Belarusdagi aerodromda portlash yuz berdi. Rossiya harbiy samolyotiga zarar yetgan
Belarus faollariga ko‘ra, Minsk yaqinidagi «Machulishchi» aerodromidagi portlashlar natijasida Rossiyaning uzoq masofadan radiolokatsion aniqlash ishlarini amalga oshiruvchi A-50 harbiy samolyotiga zarar yetgan.
Minskdan 12 km uzoqlikda joylashgan Belarusning «Machulishchi» harbiy aerodromida 26 fevral, yakshanba kuni portlashlar sodir bo‘ldi. Bu haqda huquq-tartibot idoralarining sobiq xodimlari tomonidan tuzilgan BYPOL muxolifat harakati Telegram'dagi kanalida ma’lum qildi.
Dastavval faollar kamida ikkita portlash natijasida Rossiya harbiy-transport samolyoti va qor tozalash mashinalari shikastlanganini yozishgan. Xabar qilinishicha, aerodrom hududida mahalliy aholi ko‘p sonli harbiylar va yo‘l politsiyasi ekipajlarini kuzatmoqda, ular o‘tayotgan barcha mashinalarni tekshirmoqda. Portlashlar sabablari aniqlashtirilmagan.
Keyinchalik BYPOL harbiy aerodromda diversiya sodir etilgani, natijada Rossiyaning A-50 erta ogohlantirish va nazorat radariga ega harbiy samolyoti jiddiy shikastlangani, uning old va markaziy qismlari, avionika va radar antennasiga zarar yetgani haqida xabar berdi.
BYPOL rahbari Aleksandr Azarov «Nasha Nіva» nashriga belaruslik partizanlar «Machulishchi» harbiy aerodromidagi qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etganini aytdi. Azarov «Belsat» nashriga bergan izohida u dronlar yordamida amalga oshirilgani va operatsiyaning barcha ishtirokchilari allaqachon Belarusdan tashqarida ekanini bildirdi.
Aerodromdagi portlashlar haqidagi ma’lumotni jurnalist Anton Motolko va «Belarus za MKADom» Telegram-kanali tasdiqladi. Rossiyalik harbiy muxbirlar Yuriy Kotenok va Semyon Pegovlar ham aerodromga uchuvchisiz uchoqlar hujum qilgan bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Belarus va Rossiya rasmiylari voqea yuzasidan hozircha izoh bermagan. «Zerkala» jurnalistlari Belarus Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Mudofaa vazirligiga murojaat qilishdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi nashrga portlashlar haqida xabarlar yo‘qligini ma’lum qildi, Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, «jiddiy hech narsa sodir bo‘lmagan».
«Belaruskі Gayun» monitoring guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 3 yanvarda Belarusga yetib kelgan Rossiya aerokosmik kuchlarining RF-50608 davlat raqamiga ega DRLO A-50U samolyoti shikastlangan. 54 kun davomida bu bort 12 marta parvoz qildi. Uning Belarus hududiga avvalgi kelishi 2022 yil 24 fevralda qayd etilgan.
Guruh ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aerokosmik kuchlarida atigi 9 ta shunday samolyot bor, ulardan 6 tasi modernizatsiya qilingan. Bunday samolyotning narxi 330 million dollarga baholanmoqda.
Ayni paytda, «Ukrainskaya pravda» internet-nashri «Kinjal» gipertovushli raketalarini tashuvchi samolyotlar odatda «Machulishchi» aerodromidan havoga ko‘tarilishi, shu sababli Ukraina havo trevogasi e’lon qilishini eslatib o‘tgan.
Mavzuga oid
15:52 / 11.12.2024
Saratov oblastida harbiy aerodromga hujum haqida ma’lum qilindi
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
17:21 / 09.12.2024
Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
19:40 / 06.12.2024