Iqtisodiyot | 17:24 / 12.03.2023
54232
11 daqiqa o‘qiladi

Possovet mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beryaptimi?

Xitoy, Armaniston, Turkiya, BAA, shuningdek Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar taqiqlangan tovarlarni Rossiyaga noqonuniy yetkazib berish uchun «transport punktlari» vazifasini bajarayotgan bo‘lishi mumkin. AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashishda tavsiyalar berdi va shubhali o‘tkazmalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

Ko‘plab davlatlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach u bilan iqtisodiy aloqalarni uzdi va Rossiya iqtisodiga zarba berish uchun sanksiyalar joriy qildi. Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi jiddiy iqtisodiy cheklovlar kiritdi, mamlakatning yuzlab badavlat shaxslari va hukumat amaldorlarini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi hamda Moskvani xalqaro moliya tizimidan sezilarli darajada uzib qo‘ydi. Shuningdek, Rossiyaga ilg‘or texnologiyalar eksporti to‘xtatildi va Rossiya aviakompaniyalarining G‘arbga parvozlari taqiqlandi.

Kollektiv G‘arb yevrohududdan Rossiyaga qo‘shni davlatlarga eksport keskin o‘sayotganini qayd etgan. Ularning shubhalanishicha, bu Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni aylanib o‘tishga urinish bo‘lishi mumkin. Rossiya kompaniyalariga yordam berayotgan uchinchi davlatlar tashkilot va shaxslariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar tahdidi kundan kunga ortmoqda. O‘zbekiston ham Rossiya uchun sanksiyalardan qochish yo‘laklaridan birimi?

Iqtisodiy sanksiyalar va ularning mohiyati

Iqtisodiy sanksiyalar bu – xavfsizlik yoki tashqi siyosat masalalari bilan bog‘liq ma’lum maqsadlarga erishish uchun savdo va moliyaviy operatsiyalarni cheklash yoki to‘liq to‘xtatish. Sanksiyalar ham alohida davlatlar, ham xalqaro tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga, tashkilotlarga yoki davlatlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Sanksiya joriy qilgan va sanksiyaga uchragan mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy bog‘liqlik qanchalik yuqori bo‘lsa, cheklovlar ham shunchalik samarador hisoblanadi.

AQSh iqtisodiy sanksiyalardan eng ko‘p va faol foydalanadigan mamlakat bo‘lib, buni asosan dollarning jahon iqtisodiyotidagi hukmron roli bilan izohlash mumkin. Xalqaro hisob-kitoblarda dollarning yuqori ulushi sanksiyalar rejimlarining buzilishini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi va Qo‘shma Shtatlar joriy qilgan cheklovlarni chetlab o‘tish ehtimolini minimallashtiradi.

Yevropa Ittifoqi xavotirlari

Yevroittifoqning sanksiyalar ijrosi bo‘yicha xalqaro maxsus vakili Devid O’Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga eksport hajmini oshirayotgan ayrim davlatlarga Yevropa Ittifoqidan ham eksportning «shubhali» o‘sishi qayd etilgan. 

O’Sallivanning ta’kidlashicha, bu nimadir noto‘g‘ri ketayotganini ko‘rsatishi mumkin. Misol tariqasida u Serbiya, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarini keltirib o‘tgan.

«Gap bu mamlakatlarni tanqid qilish emas, balki ular bilan yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishda. Ittifoqchilarimizdan farqli o‘laroq, bu davlatlar sanksiyalarga qo‘shilmaslik yo‘lini tanladi, lekin ular sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishni istamasligini aytdi. Biz ularning o‘z va’dasiga amal qilayotganini tekshiramiz, nima bo‘layotganini, qanday choralar ko‘rilayotganini o‘rganamiz», degan u.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahliliga ko‘ra, Armaniston va Qirg‘izistonga g‘arb mamlakatlaridan import hajmi ham, ushbu mamlakatlardan Rossiyaga eksport hajmi ham keskin oshgan.

«2022 yil may-iyul oylarida inflatsiyani hisobga olgan holda Rossiyaga Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniyadan eksport 2017-2019 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkich bilan solishtirganda ikki baravardan ko‘proqqa kamaygan. O‘z navbatida, Yevropa va AQShdan Armaniston va Qirg‘izistonga eksport hajmi 80 foizdan ko‘proqqa oshgan. Bu ikki davlat, o‘z navbatida, xuddi shu davrda Rossiyaga eksportini ikki barobardan ko‘proqqa ko‘paytirgan. Yevropa Ittifoqidan Markaziy Osiyoga avtomobillar, elektronika, qishloq xo‘jaligi texnikasi va nasoslar eksporti asosan Qozog‘iston hisobiga oshdi», deyiladi YeTTB hisobotida.

Euromonitor International 2022 yil martidan noyabrigacha Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga tovarlar eksporti 2021 yilning mos davriga nisbatan 47 foizga (36,3 milliard yevrogacha) kamayganini qayd etgan. Shu bilan birga, Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan MDH davlatlariga (Belarus, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga) Yevropa tovarlarini yetkazib berish 48 foizga oshgan (20,3 milliard yevrogacha).

Qayd etilishicha, cheklov o‘rnatilganidan keyin Yevropa Ittifoqidan ba’zi tovarlarni Rossiyaga yetkazib berish 71 foizga kamaygan. Biroq aynan shu tovarlarni Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan olti davlatga eksport qilish 95 foizga oshgan.

AQSh ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda

AQSh Savdo vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan tuzilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyanomalar e’lon qilindi. Departamentlar birinchi navbatda Amerika mahsulotlari yoki cheklovlarga duchor bo‘lgan boshqa tovarlar bilan savdo qiluvchi kompaniyalarni hushyor bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, sanksiyalar buzilishi belgilari mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishni tavsiya qildi. 

Sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinish bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadigan belgilar («qizil bayroqlar») quyidagilar:

  • xaridor mahsulotdan nima maqsadda foydalanmoqchi ekani haqidagi ma’lumotni berishni istamasligi, shu jumladan maxsus hujjatni to‘ldirishdan bosh tortishi;
  • xalqaro bank o‘tkazmalari uchun qalbaki kompaniyalardan foydalanish;
  • sotib olingan tovarlarni o‘rnatish, o‘rgatish yoki texnik xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish;
  • mijozning IP-manzili va u tomonidan ko‘rsatilgan manzil o‘rtasidagi farq;
  • internetda kam tavsiflangan yoki umuman notanish tashkilotlar bilan operatsiyalar;
  • tovarlarni Xitoy (shu jumladan Hongkong va Makao), shuningdek, Rossiyaga yaqin bo‘lgan boshqa mamlakatlar – Armaniston, Turkiya, O‘zbekiston orqali yetkazib berish;
  • xaridorga aloqador bo‘lmagan kompaniyadan to‘lovni qabul qilish va boshqalar.

AQSh hukumati sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun tranzit nuqtasi sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan davlatlardan Xitoy, Armaniston, Turkiya va O‘zbekistonni alohida ajratib ko‘rsatgan.

«Har qanday korxonalar o‘rnatilgan tartibga muvofiq harakat qilishlari kerak, aks holda ular va ularning biznes sheriklari javobgarlikka tortilishi mumkin», deyiladi hujjatda.

O‘zbekiston uchun xatarlar

O‘zbekistonning sanksiyaga uchragan mahsulotlarni Rossiyaga olib o‘tishda tranzit bo‘lishi mumkin bo‘lgan «shubhali» davlatlar qatoriga qo‘shilishi o‘z tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga urinayotgan rasmiy Toshkent imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, istiqbolda AQSh va Yevropa Ittifoqi bozorlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rossiyalik kontragentlar bilan hamkorlik qilishda cheklovlar xavfini chuqur tahlil qilishlari kerak bo‘ladi.

Banklar moliyaviy xizmatlarini taqdim etish orqali butun iqtisodiyotda ko‘prik rolini o‘ynaydi. Shu jihatdan, birinchi navbatda O‘zbekistondagi tijorat banklarining sanksiyalarga uchragan Rossiya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish jarayonida ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Avvalroq, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan «Kapitalbank», «Anorbank» va «Ravnaq-bank» iqtisodiy sanksiyalar va eksportga taqiqlar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli ogohlantirilgandi.

Kun.uz yuqoridagi 3 ta bank aynan qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganiga oydinlik kiritish maqsadida Markaziy bank axborot xizmati bilan bog‘landi, ammo bu borada qo‘shimcha ma’lumotlar ochiqlanmasligi ma’lum qilindi.

Sanksiya xatarlarini minimallashtirishi mumkin bo‘lgan omillardan biri dollar o‘rniga milliy valutalarda o‘zaro hisob-kitoblarga o‘tish bo‘lishi mumkin. Ammo shartli rublda savdo qilish, birinchi navbatda, rublni mustahkamlashga yordam beradi. Bu esa ko‘proq O‘zbekiston ziyoniga xizmat qilishi mumkin. 

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi distribyutorlar bilan ishlash sanksiyalarni aylanib o‘tib, Rossiyaga mahsulot olib kirmoqchi bo‘layotgan kompaniyalarga xavfni kamaytirish imkonini beradi. Bu esa yaqin va o‘rta istiqbolda bu kabi amaliyotlar ko‘payishi ehtimollarini oshiradi.

O‘zbekiston esa Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bera oladigan kam sonli davlatlar qatoriga kiradi, biroq buning natijasida O‘zbekistonning o‘zi og‘riqli ikkinchi darajali sanksiyalar ostida qolishi mumkin. Shu jihatdan, bundan keyingi davrda tegishli davlat tashkilotlari tijorat banklari va tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi kompaniyalarni ikkilamchi sanksiyalar xavfi to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishi va nazoratni kuchaytirishi zarur.

Urush boshlanganidan buyon AQSh Davlat departamenti faqat bir marta, sanksiyalar rejimini buzgani uchun O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan «Promcomplektlogistic» kompaniyasiga nisbatan cheklovlar joriy qilgan.

Rossiya – jahondagi eng ko‘p sanksiyalar ostidagi davlat

2023 yilning 16 fevral holatiga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan 14 ming 81 ta sanksiyalar joriy etilgan. Bu KXDRga nisbatan sanksiyalar sonidan 7 barobar, Eronga qo‘llangan sanksiyalarga nisbatan 3,5 barobar ko‘p.

G‘arb sanksiyalari va narxlarning yuqori chegarasi joriy etilishi ortidan Rossiyaning 2023 yil yanvarida neft va gaz eksportidan daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 40 foizga qisqargan.

Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqining Rossiya neft mahsulotlarini dengizga yetkazib berishni taqiqlashi 5 fevraldan kuchga kirdi. 2022 yil 5 dekabrdan Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga neft yetkazib berishiga embargo amal qilyapti. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va «Katta yettilik» mamlakatlari uchinchi davlatlarga sotiladigan Rossiya neftining bir barreliga 60 dollar, Rossiya neft mahsulotlariga esa xomashyo turiga qarab bir barrel uchun 45 va 100 dollar miqdorida narx chegarasini belgiladi.

Ukrainaga bosqin boshlanganidan keyingi davrda Rossiya uchun neft eksportini deversifikatsiya qilish imkoniyati cheklanib, Hindiston va Xitoyga bog‘liqlik nihoyatda kuchaygan. 2023 yil yanvar oyidagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Rossiya neft eksportining 57 foizi (Xitoy – 31 foiz, Hindiston – 26 foiz) ushbu ikki mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2021 yil aprel oyida bu ko‘rsatkich 10 foizni (Xitoy – 9 foiz, Hindiston – 1 foiz) tashkil etgandi. Ayni paytda Rossiyada bu ikki bozordagi talab o‘zgarishiga qarshi kuchli instrumentlar mavjud emas.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid