Jahon | 10:39 / 08.03.2023
6739
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus Jurnalistlar uyushmasi Belarusda «ekstremistik tuzilma» deb tan olindi

Belarus KGBning Belarus Jurnalistlar uyushmasini «ekstremistik tuzilma» deb tan olish to‘g‘risidagi qarori fevral oyi oxirida qabul qilingan. 7 mart kuni tashkilot tegishli ro‘yxatga kiritildi.

Foto: baj.by

Belarus KGB Belarus Jurnalistlar uyushmasini (BJU) «ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar ro‘yxati»ga kiritdi. IIV saytida e’lon qilingan ro‘yxatda 28 fevralda tegishli qaror qabul qilingani, ro‘yxatga kiritilgan kun sifatida esa 7 mart sanasi ko‘rsatilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, «Belarus Jurnalistlar uyushmasi» nodavlat jamoat tashkiloti vakillari orasidan bir guruh fuqarolar ekstremistik faoliyatni amalga oshirmoqda», bu tashkilot «ekstremistik tuzilmalar» sifatida tasniflangan. Assotsiatsiya rahbari Andrey Bastunets, uning o‘rinbosarlari Aleksandr Starikevich, Alina Surovets, Boris Goretskiy va Oleg Ageyev, shuningdek, jurnalistlar Dmitriy Lukashuk, Sergey Komlach va Olga Xvoin BJU ishtirokchilari yoki egalari deb topildi.

BJU 2021 yil avgust oyida Belarus Oliy sudining qarori bilan tugatilgan. Tashkilot faoliyatini to‘xtatishning rasmiy sababi sifatida Adliya vazirligining «BJU tomonidan qonunbuzarliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmagani va qonun hujjatlarining takroran (yozma ogohlantirishdan keyin) buzilishi munosabati bilan» da’vo arizasi ko‘rsatilgan.

2022 yil aprel oyida Belarus Jurnalistlar uyushmasi YuNESKOning so‘z erkinligi uchun mukofoti bilan taqdirlandi. Hakamlar hay’ati Aleksandr Lukashenko rejimining repressiyalari sharoitida Belarusda mustaqil ommaviy axborot vositalarini saqlab qolishda BJUning katta xizmatlarini qayd etdi.

Hozirda «ekstremistik tuzilmalar» ro‘yxatiga 121 ta band kiritilgan. Xususan, u Svetlana Tixanovskaya jamoasi, Belarus muxolifatining muvofiqlashtiruvchi kengashi, Sergey Tixanovskiyning «Strana dlya jizni» internet resurslari, «Nasha Niva», «Belsat», BelaPAN nashrlari va boshqa ko‘plab fuqarolik tashabbuslari va ommaviy axborot vositalarini o‘z ichiga oladi. 

Mavzuga oid