Jahon | 21:19 / 19.03.2023
44608
11 daqiqa o‘qiladi

«Uzun pichoqlar kechasi». Hitlerning mutlaq hokimiyat yo‘lidagi birinchi qonli «tozalash» operatsiyasi

1934 yilning 30 iyun va 1 iyul kunlari Germaniyada Hitler boshchilik qiluvchi Milliy-sotsialistik nemis ishchilar partiyasi (MSNIP) ichida «tozalash» o‘tkaziladi. Partiyaning harbiylashgan qanotlaridan biri bo‘lgan SA (Sturmabteilung) - hujum otryadlari rahbarlari Hitlerga qarshi fitna tayyorlash gumoni bilan qirg‘in qilinadi. Hitler SA rahbari, o‘zining eski qadrdoni, uning hokimiyatga kelishida katta yordam bergan Ernst Ryomga ham shafqat qilmaydi.

Hitler va Ernst Ryom

Reyxsver va SA ziddiyati

SA (hujum otryadlari) tuzilmasi 1921 yilda Milliy-sotsialistik nemis ishchilar partiyasining harbiy qanoti sifatida tuzilgan edi. Ular 1923 yil Hitler o‘tkazgan «Pivo isyoni»da asosiy kuch bo‘lgan va buning ortidan biroz vaqt taqiqqa ham uchragan.

SA Hitler 1933 yil reyxskansler etib tayinlanishida ham muhim o‘rin tutgan. O‘sha paytdagi Germaniya prezidenti Paul von Hindenburg reyxsver (mamlakat armiyasi) va SA o‘rtasida fuqarolar urushi kelib chiqmasligi uchun ham Hitler reyxskansler lavozimini egallashiga rozi bo‘ladi. Chunki bu vaqtga kelib SA tarkibida deyarli 3 millionga yaqin a’zo bor edi. Reyxsverda esa Versal tinchlik shartnomasi talablari tufayli 100 mingdan ortiq askar bo‘lmasligi kerak edi. Shu tufayli Hindenburg Hitlerga yon bergandi.

Hitler reyxskansler lavozimni egallagan bo‘lsa-da, hali mamlakatda mutlaq hukmdor emasdi. U o‘z partiyasi ichida ham mutlaq diktaturaga ega bo‘lmagan. SA rahbari Ernst Ryom ancha konservativ ruhdagi harbiy bo‘lib, Hitlerga bu yoqmagan. O‘z navbatida Ryom ham Hitlerga bosim o‘tkazishga harakat qilgan.

CA otryadi

Reyxskansler bo‘lgach Hitler SA va reyxsverni birlashtirishga qaror qiladi. U hali hokimiyatda mustahkam o‘rnashmagani uchun mudofaa vaziri Verner fon Blomberg bilan yaqinlashishga harakat qiladi va birlashgan armiya bosh shtabi rahbarligini unga berishni va’da qiladi.

Ryomning esa bu borada alohida rejalari bor edi. U SA va reyxsverni birlashtirib, yagona Milliy-sotsial xalq armiyasi tashkil qilmoqchi va unga o‘zi rahbarlik qilmoqchi edi. Tabiiyki, reyxsver generallariga bu yoqmasdi.

Hitler reyxsver generallari va SA zobitlarini yarashtirishga harakat qiladi. Ammo natija chiqmaydi.

Bu paytda ancha konservativ bo‘lgan SA otryadlarida Hitlerdan norozilik kayfiyati kuchayib boradi. Ryom bundan foydalanib, Hitlerga bosim o‘tkazishga intiladi.

Chapdan o‘ngga: Henrih Himmler Hitler Ernst Ryom

Ryom Hitlerdan hokimiyatni tortib olmoqchi emasdi, u shunchaki fyurerga bosim o‘tkazish orqali uni konservativ islohotlar amalga oshirishga majbur qilmoqchi edi.

Biroq Hitlerning atrofidagi odamlar, jumladan reyxsver rahbariyati, Herman Gering, SS boshlig‘i Henrix Himmler va boshqalar fyurerni SA o‘zboshimchaligiga barham berishga undaydi. Ular Hitlerni SA davlat to‘ntarishi uyushtirishga tayyorlanayotganiga ishontiradi.

Bu davrda haqiqatan ham sotsialistlar orasida Hitler inqilobni to‘liq amalga oshira olmagani va sotsialistik g‘oyalarga xiyonat qilgani aytilayotgan edi. Gitler eski qadrdonidan shubhalana boshlaydi.

SA aslida ham keraksiz tuzilmaga aylangandi. Reyxsver endi Hitler qo‘liga o‘tgan, partiyaning esa boshqa harbiy qanoti — SS (himoya otryadlari) bor edi.

Shu tariqa, 1934 yil apreldan SA oliy rahbariyatiga qarshi fitnaga hozirlik ko‘rila boshlanadi.

«Uzun pichoqlar kechasi»

Mamlakatdagi eng yirik harbiylashgan tuzilma bilan kurashish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘riladi. SA bilan dushmanlik munosabatida bo‘lgan reyxsver ofitserlari SS bo‘linmalarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi. SS Bavariya, Berlin, Sileziya va Saksoniyada asosiy to‘qnashuvlar bo‘lishini taxmin qiladi va ushbu hududlardagi askarlar sonini ko‘paytiradi.

4 iyun kuni Hitler va Ryom o‘rtasida bir necha soatlik muloqot bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng SA rahbari 1 iyuldan boshlab barcha SA otryadlari bir oylik ta’tilga chiqishini e’lon qiladi. Ryomning o‘zi ham sog‘ligini tiklash uchun Bavariyadagi Bad-Vizse qishlog‘iga yo‘l oladi. Reyxsver rahbariyati buni Ryomning mag‘lubiyati sifatida qabul qiladi.

Ernst Ryom va SA zobitlari

Hitler ushbu kelishuvdan so‘ng ancha tinchlangandek bo‘ladi, lekin Germaniya konservativ burjuaziyasi sobiq imperator Vilgelm II’ning o‘g‘li, SA zobiti shahzoda Avgust Vilgelmni reyxprezidentlikka tayinlashga harakat qilayotgani va SA bilan hamkorlik qilmoqchi ekani uni oxirgi qarorni qabul qilishga majbur qiladi. Hindenburg vafotidan so‘ng prezidentlik lavozimini egallab mutlaq diktatorga aylanmoqchi bo‘lgan Hitler raqiblaridan birdaniga qutulishga qaror qiladi.

28 iyun kuni Himmler Hitlerga SA tez orada butun mamlakat bo‘ylab isyon ko‘tarishi haqida yolg‘on xabar beradi.

Hitler fon Blombergga SA’ning barcha rahbarlarini Bad-Viszeda yig‘ishini aytadi. Keyin Ryomga qo‘ng‘iroq qilib SA a’zolari Reyn yerida xorijlik diplomatlarga qo‘pol muomala qilganini aytib, barcha SA zobitlarini Bad-Viszega to‘plashni buyuradi.

Uchrashuv 30 iyun kuniga belgilanadi. Unda SA tuzilmasining barcha obergruppenfyurer, gruppenfyurer va inspektorlari qatnashishi kerak edi.

29 iyun kuni reyxsver va barcha SS otryadlarida «jangovar trevoga» e’lon qilinadi.

Hitler 30 iyun kuni tungi soat ikkida Myunxen aeroportiga kelib qo‘nadi. U fyurerni kutib olish uchun chiqqan MSNIP va SA a’zolari oldidan o‘tib, reyxsverning ikki zobiti hamrohligida yo‘lga chiqadi.

O‘shanda u shunday deydi: «Bu mening hayotimdagi eng qora kun. Ammo men Bad-Viszega borib eng qattiq hukmni chiqaraman, general Adamni chaqiring».

Tonggi soat 6:30 da Hitler Bad-Visze pansionatiga yetib keladi va Ryomni shaxsan o‘zi hibsga oladi. Pansionatdagi barcha SA zobitlari qo‘lga olinadi va qamoqxonaga yuboriladi.

Hitler pansionatdan chiqayotgan payt operatsiyaning eng kulminatsion nuqtasi sodir bo‘ladi. Pansionatga Myunxendan ichida Ryomning shaxsiy qo‘riqchilari bo‘lgan bir nechta yuk mashinalari keladi. Qo‘riqlov guruhi — «shtabsvaxe» Ryomning sodiq askarlari bo‘lib, ular o‘z yetakchilarini har qanday holatda ham himoya qilishga tayyor edi. Biroq ular mashinadan tushib, pansionat oldida turgan fyurerni ko‘rib hayron qolishadi.

Hitler ularga ortga qaytib, keyingi buyruqni kutishni buyuradi, lekin askarlar ozgina nariroqqa borib to‘xtaydi. Chunki ularga erta tongda shaxsan fyurer SS zobitlari qurshovida Bad-Viszega kelishi juda g‘alati ko‘rinadi. Hitler Myunxenga aylanma yo‘l orqali borishga majbur bo‘ladi.

Soat 9:00 da Myunxendan kelgan qo‘ng‘iroqdan so‘ng «Uzun pichoqlar» operatsiyasi boshlanadi. Himmler Berlindagi SS zobitlariga qurbonlar nomlari yozilgan ro‘yxatlarni tarqatadi. Berlin va butun mamlakat bo‘ylab SA rahbariyatini ovlash boshlab yuboriladi.

1 iyul kuni Ryom qamoqda o‘zini o‘ldirishdan bosh tortgach, otib tashlanadi. Shu kuni kun bo‘yi va kechasi bilan qirg‘in davom etadi. SA’ning deyarli barcha katta zobitlari yo‘q qilinadi.

Hitler SA’ga qarshi operatsiyadan siyosiy dushmanlarini yo‘q qilish uchun ham foydalanadi. Jumladan, Hitlerdan oldingi reyxskansler, Veymar respublikasining so‘nggi hukumati rahbari Kurt fon Shlayxer xotini bilan birga o‘z uyida otib tashlanadi.

Shuningdek, Hitlerning partiyadagi asosiy raqibi, partiya asoschilaridan biri bo‘lgan Gregor Shtrasser ham SA’ga aloqadorlikda ayblanib o‘ldiriladi.

Hitler va Gregor Shtrasser

Nega «Uzun pichoqlar»?

Operatsiyaning bunday nomlanishi qadimgi Britaniya tarixi bilan bog‘liq. Britaniya orolida yashovchi britt qabilalari pikt va skott qabilalariga qarshi kurashish uchun germanlarning yut va sakslar qabilalarini yordamga chaqiradi. Biroq sakslar ularning o‘zlariga xiyonat qilganidan xabar topgach, brittlar katta ziyofat uyushtiradi va unga barcha saks yetakchilarini taklif qiladi. Saks qabilalari boshliqlari bazmga kelgach, brittlar dasturxonga qo‘yilgan uzun pichoqlar bilan ularning barchasini o‘ldiradi. Shundan so‘ng «uzun pichoqlar» iborasi xoinlarni qirg‘in qilish ma’nosida ishlatila boshlanadi.

Nemis harbiylari ham SA Hitler va partiyaga xiyonat qilgan degan da’vo bilan operatsiyaga shunday nom beradi. «Uzun pichoqlar tuni» tugagach Gering ushbu operatsiyada qatnashgan SS zobitlariga mukofot sifatida uzun pichoqlarni topshiradi.

Uzun pichoqlar kechasiga atab chizilgan karikatura. Undagi qadimgi britt jangchisi uzun pichoqlar an’anasi brittlarga borib taqalashiga bog‘liq

Qurbonlar va operatsiyaning ahamiyati

«Uzun pichoqlar tuni» yoxud «kolibri» operatsiyasi davomida ikki yuzdan ziyod SA ofitserlari, yana yuzlab siyosiy muxolifat vakillari yo‘q qilinadi. Parijda chop qilingan jurnallarda bu son 400 dan ortiqroqligi aytiladi.

1946 yil, fashistlar qulaganidan so‘ng ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra esa «Uzun pichoqlar tuni»da mingdan ortiq nemis o‘ldirilgan, xususan partiyaning SA’ga umuman aloqasi bo‘lmagan ko‘plab a’zolari ham.

SA otryadlari shaxsiy tarkibining katta qismi reyxvser tarkibiga o‘tkaziladi. Qolgan qismi esa militsiya va qo‘riqlash ishlari bilan shug‘ullana boshlaydi. SA amalda yo‘q qilinishi bilan SS va uning rahbari Henrix Himmlerning obro‘si ancha oshadi. SA o‘rniga SS partiyaning asosiy qurolli tayanchiga aylanadi.

Germaniya ichki ishlar vazirligi ushbu qirg‘inni davlat manfaatlari yo‘lida qilingan qonuniy harakat deb ataydi va Reyxstag ham buni ma’qullaydi.

«Uzun pichoqlar kechasi» Hitlerning o‘z tarafdorlari orasida o‘tkazgan ilk qonli «tozalashi» edi. Operatsiyadan so‘ng u partiyada mutlaq hukmronlikka erishadi. Tez orada keksa prezident Hindenburg vafot etgach esa prezidentlik kursisini ham egallaydi va mutlaq diktatorga aylanadi.

Mavzuga oid