Jamiyat | 08:29 / 06.03.2023
20751
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda erkak avval xotini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi

Holat yuzasidan Yangiyer shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibining Kun.uz’ga xabar berishicha, hodisa 2023 yil 2 mart kuni Yangiyer shahar tibbiyot kolleji hovlisida sodir bo‘lgan.

Yangiyer shaharda yashovchi, 45 yoshli fuqaro R.U. kollejning ikkinchi bosqichida tahsil olayotgan turmush o‘rtog‘i D.U.ni oilaviy kelishmovchilik ortidan qasddan o‘ldirish maqsadida bir necha marta pichoq urgan. Oqibatda 40 yoshli ayol tan jarohatlari olib vafot etgan.

Shundan so‘ng erkak sodir qilgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish maqsadida qo‘lidagi pichoq bilan tanasining bir necha joyiga urib, o‘ziga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.

U darhol Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yangiyer shahar prokuraturasi tomonidan R.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Mavzuga oid