Iqtisodiyot | 22:03 / 10.03.2023
44814
5 daqiqa o‘qiladi

Supermarketdan naqd pul, komissiyasiz to‘lov, Uzcard va Humo integratsiyasi - nimalar kutilyapti?

Yirik supermarketlar kassalaridan 300-500 ming so‘mgacha naqd pul olish mumkin bo‘ladi. Fuqarolar budjetga to‘lov qilishda komissiya to‘lamaydi. Do‘kondorlar ikki xil terminal ishlatishdek ovoragarchilikdan nihoyat xalos bo‘ladi.

Kun.uz prezident qarorida yozilgan bu o‘zgarishlar nimani anglatadi, odamlarga nima foyda beradi kabi savollarga Markaziy bank departamenti direktori Ulug‘bek Mahmudovdan javob oldi.

“Ayrim turdagi to‘lovlar uchun aholidan komissiya olish bekor qilinyapti”

— 2023 yil 9 martda qabul qilingan (88-sonli) prezident qaroriga muvofiq, 1 maydan boshlab benifitsiari budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan to‘lovlar bo‘yicha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi yoki yig‘imlar (to‘lov shaklidan qat’i azar) aholidan undirilmaydi. Endi vositachilik haqi mablag‘larni oluvchidan chegirib qolish yo‘li bilan olinadi. Bu barcha turdagi davlat bojlari, ma’muriy jarimalar, yoki kommunal to‘lovlarga tatbiq etiladi.

Bu nima degani? Hozirgi kunda aholi bank kassalariga borib elektr energiyasi yoki umuman kommunal to‘lovlarga to‘lov qilganda, ulardan vositachilik haqi qo‘shimcha olinayotgandi. Masalan, 100 ming so‘m elektr energiyasiga pul to‘langanda bank kassalari yoki to‘lov tashkilotlarining vositachilik haqi aholidan undirilayotgandi. Endi aholi 100 ming so‘m budjet tashkilotlariga to‘lov qilganda, o‘sha 100 ming so‘m to‘lov amalga oshiriladi, lekin mablag‘larni oluvchiga 1 foizgacha bo‘lgan summa chegirgan holda to‘lov amalga oshiriladi. Aholi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilganda hech qanday vositachilik haqi undirilmaydi. Mablag‘lar oluvchidan chegirib qolinadi. Jismoniy shaxslarga bu qulaylik yaratadi. Mablag‘lar oluvchi va banklar o‘rtasida “aksiverka”, hisob-kitoblarni to‘lamaslik holatlari barham topadi.

“Supermarket kassalaridan naqd pul olish mumkin bo‘lyapti”

— 1 maydan huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa tarmog‘i mavjud bo‘lgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida cheklangan limit doirasida naqd pul olish mumkin bo‘ladi (dastlabki bosqichda ushbu amaliyotni “Korzinka” savdo tarmog‘ida respublika bo‘yicha 100 ta supermarket pilot loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan).

Hozirda respublikamizda 12 mingdan ortiq bankomatlar o‘rnatilgan. Endi “Korzinka” savdo tarmog‘iga kirib, savdo qilganingizda cheklangan limit doirasida naqd pul olish imkoniyati yaratib beriladi. [Supermarketdan] savdo qilgandan keyin 200-500 ming so‘mgacha naqd pulga ehtiyoj tug‘ilsa, savdo nuqtalaridan naqd pul olish mumkin bo‘ladi. Pilot loyiha doirasidagi savdo kompleksi o‘rganilib, Markaziy bank tomonidan limit belgilanadi. Keyinchalik virtual kassasi mavjud boshqa “Makro”, “Havas” kabi savdo nuqtalariga ham tatbiq etilishi mumkin.

Kassada naqd pul olish degan xizmat turi yo‘lga qo‘yiladi. Ammo sharti bor – albatta, o‘sha supermarketdan savdo qilish kerak. Qancha narsa sotib olganining ahamiyati yo‘q. Masalan, kichik miqdordagi tovarni sotib olsangiz ham savdo qilish majburiyati bor.

Bu narsa Yevropa davlatlari, Rossiyada ham qo‘llanyapti.

“Humo va Uzcard integratsiyasidan keyin infratuzilma kengayadi”

— Humo va Uzcard to‘lov tizimi integratsiyasi masalasi ham bor. Hozir respublika bo‘ylab 12,5 ming dona bankomat bor, ammo 12,5 ming nuqtada bankomat yo‘q. Chunki bitta joyda ham Uzcard, ham Humo bankomatlari qo‘yilgan holatlar bor. Bankomatlar har ikkala kartaga xizmatlar ko‘rsatishni boshlagandan keyin bankomatlar tarmog‘i kengayadi, qamrov darajasi ortadi.

Bankomatlar xarajatlari hisob-kitob qilib chiqildi. Hozirda bir yilda bitta bankomatga 95 mln so‘mgacha xarajat ketsa, ularning foydasi – 108 mln so‘m. Bir yilda bitta bankomat 12-14 mln so‘m foyda keltiradi. Bankomatlar tanlovi kengayishi hisobiga ham aholiga qulay bo‘ladi, ham xarajatlar qisqartirilishiga erishiladi.

Shuningdek, terminallar xizmatlarini kengaytirish uchun Uzcard va Humo terminallari integratsiyasi yil oxiriga mo‘ljallanyapti. Hozirda respublikada 430 mingdan ortiq terminal bor. Endi bitta savdo nuqtasida ikkita terminal bo‘lishi shart bo‘lmaydi. Bitta terminaldan ham Uzcard, ham Humo kartalariga xizmat ko‘rsatish imkoniyati tug‘iladi.

Hozirgi kunda Humo va Uzcard to‘lov terminallari Visa, Uzcard, Mastercard, Union Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlari kartalarini ham qabul qilyapti. Lekin Humo va Uzcard terminallari bir-biriga xizmat ko‘rsatishi cheklangan. Integratsiya to‘la ta’minlangach, savdo nuqtalari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga qulay bo‘ladi.

Madina Ochilova,
Shohruzbek Abdurayimov,
Kun.uz

Mavzuga oid