Samarqanddagi ma’muriy qamoqxona: mahkumlar qanday sharoitda saqlanadi?
So‘nggi paytlarda turli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanayotgani haqida bot-bot eshitib turibmiz. Xo‘sh ular jazoni qayerda va qanday sharoitlarda o‘tashadi?
Samarqand shahridagi Ma’muriy qamoq o‘taladigan maskanda bo‘ldik. Ushbu maskan ichki ishlar organlari tizimiga kiradi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasa hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, ushbu maskan ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan 60 nafargacha ma’muriy huquqbuzarlarni saqlash uchun mo‘ljallangan. Albatta, so‘nggi paytlarda ushbu maskan huquqbuzarlar uchun torlik qilib qolgani ham rost. Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on tumanida ham bunday muassasaning yangisi qurilmoqda, dedi Samarqand viloyat IIB, Jamoat xavfsizligi xizmati, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jonibek Samandarov muxbirlar bilan suhbatda.
Dastlab bizga ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish tartibi haqida tushuntirib berishdi. Unga ko‘ra, qabul bo‘limida kiyimlar topshiriladi, qamoq jazosiga hukm qilingan shaxs yuvinib olgach, kiyimlari dezinfeksiya qilinib, yana unga qaytarib beriladi.
So‘ngra ular 2–6 kishilik kameralarga joylashtirildi. Biz olti kishiga mo‘ljallangan kameralardan birida bo‘ldik. Bizning kelishimizga puxta tayyorgarlik ko‘rilganmi yo‘qmi, bunisini aniq bilmadik, ammo kamera ichi ozoda, isitish batareyalari ham xonani yaxshigina qizitib turibdi.
Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar uchun maskanda kutubxona, oshxona xizmat ko‘rsatadi. Ularga yaqinlari bilan uchrashish va suhbatlashish imkoniyati yaratilgan. Ular muassasa hududida sayr qilishlari, ishlashlari ham mumkin.
Biz borgan kuni ma’muriy qamoqda saqlanayotgan erkak shaxslar kamera oldida ko‘rinish berishni istashmadi. Biz ikki nafar ayol jazoni o‘tayotgan kameraga kirdik.
Ma’muriy qamoq jazosini o‘tash uchun turli xil kasb egalari, jumladan usta va hunarmandlar ham tushib qolar ekan. Muassasa xodimlarining aytishicha, ular ish qilmasdan o‘tira olishmaydi, qayernidir tuzatish, ta’mirlash va qurish, umuman o‘zidan qandaydir esdalik qoldirishni istashar ekan. Birlari boshlagan ishni ortidan kelganlar davom ettirishadi.
Muassasa hududidagi obodonchilik, bog‘dorchilik ishlarida ham shu shaxslarning xizmati katta. Muassasaga kiraverishda sizni kutib oluvchi, erkinlik ramzi bo‘lgan burgut haykali ham ana shunday fuqarolarning umumiy ijodi namunasi bo‘lib turibdi.
Shuhrat Shokirjonov,
Jahongir Aliboyev,
Kun.uz
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
09:18 / 17.11.2024