O‘zbekiston | 10:51 / 28.02.2023
5747
3 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi bilan uchrashdi

2023 yil 27 fevral kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatdagi yangi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenikni qabul qildi.

Foto: Senat.uz

Muloqot avvalida Senat raisi elchini yuksak va mas’uliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutladi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston – AQSh hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Senat raisi parlamentlararo aloqalar mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim mexanizmlaridan biriga aylanishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Strategik hamkorlikni hozirgi bosqichi parlament miqyosidagi yaqin aloqalarni ham aks ettirishi zarurligi, o‘zaro munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muloqotlar izchilligini ta’minlash muhimligini qayd etdi.

Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSh Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” (do‘stlik guruhi)ning o‘rni va faoliyati samaradorligi ta’kidlab o‘tildi.

Elchi Jonatan Xenik qabul uchun minnatdorlik bildirib, 26 yil avval O‘zbekistonda bo‘lgani, o‘tgan vaqt ichida mamlakatda barcha sohalarda juda katta ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lganini aytib o‘tdi. O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, mehnat munosabatlari, gender tengligi masalalarida erishilgan natijalarni yuqori baholab, bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish borasida O‘zbekistonning tajribasini butun jahonga namuna sifatida ko‘rsatish mumkinligini va bu borada boshqa davlatlar o‘zbek tajribasini o‘rganishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda O‘zbekiston va AQShning turli sohalari vakillarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash borasida fikr almashildi.

Mavzuga oid