Jahon | 08:15 / 04.03.2023
10888
2 daqiqa o‘qiladi

Shols Vashingtonda: Biz Ukraina uchun erkinlik va tinchlikni xohlaymiz

Germaniya kansleri Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan beri ilk bor Vashingtonga tashrif buyurdi. Shols va Bayden Oq uyda Kiyevni qo‘llab-quvvatlash borasida muzokara o‘tkazdilar.

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Shols 3 mart, juma kuni Oq uyda urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.

Amerika rahbari Germaniya Vazirlar Mahkamasi rahbarini Oval kabinetda qabul qildi. «Men juda yaxshi hamkorligimizni juda qadrlayman», dedi Shols Baydenga ingliz tilida.

Amerika ma’muriyati rahbari, o‘z navbatida, Germaniya kansleriga «kuchli va barqaror rahbariyati» uchun minnatdorchilik bildirdi. «Buni chin dildan aytaman. Bu katta o‘zgarish bo‘ldi» dedi Bayden va Germaniya Ukrainaga hal qiluvchi harbiy va ma’naviy yordam berganini qo‘shimcha qildi.

«Ta’kidlab o‘tmoqchimanki, harbiy yordamdan tashqari, siz ukrainaliklarga ko‘rsatgan ma’naviy yordamingiz ham katta ahamiyatga ega edi», - dedi Amerika rahbari. Ularning 2022 yil fevral oyi boshida bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvi chog‘ida «Rossiya Ukraina bilan chegarada o‘z qo‘shinlarini to‘plagandi», deb esladi Bayden. G‘arb javob berishni va’da qildi va «biz birgalikda bu va’dani bajardik», deb ta’kidladi Oq uy rahbari.

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga «biz uni qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz» degan signal yuborish muhim.

AQShga tashrifi chog‘ida Germaniya kansleri nemis va ingliz tillarida Twitter'da shunday deb yozdi: «Yetakchiligingiz va do‘stligingiz uchun tashakkur, Jo! Vashingtonga yana bir bor qaytganimdan xursandman. Transatlantik koordinatsiyamiz har doimgidek kuchli va qat’iy. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz, biz Ukraina uchun erkinlik va tinchlikni xohlaymiz».

Mavzuga oid