O‘zbek jamiyati kayfiyatiga chizgilar – siyosatshunos va faylasuf bahsi
Bugun, 13 mart, dushanba. Og‘ir o‘tgan qishdan keyin va nihoyat, bahorning bayramlarga boy ilk oyi va shu oyning ikkinchi o‘n kunligi o‘tib bormoqda.
Albatta, ko‘pchilikda qishdan keyin kayfiyat ham bahorga moslashib, ochilib, biroz yaxshilanib qolgandir. Harholda tund qishdan ko‘ra bahorni yaxshi ko‘radiganlar ko‘proq bo‘lsa kerak.
Gapni bejiz kayfiyat mavzusidan boshlamadik. Chunki insonda kayfiyatning qanday ekani uning butun faoliyati, atrof-muhitdagi voqealarga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.
Masalan, yaxshi kayfiyat shaxs, guruh, jamoada ishchanlik, hamkorlik, iliq ruhiy muhitni, samimiy muomalaning kafolati bo‘lsa, kishining noxush kayfiyatda yurishi — uning turmushida muammolar yuzaga kelganidan, halovati buzilganidan dalolat beradi.
Ana endi shu kayfiyatni shaxsdan jamiyatga ko‘chirib ko‘rsak, qanday bo‘ladi? Jamiyatga xos umumiy kayfiyat bugun qanday, uni nimalar bezovta qiladi-yu, nima xursand qiladi?
Kun.uz muxbiri shu savollar atrofida taniqli faylasuf Viktor Alimasov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu o‘tkazdi.
— Viktor aka, faylasuf insonsiz, Kamoliddin aka, siz siyosatshunos. Sizlarning jamiyatga, odamlarga, ularning kayfiyatiga qarashingiz, undan xulosalaringiz oddiy odamlarnikiga qaraganda boshqacha. Shu ma’noda bugungi intervyu orqali sizlarning o‘zbek jamiyati va undagi odamlar kayfiyati borasidagi fikrlaringiz qiziq.
Xo‘sh, shu kunlarda aytaylik, so‘nggi 3-5 yilda o‘zbek jamiyati kayfiyatida nimalar e’tiboringizni tortyapti, odamlarda qanday kayfiyat ustuvor?
Viktor Alimasov:
— O‘zim ruhiyat tomondan tushkunman. Yozayotgan narsalarimda ham tushkunlik seziladi. Ammo mening bu ruhim jamiyat kayfiyatini ifoda etolmaydi, o‘zimga taalluqli. Keyingi 3-4 yil ichidagi o‘zgarishlarni kuzatsam, menda optimistik qarash paydo bo‘lganini sezyapman. Yo‘lda kelayotganimda, yoshlar bir-biriga hazil qilyapti, bahoriy kayfiyat buni yanayam bo‘rttirib ko‘rsatyapti. Demakki, yoshlarda kelajakka, hayotga, sevgiga ishonch bor.
Mening nazarimda, jamiyatimizda so‘nggi yillarda iste’molchilik kayfiyati kuchayib qoldi. Iste’molchilar jamiyatiga aylanib boryapmiz. Supermarketlar, do‘konlar to‘la. O‘zim ham bir kun nimadir olmasam, turolmayman. Tadbirkorlar sinfi bizni iste’molchilikka o‘rgatib qo‘yyapti. Kayfiyatimiz ham shunaqa. Bundan qochib qutulolmaymiz. Ammo buning yomon tomoni mavjud: yoshlar iste’molchilikka ko‘proq o‘rganib qoladi, tayyorga ayyor bo‘ladi. Biz bunday avlodni emas, yaratuvchi, faol avlodni shakllantirishimiz kerak.
Kamoliddin Rabbimov:
— Rivojlangan mamlakatlarda sotsiologik tadqiqot markazlari bor. Ular bir nechta qavatda oqib o‘tayotgan ijtimoiy kayfiyatni o‘rganadi. Ijtimoiy sinflarda turlicha kayfiyat bo‘ladi: radikal, mo‘’tadil... O‘zbekiston muammosi shundan iboratki, 36 mln aholisi bor mamlakatda jamiyatning qarashlarini, kayfiyatini muttasil, malaka monitoring qilib, jamiyatning o‘ziga bildiradigan sotsiologik tadqiqot markazlari mavjud emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi ijtimoiy faol bo‘lganlarning kayfiyatini kuzatish mumkin. Lekin ularda ba’zida mo‘’tadil yoki ijobiy, qandaydir voqea sabab salbiylashib ketadi. Bu faqat voqea-hodisalarga munosabatni anglatadi xolos. Lekin umuman olganda, har bitta jamiyatdagi ijtimoiy va asosan iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatning ijtimoiy kayfiyatini tushuntirib berish mumkin. Asosiy ko‘rsatkich — YaIM. O‘zbekistonda jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM ancha past, dunyo standartlariga taqqoslaganda. Aholidan siyosiy tizimdan rozilik darajasi yuqori bo‘ladi, qachonki jon boshiga 5-8 ming dollardan to‘g‘ri kelsa. O‘zbekistonda esa 2,5 ming dollar. Demak, siyosiy vaziyatga jamiyatning berayotgan bahosi qoniqarli emas. O‘zbekistonda ijtimoiy tafakkurdagi qo‘rquv erib boryapti. Bunga O‘zbekistonning ichidagi va global maydondagi voqea-hodisalar fenomeni sabab.
Mamlakatda ma’lum bir o‘zgarishlar bo‘ldi. Internet bilan kurashish tugagan. 2016 yilga qadar davlat tomonidan shakllantirilgan ma’lum bir mafkuraviy tizim mavjud edi. Ya’ni O‘zbekiston tinch-farovon, kambag‘allik yo‘q davlat sifatida ta’riflanardi rasman. Bugun unday emas. Mening nazarimdagi muammo — o‘zimiz yashab turgan jamiyatni bilmasligimiz. Chunki sotsiologik tadqiqot markazlari yoki kuchli sotsiologlar jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyat borasida muttasil bahs-munozaralar o‘tkazmaydi, lekin shunday qilish kerak. 36-37 mln aholining ijtimoiy va siyosiy qarashlarini bilmaymiz. Masalan, ijtimoiy davlat tarafdorlari qancha, diniy qadriyatlar ustun bo‘lishini istaydiganlar qancha, huquqiy-demokratik davlat tarafdorlari qancha — ular o‘rtasidagi konflikt qanday bo‘lyapti? Bunday vaziyatda 5-10 yillik vaziyatni modellashtirish nimaga olib keladi, degan savollarga javob yo‘q. Ma’lum bir intuitiv qarashlarimiz bor, lekin jamiyatni anglamaymiz. Anglash uchun aholi qatlamlari, qatlamlar, hududlar, demografik guruhlar — hammasini o‘rganib modellashtirish kerak, lekin hali bu ish qilinganicha yo‘q.
— Bu narsa ongli qilinyaptimi yoki hukumatning malakasi yetishmaydimi?
Kamoliddin Rabbimov:
— Ongli deb o‘ylamayman. Chunki vaziyatni bilish hukumatga faqatgina yordam beradi. 4 yil davomida ijtimoiy fikr va jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida ishlaganman. U yerda o‘tkazilayotgan sotsiologik so‘rovnomalar hukumatga beriladi. Karimov reytingi borasida hamma to‘liq ishonadi deyilardi, lekin qolgan masalalarda hukumat aldanishni istamasdi. Lekin bu ma’lumotlar jamiyatga berilmasdi. Bugungi kunda ijtimoiy so‘rovnomalar natijasi berilmaydi. Faqatgina ijobiy berilishi mumkin. Agar faqat ijobiylarini berib, salbiylari berilmasa, bu monipulyatsiya qilish bo‘ladi. Bugun O‘zbekiston jamiyati o‘zini anglashi, intellektuallar jamiyatni anglash uchun kerakli ma’lumotlar yetishmayapti. Bu yerda hukumat qiladigan ish ham bor. Eng muhimi sotsiologik tadqiqot markazlari ko‘p bo‘lishi kerak. Masalan, qandaydir masalada so‘rovnoma o‘tkazildi: ayni savollar 5-6 ta markaz tomonidan jamiyatga berilishi kerak. Ular o‘rtasida olingan natija 3 foizdan oshsa, savollar paydo bo‘ladi.
Viktor Alimasov:
— 2010 yildan beri «Ijtimoiy fikr» jurnalini o‘qib boraman. U yerdagi tadqiqot natijalari, so‘rovnomalardan xabarim bor. Islohotlardan rozimisiz, degan savolga javoblarda 100 foiz rozilik. Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis, Oliy sudlardan rozilik darajasi 100 foiz bo‘ladi. Bu 2010-2016 oralig‘idagi natijalar. Hokimiyatning quyi pog‘onalari tushgan sari noroziliklar dinamikasi ko‘tarilib boradi. Demak, xalq asosan quyidagi hokimiyat tizimlaridan norozi, degan fikr kelib chiqadi. Jurnal xodimidan so‘raganimda, bu foizlarni biz belgilamaymiz, deb javob bergan.
— Jamiyatning kayfiyati, ijtimoiy psixologiya haqida gaplashyapmiz va bugun o‘zimiz ko‘rgan, gaplashgan insonlarda qandaydir toqatsizlik bordek, kelajakka ishonch yuqori emasdek.
Balki adashayotgan bo‘lsam, adashyapsiz denglar. Shunday bo‘lsa, fikrimga qo‘shilsangiz, buning sababi nima-yu, oqibatlari qanday?
Ya’ni jamiyatda xursandchilik kayfiyati ustun bo‘lganda va past bo‘lganda, yaqin, uzoq istiqbolda qanday o‘zgarishlarga olib borishi mumkin?
Viktor Alimasov:
— Ijtimoiy kayfiyat sub’yektiv voqelik, u nihoyatda tez o‘zgaradi. Shuning uchun monitoring qilib o‘rganilib borilishi kerak. Afsuski, bizda bittagina sotsiologik tadqiqot markazi bor. Bu degani shu bittaning fikri hammaga majburan singdiriladi, ma’lumot yashirilishiga yo‘l ochiladi. Har xil tuzilmalarda sotsiologik tadqiqot markazlari bo‘lishi kerak va obektiv ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
Bizning ayni kayfiyatimiz qayerga boradi, degan savolga javob berish qiyin. Chunki 36-37 mln aholi kayfiyatini biz belgilab berolmaymiz. O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, tashqaridan kelayotgan urush xavfi mavjud. Shaxsan mening ko‘nglimda shu bezovtalik bor. Bu kayfiyat ko‘pchilikda bor deb o‘ylayman. Intelligensiyaga pessimizm xos. Shuning uchun intelligensiyaga ko‘p ham ishonmaslik kerak. Shuning uchun tinimsiz monitoringli o‘rganish kerak. Agar intelligensiya xavotiri asosli bo‘lsa, kelajak tasdiqlaydi. Biz ayni vaqtdagi vaziyatni aytishimiz mumkin. Kishilar tezroq harakat qilgisi, tezroq pul topgisi, tezroq qayergadir borgisi kelib qoldi. Shuning uchun ruhiy bezovtalik bor. Shu toqatsizlikda yashashga majburmiz. Bozor iqtisodiyoti bizni shunga majbur qilyapti.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
18:10 / 07.12.2023
«Huquqiy davlat qonunlar orqali boshqariladi» – «ko‘cha»ga qarshi reydlar ekspertlar nigohida
19:49 / 18.11.2023
«Urushlar fojiali, ammo uni aql-idrok bilan bartaraf etish mumkin» - Kun.uz suhbatdoshlari Isroil-Falastin urushi haqida
16:13 / 17.11.2023