O‘zbekiston | 17:00 / 28.02.2023
28416
8 daqiqa o‘qiladi

Chiqindi sohasi: nomukammal to‘lov tizimi, falajlangan qayta ishlash va kengayayotgan poligonlar

Har birimiz sivilizatsiyaning yangidan yangi imkoniyatlaridan foydalanib, ma’lum darajada farog‘atda yashashga intilamiz: zamonaviy ulovda yuramiz, yemakxonalarda ovqatlanamiz, ko‘ngilochar joylarga boramiz, sayohatlar qilamiz, xullas, o‘zimizni baxtli va xursand qilish uchun doimo harakatdamiz. Bu hammasi yaxshi, lekin ortimizdan nima qoldirayotganimizga e’tibor beramizmi? ChIQINDI!

Insoniyat bu muammolarni bartaraf etishning yo‘llarini izlayapti va topyapti. Yetakchi G‘arb mamlakatlari o‘z hududlarida chiqindini qayta ishlashning har turli usullarini qo‘llab, tabiat – hayvonot va nabototni bor holicha saqlab qolishga jiddiy bel bog‘laganlar va qisman buning uddasidan ham chiqmoqda. Nisbatan kam rivojlangan mamlakatlar-chi? Ular chiqindiga botib, zaqqum havodan bo‘g‘ilib o‘lmaslik uchun nimalar qilishmoqda?

O‘zbekistonda chiqindi sohasini isloh qilish, rivojlangan davlatlar qo‘llagan usullarni amalga tatbiq qilish uchun ko‘plab qaror, farmon va qonunlar chiqqan. Davlat rahbari bu mavzuga alohida e’tibor qaratmoqda va sohaga doir masalalarni hal qilish uchun ko‘plab yig‘ilish va selektorlar ayni shu mavzuda bo‘ladi.

2022 yil 2 fevralda prezident huzuridagi majlisda ekologiya va atrof-muhit masalalari, xususan, chiqindi masalasi tanqidiy ko‘rilgan. Prezidentimiz tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasi oldiga vazifalar qo‘yilgan va aynan chiqindilarni qayta ishlash darajasini 36,5 foizga yetkazish, xususiy sektor ulushini 50 foizga chiqarish va qamrov darajasini 95 foizga oshirish vazifalari. Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi, ya’ni 2022 yil 11 avgustdagi qarori va yana bir farmon.

Bugun shaharlardan salgina tashqariga chiqsangiz, minglab tonna chiqindilar egallagan yuzlab gektar joylarni ko‘rasiz. Chiqindi ko‘lamini ko‘rib vahmingiz keladi. O‘z vaqtida bu mavzuda Kun.uz ham, Sub’yektiv loyihasi ham yaxshi ko‘rsatuvlar tayyorlashgan edi. Bu o‘rinda biror shaharni alohida ko‘rsatib o‘tish shart emas. Barcha katta shaharlar, viloyatlar va aholi yashash punktlarida shu kabi holatga ko‘zingiz tushishi mumkin. Birgina Toshkent shahrida 2021 yildagi ma’lumotga ko‘ra, kuniga 2 ming tonna maishiy chiqindi chiqariladi.

Yaqinda Navoiy shahri chiqindixonaga aylangani haqida tarmoqlarda ko‘p yozishdi. Boshqa shaharlarda yig‘ilib qolgan chiqindilarning olib chiqib ketilmagani yoki olib chiqib ketilishi kechikkani kabi muammolar bo‘y ko‘rsatib qoladi. Nima uchun? Negadir chiqindi olib chiqish va uni qayta ishlash xususiy sektorga faol berila boshlaganidan so‘ng mana shunday holatlar paydo bo‘layotgandek.

Gap nimada o‘zi? Aslida xususiylashgan bu soha biznesga aylanishi va chiqindi kompaniyasi egasi jaraq-jaraq pul topishi kerak emasmidi? Qaysi mexanizm ishlamayapti?

To‘lovlar

Masalaning ichiga chuqurroq kirar ekanmiz, muammo aholidan yig‘iladigan to‘lovlar chiqindini tashib ketishga ixtisoslashgan korxonalar xarajatlarini qoplamasligi, qolaversa shu to‘lovlarning o‘zi ham vaqtida amalga oshirilmasligi haqida eshitdik.

Bundan ayrim xususiy chiqindi tashish va qayta ishlash korxonalari rahbarlari nolishadi. Tadbirkorlarning aytishicha, to‘lovlarni aholidan yig‘ib olish, undirish muammo bo‘lgani uchun ham aslida gullab-yashnashi kerak bo‘lgan soha kasodga uchrash arafasida.

Nima qilish kerak? To‘lovni qanday undirish kerak? Tadbirkor hisob raqamida pul bo‘lmasa, u ishchilariga maoshni, texnikalariga xarajatni nimaning hisobiga amalga oshiradi?

Debitor muammoni ham hal qilish uchun tadbirkorlar ko‘p bosh qotirishgan va yuqoriga ko‘plab murojaatlar yo‘llashgan, hatto chiqindi uchun to‘lovni elektr energiyasi to‘loviga bog‘lab qo‘yishni ham taklif qilishgan. Ularning iddaosicha, elektr, suv va gazni elektron hisoblagichlar orqali nazorat qilish, puli to‘lanmasa o‘chirib qo‘yish mumkin, ya’ni ta’sir qilish mexanizmi bor, chiqindi sohasida esa to‘lovlar ko‘p hollarda amalga oshirilmaydi va qarzdorlik milliard-milliard so‘m. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2022 yil yanvar oyidagi bayonotga ko‘ra, respublika bo‘yicha aholining chiqindi tashib ketish xizmati bo‘yicha qarzdorligi 417 milliard so‘mga yetgan.

Qizig‘i shundaki, davlat organi hali ham aholidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida undirilishiga mas’ulligicha qolgan. Bir tomondan bu ham to‘g‘ri, chunki yakuniy foydalanuvchi va sanitariya-tozalash tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma munosabatlari mavjud emas, bu esa tozalash tashkilotlari uchun majburiy to‘lovlarni yig‘ishni imkonsiz qilib qo‘yadi. Har qanday faoliyat sohasi uchun eng muhim qismi bu uning moliyaviy qismi hisoblanadi, agar moliyaviy rivojlanmagan bo‘lsa, faoliyat sohasining kelajagi bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yildagi 4 noyabrdagi 646-son qarori bilan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritildi, unga ko‘ra xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlariga abonentlarga nisbatan sudga da’vo yuborish uchun hujjatlar to‘plamini tayyorlash majburiyatini yuklagan.

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar sanitariya tozalash markazlaridan so‘nggi 4 yil ichida to‘planib qolgan ko‘plab muammolar esa yagona elektron hisob tizimiga meros bo‘lib qoldi va eng qizig‘i, bu muammolarni hal qilish sanitariya tozalash markazlarining zimmasida bo‘lgan, buning uchun ular pul olar edi...

Saralash va qayta ishlash

Bu borada ishlar juda yomon. O‘zbekistonda yiliga 7 million tonna chiqindi shunchaki poligonlarga tashlab yuboriladi. Plastik, metall, qog‘oz, organik chiqindilar aralash bo‘lib, bir joyda yotadi va yerni ham , suvni ham, havoni ham zaharlaydi. Ekoqo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, chiqindilarning 21 foizi qayta ishlanar ekan, biroq bu qayta ishlanayotgan chiqindining qanchasi import qilinayotgan chiqindi?

Tadbirkorlarning aytishicha, ular yuz minglab tonna presslangan makulatura, plastik idishlar, metall va boshqa chiqindilarni chetdan sotib olib, qayta ishlaydilar. Bu esa mamlakatimizda qayta ishlanayotgan chiqindi foizini ko‘paytirib ko‘rsatishga xizmat qiladi, ammo yuqorida aytilganidek, haqiqiy holat bunday emas, qayta ishlash ko‘rsatkichlari ancha past.

Yechim qanday? Tariflarni ko‘tarishmi? Subsidiyami? Davlat ishtiroki va aralashuvini maksimal cheklashmi? Jazo mexanizmini takomillashtirishmi? Zanjirdagi ishtirokchilarni kamaytirishmi? Bu savollarga javob va muammolarga yechim topishda yana davlat rahbari bosh-qosh bo‘lishi lozimmi? Prezident aralashuvisiz biror soha mavjud qonunchilikka bo‘ysunib, o‘zini o‘zi eplaydimi hech? Tizim bor, ammo u qachon ishlaydi?

Yer yuzini millionlab tonna chiqindiga to‘ldirayotgan, okeanlarni va quruqliklarni chiqindi poligonlariga aylantirayotgan aynan siz va biz. Jahonda bu muammo juda o‘tkir va kundan kunga ahvol yomonlashib borayotganini turli soha vakillari bot-bot ta’kidlab kelishmoqda. Xitoy shaharlari osmonini qoplayotgan qora bulutlar, zaharli changlar; Afrika mamlakatlaridagi antisanitariya holatlari, dunyo okeanlaridagi chiqindilardan tashkil topgan sun’iy orollar... Radikal yechimlar topmasak, tez orada O‘zbekiston o‘z chiqindisiga botib, nafas ololmay qolishi aniq. Shu bugun, hoziroq bu tizimning mukammal ishlashini ta’minlamasak, ertaga kech bo‘ladi. Xulosa va harakat qilishimiz lozim!

Bobur Akmalov,
jurnalist

Mavzuga oid