Holand bir soatda besh gol urdi. YeChLda kun o‘yinlari
«Manchester Siti» hujumchisi tarixiy natijaga erishdi. Milanning ikkinchi jamoasi ham chorakfinalda.
Manchester Siti — Leypsig 7:0
Gollar: Holand (22 penalti, 24, 45+2, 53, 57), Gundo‘g‘an (49), de Bryuyne (90+2).
Manchester Siti – Ederson, Ake, Diash, Akanji, Stounz (Gomes, 64), Gundo‘g‘an (Mahrez, 55), de Bryuyne, Grilish (Foden, 55), Silva, Rodri (Fillips, 63), Holand (Alvares, 63).
Leypsig – Blasvix, Henriks (Klostermann, 80), Orban, Gvardiol, Raum, Kampl, Forsberg (Andre Silva, 63), Laymer, Aydara (Simakan, 63), Soboslai (Olmo, 72), Verner (Poulsen, 63).
Ogohlantirishlar: Henriks (21), Verner (34), de Bryuyne (67), Akanji (77).
Birinchi o‘yin — 1:1.
22 yoshda ko‘pchilik universitetda o‘qiyotgan yoki endi o‘z ishini boshlayotgan bo‘ladi. Bunday yoshda odatda tajriba to‘planadi va keyingi faoliyat uchun ilk qadamlar tashlanadi. Ammo Erling Holand — hamma qatori emas. Seshanba oqshomida u 22 yosh va 236 kunlik edi. Kunigacha aniqlik kiritilishi bejiz emas, chunki u hatto Kilian Mbappeni ortda qoldirdi va Chempionlar ligasida 30 gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Norvegiyalik futbolchi boshqa mezon bo‘yicha ham eng yaxshisi bo‘lib oldi — asosiy yevrokubokda buncha gol urish uchun unga 25 o‘yin yetarli bo‘ldi.
«Manchester Siti» forvardi ekstraordinar mavsum o‘tkazmoqda. Muxlislar Messi va Krishtianu Ronalduning rekordlariga o‘rgangan edi, endi esa Mbappe qayd etgan raqamlar ham hayratlanarli ko‘rinmayapti. Endi muxlislar Holand fenomeniga ko‘nikishmoqda.
Skandinaviyalik futbolchi «Leypsig» bilan uchrashuv natijasini atigi 78 soniya ichida hal qildi — Erlingning birinchi va ikkinchi gollari orasida shuncha vaqt o‘tdi. Germaniyada o‘tgan birinchi o‘yin durang natija bilan yakunlangandi, shunday ekan, «Siti» 24-daqiqaga kelib hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirishi mehmonlar uchun amalda hukm o‘qilishi edi.
Hisob gazonda bo‘layotgan voqealarni to‘la aks ettirardi. Dastlabki yarim soatda maydon egalari darvozaga yo‘llangan zarbalar soni bo‘yicha 8:0 hisobida ustunlikka ega edi, shundan yettitasi jarima maydoni ichidan berildi (De Bryuyne tomonidan jarima maydonidan tashqaridan yo‘llangan yagona zarbadan keyin qaytgan to‘pni Holand darvozaga joylab qo‘ydi). Inglizlar to‘pga egalik qilish bo‘yicha ham total ustunlikka ega bo‘ldi, ammo «Leypsig» shu kuni ko‘p jihatdan «Siti»ga qulay o‘yin ko‘rsatdi — o‘z darvozasi atrofida hech qanday avtobus qo‘ymadi, quyi mudofaa liniyasi o‘rnatmadi va kichik follar taktikasi qo‘llamadi. «MS» futbolchilari Marko Roze jamoasining yuqori pressingidan xotirjam o‘tishdi va raqib futbolchilari ortida keng bo‘shliqqa ega bo‘lishdi va bu yuqori sur’atda amalga oshirildi. Bunday holatda nemislar klubida imkon yo‘q edi.
Uchrashuvga faqat hakamlik borasidagi bahslar biroz soya soldi. Holandning birinchi goli to‘p Henriksning qo‘liga tekkani uchun qo‘yilgan penaltidan urildi, ammo barcha ham bu vaziyatni fol deb hisoblamagandi. Ko‘p o‘tmay «Siti» forvardi dublni rasmiylashtirdi, keyin esa Ederson jarima maydoni tashqarisiga chopib chiqib, Laymerni yiqitdi, buning uchun unga qizil kartochka ko‘rsatilishi kerak edi. Ammo arbitr Slavko Vinchich bahslashgani uchun Vernerga sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi.
Bularning barchasi birgalikda «Leypsig»ning ruhini tushirdi. Mehmonlar o‘zi xavfli vaziyatlar yarata olishmadi. Ulardagi yagona xavfli vaziyat Rodri jarima maydoni ichida to‘pni Laymerga topshirib qo‘yganida bo‘ldi. Birinchi bo‘limning keyingi qismidagi faollikdan keyin nemis jamoasi muxlislarida uyg‘ongan umidni tanaffus arafasida shafqatsiz Holand o‘ldirdi — forvard birinchi bo‘limning o‘zida het-trikni nishonladi.
Bunday holatda aksar murabbiylar taktikani o‘zgartiradi va boshqa gol o‘tkazib yubormaslik uchun chuqur mudofaaga o‘tadi va qarshi hujumlardan imkon izlaydi. Ayrimlar esa, yo‘qotadigan hech narsa qolmagani tufayli oldinga tashlanishda davom etishi mumkin.
Roze ikkinchi toifaga kirishini ko‘rsatdi: «Leypsig» «shaharliklar»ga bo‘sh zonalar qoldirishda davom etdi va 49-daqiqadayoq to‘rtinchi golni qabul qilib oldi — bu safar Gundo‘g‘an uzoq masofadan zarba yo‘llab darvozani ishg‘ol etdi. Ammo Holand dastlabki 45 daqiqalikda o‘z limitidan foydalanib bo‘lmaganini ko‘rsatdi — keyingi daqiqalarda yana ikkita gol urdi. Chempionlar ligasining asosiy bosqichida penta-trik — bunday darajani faqat Messi (2012 yilda «Barsa» safida «Bayyer»ga qarshi o‘yinda) va Luiz Adrianu (2014 yilda «Shaxtyor» safida BATE bilan o‘yinda) qayd etgan.
Holand geksa-trikni rasmiylashtirishga ham tayyor edi, ammo Pep Gvardiola unga dam berishga qaror qildi va 63-daqiqadayoq Alvaresga almashtirdi. «Siti» oltinchi golni urgach, o‘yin tempini butkul pasaytirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa de Bryuyne ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va hisob yanada yirik ko‘rinish oldi.
Safar o‘yinidagi durangdan g‘azablangan inglizlar barcha raqiblarga dahshat solgan holda chorakfinalga yo‘l oldi, Holand esa yana bir bor o‘zining kiborg ekanini namoyish etdi.
Milan jamoasi o‘yin oxiridagi shiddatga dosh berdi va «ajdarlar»ning Yevropadagi kampaniyasiga nuqta qo‘ydi.
Portu — Inter 0:0
Portu – Diogu Koshta, Markano, Fabiu Kardozu, Sanusi (Vendell, 85), Uribe (Louder, 85), Gruyich, Eushtakiu (Andre Franku, 71), Pepe, Torimiy, Galeno, Evanilson (Toni Martines, 71).
Inter – Onana, Dumfris, Darmian (Shkrinyar, 80), Acherbi, Bastoni (de Vrey, 74), Dimarko (D`Ambrozio, 70), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella (Brozovich, 80), Jyeko (Lukaku, 70), Martines.
Ogohlantirishlar: Darmian (33), Jyeko (69), Pepe (79), Acherbi (90).
Chetlatish: Pepe (90+7).
Birinchi o‘yin — 0:1.
«Dragau»dagi o‘yin natijasi har qanaqasiga «ertak» davom etishini anglatardi: yoki milancha, yoki — portugalcha. «Inter» va «Milan» birgalikda Chempionlar ligasi chorakfinaliga 2005/06 yillar mavsumida chiqishgandi. Hozirda «rossoneri» texnik direktori Paolo Maldini va «neradzurri» vitse-prezidenti Xaver Dzanetti o‘sha vaqtda hali maydonda o‘ynashardi, jamoalar bosh murabbiyligida esa Karlo Anchelotti va Roberto Manchini o‘tirardi.
Portugaliyada esa hech qachon bosh yevrokubokning kuchli sakkizligida ikkita jamoa bo‘lmagan. «Inter»da Simone Indzagi tayinlanguniga qadar jamoa to‘qqiz yil mobaynida pley-offda o‘ynamagan bo‘lsa, «Portu» bu muddat ichida uch bor chorakfinalga chiqqan. To‘rtinchi bor bu natijaga erishish yo‘lida esa kadrlar muammosiga duch kelindi. Aslida hujumkor amplua vakili bo‘lgan Pepe Akino bu mavsumda o‘ng qanot himoyachisi rolini bajarishiga to‘g‘ri kelmoqda, hal qiluvchi o‘yinda esa maydon markazida diskvalifitsiya qilingan Otaviu yetishmadi.
JCh-2022 ishtirokchisi — «ajdarlar» safidagi eng ijodkor figura hisoblanadi va mezbonlarning birinchi bo‘limdagi passivligi aynan uning yo‘qligi bilan izohlanishi mumkin. Shuningdek, portugallar «Inter»ning qarshi hujumga o‘tishini inobatga olib ehtiyotkor harakatlandi. Masalan, Mxitaryan va Barella uyushtirgan hamda Jyekoning zarbasi bilan yakunlangan hujum kabi. Bu hujum «Portu» safida shu kuni 100-o‘yinini o‘tkazgan Diogu Koshtani qattiq asabiylashtirdi deyish qiyin, ammo bu epizod portugallar uchun ancha xavotirli edi.
Mezbonlarning o‘yin boshida oldinga o‘tishi Uribening zarbasi darvozaning uzoq «to‘qqizligi»dan bir necha santimetr naridan o‘tib ketishi bilan yakunlandi. Qolgan hujumlarni esa «Inter» mudofaasi ishonch bilan qaytardi. «Ajdarlar» faqat bo‘lim oxiriga kelib raqibni qamal qildi va hatto jarima maydoni ichida kombinatsiyalar uyushtirildi. Raqib himoyachilari orasida uzatmalar juda chiroyli chiqdi, eng yorqin epizod esa qulay pozitsiyaga chiqib borgan Evanilsonga kesib o‘tuvchi pas bo‘ldi, lekin bu xavfni zarba yo‘liga tashlangan Dimarko bartaraf etishga ulgurdi.
Faqat bu shunchaki epizod edi — tizimli hujumlar yo‘q edi. Manchesterda Holand gollarni qalashtirayotgan mahalda, Portuda o‘yin arqon tortish o‘yinini eslatardi. Mezbonlar gol ura olmadi, mehmonlarga gol unchalik kerak ham emasdi. O‘z uyida gol o‘tkazmasdan minimal hisobda g‘alaba qozongan «Inter»ni o‘yinning borishi to‘la qanoatlantirardi.
To‘g‘ri, umumiy ustunlik qaltis edi va barchasini tasodifiy zarba o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Masalan, Gruich jarima maydoni ichida to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, zarba yo‘llaganida Onana ilk bor jamoasini chinakamiga qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Shunday ekan, Indzagi Lukakuni maydonga tushirish orqali, hujum chizig‘ini yangilashga qaror qilishi mantiqiy edi. Belgiyalik hujumchi 2011 yilda «Chelsi»ga transfer bo‘lganidan buyon eng nursiz mavsumini o‘tkazmoqda, lekin Milandagi o‘yinda yagona golga aynan u muallif bo‘lgandi.
«Portu» o‘yinning oxirgi qismini dahshatli o‘tkazdi. Bu e’tiborni «Dragau»dagi o‘yinga qaratishni talab etadigan daqiqalar bo‘ldi.
Best save❓#UCLsaves || @TurkishAirlines pic.twitter.com/2TlNN6QmjM
— UEFA Champions League (@ChampionsLeague) March 14, 2023
Markanoning hujumidan keyin Dyumfris to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib qoldi. Toremiyning yaqin masofadan bosh bilan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p Onananing barmoqlariga tekkan holda darvoza ustuniga bordi. Va nihoyat Gruichning yana bir zarbasi darvoza to‘siniga tegdi. Bu daqiqalarni «Inter» muxlislari yurak hovuchlab o‘tkazdi. Ammo milanliklar bardosh berdi va keyingi bosqichga o‘tib, qur’ani kutadigan bo‘lishdi. «Portu» esa faqat o‘zini ayblashi — va keyingi yevromavsumni kutishi kerak.
Mavzuga oid
12:04 / 08.12.2024
«Siti» va «Barsa» yana ochko yo‘qotdi, Mbappe gol urishni boshladi
11:56 / 02.12.2024
Italiyada futbolchi hushidan ketdi, «Siti» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
11:38 / 27.11.2024
«Siti» 3 ta gol ustunligini boy berdi, «Arsenal» istagancha gol urdi. Kun o‘yinlari
11:50 / 24.11.2024