadi. Suddan so‘ng Penkovskiyning apellyatsiyasi rad etiladi.
Hukm o‘qilgandan so‘ng Penkovskiy otib o‘ldirilmaydi, balki tiriklayin yoqib yuborilib, jarayon tasvirga olinadi. KGB keyinchalik o‘zining yosh xodimlariga «dars» sifatida ko‘rsatish uchun shunday yo‘l tutgandi.
Penkovskiy haqidagi rasmiy hujjatlarda uning otib o‘ldirilgani yozilgan bo‘lsa-da, SSSR tarqab ketgandan so‘ng sobiq harbiy razvedka va KGB xodimlari uning yoqib yuborilganini aytib chiqishgandi.
O‘tgan asrning 50-yillari ikkinchi yarmi va 60-yillari boshi KGB va harbiy razvedka boshqarmasi (HRB) uchun og‘ir yillar bo‘ladi. Stalinning vafotidan keyin juda ko‘plab josuslar xorijga qochib o‘tishadi va G‘arb xavfsizlik xizmatlariga maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishadi.
Bundan tashqari, Stalin o‘limidan so‘ng uning davrida sodir bo‘lgan nohaq qatag‘onlardan xabar topgan xodimlarning ayrimlari G‘arb maxfiy xizmatlari bilan aloqa o‘rnatib, ikki tomonlama josuslik qila boshlashadi.
G‘arbga qochib o‘tgan yoki ikki tomonlama ishlagan KGB va HRB xodimlari asosan AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MBR) yoki Britaniyaning Mi-5 va Mi-6 xizmatlari bilan hamkorlik qilishadi.
1961 yilda Finlandiya orqali G‘arbga qochgan Anatoliy Golitsin, Yuriy Loginov, G‘arbiy Berlin orqali qochgan Bogdan Stashinskiy, 1964 yilda Shveytsariya orqali AQShga qochgan Yuriy Nosenko va boshqalar shular jumlasidan edi.
Biroq G‘arbga qochishni xohlagan yoki MRB va MI-6 bilan hamkorlik qilgan barcha KGB josuslarining harakatlari muvaffaqiyatli tugamagan. Ularning ayrimlari qo‘lga tushib oliy jazo – o‘limga hukm qilingan. Oleg Penkovskiy ham shulardan biri edi.
Oleg 1960 yildan boshlab Britaniya va AQSh maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qila boshlaydi va G‘arbga qochishga ulgurmasdan qo‘lga tushadi. 1963 yilda Moskvada uni sud qilib, o‘lim jazosiga hukm qilishadi.
Hukmda Olegni otib o‘ldirish nazarda tutilgan bo‘lsa ham, u boshqacha tarzda o‘ldiriladi. KGB xodimlari Olegni tiriklayin yoqib yuborishadi. Jarayon bo‘lajak josuslarga «dars» sifatida ko‘rsatish uchun tasvirga olinadi. O‘shanda Oleg Penkovskiy 44 yoshda edi.
Ikkinchi jahon urushi qahramoni
Oleg Penkovskiy 1919 yilda Kavkazdagi Vladikavkaz shahrida tug‘iladi. (Hozir Shimoliy Osetiya Respublikasi poytaxti) 1937 yilda Oleg o‘rta maktabni bitirayotgan paytda bu shahar Stalinning yaqin hamtovog‘i, oktyabr to‘ntarishidan avval «Xalqlar dohiysi»ga o‘xshab o‘g‘ri va talonchi bo‘lgan Sergo Orjyenikidze sharafiga «Orjyenikidze» deb nomlanardi.
Oleg ikki yil davomida Kiyevdagi harbiy maktabda o‘qiydi va 1939 yildan boshlab sovet armiyasi safida batareya siyosiy rahbari bo‘lib ishlay boshlaydi.
1939 yil 17 sentabrda sovet armiyasi Polshaga bostirib kiradi va Oleg bu urushda qatnashadi. Polshaning sharqiy qismi SSSR tarkibiga qo‘shib olingach u poytaxtga qaytadi va Moskva harbiy okrugida xizmatini davom ettiradi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach Oleg avvaliga Moskva himoyasida qatnashadi. Keyinchalik vaziyat sovetlar foydasiga hal bo‘la boshlagach u Germaniyagacha boradi va unvoni oshib, gvardiya polki komandiri darajasigacha yetadi.
Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan qahramonliklari uchun Penkovskiy «Qizil yulduz», «Qizil bayroq» va «Aleksandr Nevskiy» kabi orden va boshqa ko‘plab medallar bilan taqdirlanadi.
Oleg 1949-1953 yillar davomida sovet armiyasining harbiy-diplomatiya akademiyasida o‘qiydi va shundan so‘ng davlat HRBga ishga olinadi.
1955 yilda Oleg SSSRning Turkiyadagi elchixonasida harbiy attashe yordamchisi sifatida ishlay boshlaydi. Biroq Turkiyada bir yildan sal ko‘proq ishlagach noxush bir hodisa tufayli Moskvaga chaqirib olinadi.
Gap shundaki, Penkovskiy Turkiyada kontrabanda bilan shug‘ullanadi va elchixona xodimlaridan biri uni Istanbul bozorida yashirincha tilla taqinchoqlar sotayotganida ushlab oladi. Shundan so‘ng u HRBdan bo‘shatiladi.
Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra Penkovskiy Turkiyada G‘arb josuslari bilan aloqa bog‘lashga urinadi. Bundan xabar topgan sovetlar uni Moskvaga chaqirib olishadi.
Biroq uning G‘arb josuslari bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lgani haqida yetarlicha dalillar topilmagani uchun jazolanmaydi va HRBdan bo‘shatish va oddiy harbiy xizmatga o‘tkazish bilan kifoyalanishadi.
Ishdan bo‘shatilishi Penkovskiyning jahlini chiqaradi va ana shu paytdan boshlab unda bir tarafdan boshliqlariga o‘zini ko‘rsatish, ikkinchi tomondan HRB va KGBdan o‘ch olish ishtiyoqi paydo bo‘ladi.
Bir muddat Mudofaa vazirligi kadrlar bo‘limida ishlagan Oleg 1957 yilda HRB boshlig‘i o‘rinbosari Aleksandr Rogovning yordami bilan boshqarmaga ishga qaytadi.
O‘sha paytda SSSR Mudofaa vaziri Rodion Malinovskiy, HRB boshlig‘i Ivan Serov bo‘lib, Rogov ular bilan juda do‘stona aloqada bo‘lgan. Shundan foydalanib u Penkovskiyni yana HRBga qaytarishga muvaffaq bo‘ladi.
1959 yilda Penkovskiy Hindistonga jo‘nab turganida u yerga boshqa xodim jo‘natiladi. Bu ish uning eski dardini yangilaydi va shundan so‘ng G‘arb razvedkasi bilan hamkorlik qilishga qaror qiladi.
1960 yilda uning amalini ko‘tarishadi va SSSR ministrlar soveti qoshidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini koordinatsiya qilish davlat qo‘mitasi boshlig‘i lavozimida ishlay boshlaydi. Biroq amalining ko‘tarilishi ham uning alamini bosmaydi.
Ikki tomonlama josus
Penkovskiy G‘arb josuslari bilan hamkorlikni 1960 yilda boshlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1960 yil iyun oyida u Moskva ko‘chalarida aylanib yurgan ikki amerikalik talabaning qo‘liga maktub tutqazadi va uni AQSh elchixonasiga yetkazishni so‘raydi.
Maktubda u AQShliklar bilan hamkorlik qilmoqchi ekanini bildiradi. Penkovskiy amerikaliklarni ishontirish uchun maktubga 1960 yilda Sverdlovsk yaqinida urib tushirilgan AQShning razvedka samolyoti va uning uchuvchisi Frensis Pauers bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlarni ham qo‘shgan edi.
Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, 1960 yil kuzida Penkovskiy ichiga Frensis Pauers haqidagi ma’lumotlar solingan papkani AQShning Moskvadagi elchixonasiga o‘zi olib borib beradi.
Keyinchalik Britaniya razvedkasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda Penkovskiy 1958 yildayoq G‘arb razvedkasi bilan aloqaga chiqishga uringani va 1960 yilda AQSh elchixonasiga emas, Kanada elchixonasiga kirishga uringani yozilgandi.
Penkovskiyning o‘zi G‘arb razvedkasi bilan Moskvada emas, 1960 yil aprel oyida Londonga qilgan safari paytida aloqa o‘rnatganini aytgan.
Londondagi uchrashuvda MI-6 xodimlari Penkovskiyga so‘nggi rusumdagi Minox portativ kamerasini berishadi va unda ishlashni o‘rgatishadi. Bundan tashqari ular Penkovskiyga o‘zlari shubhalangan mingdan ortiq sovet fuqarolarining rasmlarini ko‘rsatishadi. Penkovskiy ular orasidan 700 nafar KGB va HRB xodimlarini tanib, ajratib beradi.
Penkovskiy tanigan odamlarning bir qismi SSSRning G‘arb davlatlaridagi elchixonalarida xodim niqobi ostida ishlayotgani ma’lum bo‘ladi.
Britaniyada Penkovskiyga shubha tug‘dirmaslik uchun Londonga boshqa kelmasligini va zarur holatlarda Grevill Vinn bilan aloqaga chiqishini aytishadi. 1960 yil may oyida Penkovskiy Moskvaga qaytib keladi.
Penkovskiy Moskvaga qaytgach bir necha nafar AQShlik va britaniyalik josuslar bilan tanishadi. Ular orasida britaniyalik josus Grevill Vinn ham bor edi. Penkovskiy asosan u bilan hamkorlik qiladi va maxfiy hujjatlarni yetkazib turadi.
Bir yil hamkorlik qilganidan so‘ng Penkovskiy 1961 yil Londonga yana boradi. U Britaniya poytaxtida 18 iyuldan 8 avgustgacha bo‘ladi. Ikkinchi borganida Penkovskiy Londonda AQShlik va britaniyalik josuslar jamoasi bilan uchrashadi va ularga qimmatli ma’lumotlar tasvirga tushirilgan fotoplyonkani beradi.
O‘sha yerda unga josuslik vazifalarini bajarib bo‘lgach Britaniya fuqaroligi va moddiy rag‘batlantirish haqida va’da berishadi. Biroq Penkovskiyga Britaniyaga qochib o‘tish nasib etmaydi.
U Londonda bo‘lganida Anna Chizxolm ism-sharifli ayol bilan tanishtirishadi. Anna va uning eri Britaniyaning Moskvadagi elchixonasida elchi yordamchilari niqobi ostida ishlashardi.
Londondan qaytishda Penkovskiy samolyotda tasodifan HRB boshlig‘i Ivan Serovning qizini uchratib qoladi. U Britaniyaga qilgan sayohatidan so‘ng uyga qaytayotgan edi. Olegda Serovni ham g‘arbliklar bilan hamkorlikka tortish kerak degan reja paydo bo‘ladi.
Penkovskiy Moskvaga qaytganidan so‘ng sovg‘a-salom ko‘tarib Serovni yo‘qlab boradi. Keyinchalik Penkovskiy qo‘lga tushib tergov qilinayotganda Serovga ham Britaniya josuslari bilan ishlashni taklif etgani va undan rad javobini olganini aytadi. Biroq general bu gaplarni rad etadi va Penkovskiy o‘ziga bu taklif bilan chiqmaganini bildiradi.
1961 yil 20 sentabrda Penkovskiy Parijga boradi va u yerda Grevill Vinnga qimmatli maxfiy ma’lumotlar tasviri tushirilgan fotoplyonkani beradi. Unda asosan SSSRning qit’alararo ballistik raketalari haqida ma’lumotlar bor edi.
Penkovskiyning fosh etilishi va qo‘lga olinishi
Penkovskiy Moskvada bo‘lganida maxfiy ma’lumotlar tasviri tushirilgan fotoplyonkalarni asosan Anna Chizxolmga yetkazib turardi. KGB Penkovskiydan ilk marta 1961 yil dekabr oyida shubhalana boshlaydi.
O‘shanda u Anna bilan uchrashib, unga konfet qutisiga yashirilgan 22 ta fotoplyonka beradi. KGB xodimlari uning Annaga fotoplyonka berganini sezishmaydi, biroq ikkalasining to‘qnashib ketishi tasodif emasligini taxmin qilishadi. Shundan so‘ng Penkovskiy doimiy kuzatuvga olinadi.
Keyinchalik Penkovskiy Anna bilan tez-tez to‘qnash kelishi aniqlanadi. O‘sha paytda KGB Penkovskiyni qo‘lga olsa bo‘lardi, biroq bunday qilmaydi va ular arqonni uzunroq tashlab qo‘yishadi. Shu bilan birga Penkovskiyni xorijiy safarlarga chiqarmay qo‘yishadi.
Penkovskiy o‘zini kuzatuv ostiga olishganini bilardi. 1962 yilda Moskvaga Grevill Vinn keladi va Penkovskiy bilan uchrashib undan muhim ma’lumotlarni oladi.
Ana shu uchrashuvda Penkovskiy Vinnga o‘zini kuzatishayotganini aytadi va o‘zini tezroq xorijga o‘tkazishni iltimos qiladi.
KGB Penkovskiyni har bir qadamini kuzatish va doimiy nazoratga olish uchun u yashaydigan uy ro‘parasidagi binoda kuzatuv punkti tashkil etadi. Keyinroq esa Penkovskiyning uyiga yashirincha kameralar o‘rnatiladi.
1962 yilning kuzida Penkovskiy Fan va texnika davlat qo‘mitasi xodimi sifatida AQShga borishi kerak edi. O‘shanda u okean ortidan qaytmaslikka qaror qilgandi. Biroq sovet xavfsizlik xizmati u AQShga borsa ortga qaytmasligi mumkinligini bilib turgandi.
Shu sababli KGB xodimlari uni yengil zaharlaydi. Penkovskiy shifoxonaga yotadi va safardan qolib ketadi. Penkovskiy shifoxonada ekanida KGB xodimlari uning uyida yashirincha tintuv o‘tkazadi va u yerdan ko‘plab maxfiy ma’lumotlar topiladi.
1962 yil 22 oktyabr kuni Penkovskiy AQSh elchixonasi xodimi bilan uchrashib, unga maxfiy ma’lumotlar berayotganida qo‘lga olinadi va KGBning Lubyankadagi idorasiga olib kelinadi. U yerda o‘tkazilgan to‘rt kunlik so‘roqdan so‘ng Penkovskiy G‘arb josuslari bilan hamkorlik qilib kelganini tan oladi.
Penkovskiy avvaliga G‘arb josuslaridan ma’lumot olish uchun ularga uncha ahamiyati bo‘lmagan ma’lumotlarni berganini va o‘rniga ulardan qimmatli ma’lumotlar olgani haqida aytadi.
Biroq Penkovskiy hibsga olingandan o‘n kun o‘tib 1962 yil 2 noyabr kuni Budapeshtda KGB Grevill Vinni ham qo‘lga oladi. Vinn Moskvaga olib kelingach Penkovskiy ikki tomonlama josus emasligi va faqat G‘arb xavfsizlik xizmatlari uchun ishlagani oydinlashadi.
Shuningdek, 2 noyabr kuni Moskvada AQSh elchixonasi xodimi Richard Karl Jekob ham ushlanadi. O‘sha kuni «Pravda» gazetasida bu haqda kichik xabar beriladi.
«2 noyabr kuni sovet davlat xavfsizlik organlari xodimlari tomonidan AQSh elchixonasi xodimi Richard Karl Jekob Moskva shahri Pushkin ko‘chasida joylashgan 6-raqamli uyning yo‘lagida noma’lum shaxsdan josuslik materiallarini olayotganda ushlandi», deyilgandi xabarda.
«Pravda»da chiqqan xabarda ism-sharifi keltirilmay «noma’lum shaxs» kim bo‘lgani noaniqligicha qoladi.
Penkovskiy qo‘lga olingandan so‘ng uni ikkinchi marta HRBga ishga olgan Sovet ittifoqi qahramoni, HRB boshlig‘i Ivan Serov ishdan olinadi. Uning barcha unvonlari va mukofotlari tortib olinadi.
Olti oy davom etgan tergov jarayonlaridan keyin Penkovskiy ishi sudga oshiriladi. Uni SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi sud qiladi.
Sud ochiq majlis ko‘rinishida bo‘lsa ham sud zalida oddiy fuqarolar va xorijiy kuzatuvchilar yo‘q edi. U yerda faqat oddiy fuqarolar rolini o‘ynayotgan KGB xodimlari o‘tirishadi.
Sud jarayonida Penkovskiy G‘arb josuslari bilan 18 oy davomida hamkorlik qilgani va shu vaqt mobaynida ularga 5 mingdan ortiq maxfiy ma’lumotlarni bergani ochiqlanadi. Penkovskiy sudda o‘z aybini tan oladi va yengillik berishni so‘raydi.
1963 yil 11 may kuni sud hukmi e’lon qilinadi. Unga ko‘ra, Penkovskiy vatanga xiyonat qilishda aybdor deb topiladi va otuvga hukm qilinadi. Penkovskiy apellyatsiya beradi, biroq u rad etiladi.
Penkovskiy tiriklayin yoqilganmi?
1963 yil 16 may kuni TASS Butirka qamoqxonasida hukm ijro etilgani va vatanga xiyonat qilishda aybdor deb topilgan Penkovskiy otib o‘ldirilgani haqidagi xabar tarqatadi.
Biroq keyinchalik Penkovskiy o‘sha kuni otib tashlanmagani, boshqalarga dars bo‘lishi uchun tiriklay yoqib yuborilgani va jarayon videotasvirga olingani haqida gap-so‘zlar chiqadi.
SSSR tarqab ketgandan so‘ng Penkovskiy ishiga taalluqli ko‘plab maxfiy ma’lumotlar oshkor qilinadi. Bundan tashqari, Penkovskiyning zamondoshlari bo‘lgan sobiq KGB xodimlari u qanday o‘ldirilganini aytib chiqishadi. Ulardan biri HRB sobiq xodimi Vladimir Rezun edi.
Shartli «Viktor Suvorov» ism-sharifi bilan faoliyat yuritgan Rezun keyinchalik o‘zining «Akvarium» deb nomlangan asarida Penkovskiyning o‘ldirilishi tafsilotlarini batafsil tasvirlagan.
Unga ko‘ra Penkovskiy otib o‘ldirilmagan. U Butirkadagi o‘liklarni yoqadigan maxsus pechda tiriklayin yoqilgan. KGB xodimlari boshqalarga dars bo‘lishi uchun jarayonni videotasvirga olgan va keyinchalik ular josuslar tayyorlaydigan maktablarda ko‘rsatilgan.
Boshqa xodimlar Penkovskiy tiriklay yoqilganini inkor qilishadi va u otib o‘ldirilganini aytishadi. Biroq sobiq ittifoq davrida ko‘p ishlar yashirilgani inobatga olinsa Penkovskiyning tiriklay yoqilgani haqiqatga yaqin.
Grevill Vinnning taqdiri
Penkovskiy hamkorlik qilgan Grevill Vinn josuslikda aybdor deb topiladi va unga 8 yil qamoq jazosi beriladi. Biroq u SSSRdagi qamoqxonada bir yil ham o‘tirmaydi.
1964 yil aprelda Grevill Vinn sovetlar foydasiga josuslik qilgani uchun Britaniya qamoqxonasida o‘tirgan Konon Molodiyga almashtiriladi. Konon 1961 yilda qo‘lga tushgan va Britaniya sudi unga yigirma yil qamoq jazosi tayinlagandi.
Er-xotin Chizxolm va Penkovskiy bilan hamkorlik qilgan boshqa josuslar elchixona xodimi sifatida diplomatik daxlsizlik maqomida bo‘lgani uchun SSSRdan chiqarib yuboriladi.
2020 yilda Britaniyalik rejissyor Dominik Kuk tomonidan Penkovskiyning hayoti va uning va Grevill Vinn hamkorligi haqida badiiy film suratga olinadi.
«Josuslar o‘yini» deb nomlangan filmda Penkovskiy rolini taniqli gruzin aktyori Merab Ninidze ijro etgan. Film kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholangan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024