O‘zbekiston | 18:57 / 06.03.2023
36762
2 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyor bo‘ldi

Prezident deputatlar, senatorlar va Oliy sud rahbariyati bilan uchrashdi. Yakuniy qonun loyihasiga Konstitutsiyaviy sud xulosa berishi kutilyapti, shundan keyin referendum o‘tkaziladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 6 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.

“Deputatlar jamoatchilik tomonidan yuborilgan 200 mingdan ortiq takliflarning har birini sinchiklab o‘rganib chiqishdi, bunda xalqaro tajriba ham inobatga olindi, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bir necha oy davom etgan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyor bo‘lgan.

Loyihani referendumga qo‘yishdan avval deputatlar Konstitutsiyaning 83-moddasida belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega sub’yektlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi va xulosa berilishi qayd etildi.

Maslahatlashuvlar davom etadi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid