O‘zbekiston | 20:49 / 06.03.2023
76194
5 daqiqa o‘qiladi

Amirning taqdiri, boyliklar va O‘zbekistonga qaytish istagi - Amir Olimxonning nabirasi va kuyovi bilan suhbat

Toshkentda jadidlar faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi. Kun.uz muxbiri Buxoroning oxirgi amiri Olimxonning konferensiyaga mehmon sifatida chaqirilgan nevarasi va kuyovi bilan suhbatlashdi.

6-7 mart kunlari Toshkentdagi Turon kutubxonasida “Jadidlarning ma’rifiy faoliyati: g‘oyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.

Konferensiyada AQSh, Turkiya, Ozarboyjon, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya va Germaniya kabi mamlakatlarning nufuzli jadidshunos olimlari turli ma’ruzalar bilan ishtirok etyapti.

Kun.uz muxbiri Buxoroning so‘nggi amiri – mang‘it o‘zbeklari sulolasidan bo‘lmish Amir Olimxonning tadbirga mehmon sifatida taklif etilgan, hozirda Turkiyada yashovchi nabirasi Binafsha Hatuno‘g‘li va uning turmush o‘rtog‘i Nurettin Hatuno‘g‘lidan intervyu oldi.

Nurettin Hatuno‘g‘li va Binafsha Hatuno‘g‘li

— 1920 yilda qizil armiya mamlakatni egallab olgach, Said Amir Olimxon dastlab mamlakat sharqiga, keyinchalik Afg‘onistonga chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Bundan keyingi hayoti qanday kechgan? Bilganlaringizni gapirib bersangiz.

Nurettin Hatuno‘g‘li:

— Afg‘onistonga ketganda o‘z xotirotlari bor, «Buxoroning hasratli tarixi» nomi ostida nashr qilindi O‘zbekistonda. O‘zining shaxsiy yoziqlari bo‘lgani uchun obektiv bilib bo‘lmaydi hamma narsani, ba’zi faktlarni bilish mumkin. Aytishicha, Amir Olimxon Afg‘onistonga yordam olish uchun ketgan. Qaytish niyati bor-yo‘qligi aniq emas. Qobuldagi Qal’ai Fatuda yashashga majbur bo‘lgan, hatto Hajga borish uchun ham ruxsat bermagan Afg‘oniston hukumati. 1944 yilda Afg‘onistonda vafot etgan. Uning farzandlari Qal’ai Fatudan Afg‘onistonning boshqa joylariga tarqalib ketgan. Janubiy mintaqalarida yangi yerlar tuzilib, obod qilingan va bir qismi o‘sha yerga ketgan, yashashga majbur qilingan. Mening otalarim ham shunday yashagan.

Aytilishicha, Afg‘onistonga chiqib ketayotganda Amir Olimxonning 3 farzandi bo‘lgan. Ayrim farzandlari SSSRda qolgan, jumladan, Shohmurod Olimov, u harbiy xizmatda bo‘lib, katta lavozimlarga ham ko‘tarilgan. Keyinchalik bu kishilar Shohmurod Olimovlar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qildimi, nima bo‘ldi tarixi?

— Hech bir aloqalari yo‘q. Amir Olimxonning qolgan avlodlarining hammasi Afg‘onistonda dunyoga kelgan. Buxorodagi 3 o‘g‘lini olib ketolmagan, ular bilan hech qanday aloqalar qolmagan. Sovet paytida O‘zbekiston hech qaysi tashqi mamlakatlar bilan aloqasi bo‘lmagan. Mening otalarim ham aloqani uzgan, asli andijonlikmiz biz.

— Amir Olimxon o‘zi bilan juda katta boylik olib ketgan, hozir Shvetsariya bankida turibdi, degan gaplar yuradi. Chindan boylik qolganmi yoki bu qandaydir mish-mishlarmi?

— Shunday gaplar bor, hammasi to‘g‘ri emas, ammo yolg‘on ham emas. Ketayotgan paytda o‘zi bilan olib ketgan, lekin aniq qancha ekani ma’lum emas. Qaynotam, Amir Olimxonning o‘g‘li 78 yoshida vafot etdi. O‘limiga 3 oy qolgunga qadar ham teri tikish bilan shug‘ullanardi kun ko‘rish uchun. Siz aytgandek boylik bo‘lganda edi, bunday yashamas edi bu odamlar.

Buxoro xazinasining ko‘pi Moskvaga ketdi va shu ko‘rinmasligi uchun hamma ayblovni Amir Olimxonning ustiga tashlashgan. Amir Olimxon umrining oxirida ustida oddiy ko‘ylak bo‘lgan. Oltini bo‘lganda, boy bo‘lib yashashi kerakmasmidi? Moddiy narsalardan o‘g‘illariga hech narsa qolmagan. Qaynotamdan so‘raganimda ham bizda unday oltin yo‘q, deb javob bergan. Bunaqa gaplar Sovet propagandasi natijasi.

·       Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid