Jahon | 09:13 / 28.02.2023
4545
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX kosmik kemaning XKSga parvozini startdan ikki daqiqa oldin kechiktirdi

Crew Dragon kemasining parvozi texnik muammolar tufayli kechiktirildi va yaqin kunlarda yangi urinish amalga oshiriladi. Kosmik kema to‘rt astronavtni XKSga olib boradi.

Foto: Getty Images

Multimilliarder Ilon Maskning SpaceX kosmik korporatsiyasi Florida shtatidagi Kanaveral burnida rejalashtirilgan uchirilishidan ikki daqiqa oldin Falcon-9 raketasining Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) parvozini kechiktirdi. Qarorga yerdagi tizimlar bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘ldi, deb ma’lum qildi AQShning NASA kosmik agentligi 27 fevral, dushanba kuni Twitter'da.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi bosqichli dvigatellardan biriga ishga tushirish uchun ishlatiladigan trietilalyuminiy va trietilboran aralashmasini yuklab bo‘lmagan. Yonilg‘i qayta chiqarib olindi, ekipaj kemani tark etishga majbur bo‘ldi.

Crew Dragon kosmik kemasi amerikalik astronavtlar Stiven Bouen va Uorren Xoburg, rossiyalik kosmonavt Andrey Fedyayev va Birlashgan Arab Amirliklaridan astronavt Sulton al-Nejadiyni orbitaga olib chiqishi kerak edi. NASA rahbari Bill Nelson uchirishni kechiktirish qarorini qo‘llab-quvvatladi va ekipaj xavfsizligiga ustuvor ahamiyat qaratdi. «Insonning koinotga uchishi xavfli ish va har doimgidek, biz tayyor bo‘lganda uchamiz», - deya qo‘shimcha qildi u.

Agar texnik muammolar shu vaqtgacha hal etilsa, 2 mart, payshanba kuni yangi urinish amalga oshiriladi. To‘rt kishidan iborat jamoa XKSda olti oyni o‘tkazadi.

Mavzuga oid