Jahon | 11:29 / 04.03.2023
26292
15 daqiqa o‘qiladi

KGB va MRB o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Stepan Banderani o‘ldirgan KGB josusi nega G‘arbga qochib ketgandi?

1957 yilda GFRda Ukraina milliy ozodlik harakati rahbari Lev Rebet vafot etadi. Unga yurak xuruji tashxisi qo‘yiladi. 1959 yilda Rebetning safdoshi Stepan Bandera vafot etadi. Avvaliga Bandera ham yurak xurujidan o‘lgani aytiladi. Biroq uning tanasidan zahar izlari topilgach Bandera suiqasd qurboni bo‘lgani oydinlashadi. Keyinchalik Rebet ham o‘z ajali bilan o‘lmagani, Bandera va uni KGB josusi Bogdan Stashinskiy o‘ldirgani oshkor bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

KGB josusi Bogdan Stashinsiy nomi uchta ish bilan mashhur bo‘lgan. U 1957 yilda Myunxen shahrida yashab kelayotgan Ukraina milliy ozodlik harakati rahbari Lev Rebetni o‘ldiradi.

1959 yilda Myunxenda Rebetning safdoshi Stepan Banderani zaharli o‘q bilan otib o‘ldiradi.

1961 yilda Stashinskiy kutilmaganda G‘arbiy Berlin orqali GFRga qochib o‘tadi. KGBga sadoqat bilan xizmat qilgan muhim rutbadagi josusning G‘arbga qochib o‘tishiga nima sabab bo‘lgandi?

1950-yillarning ikkinchi yarmi, 1960-yillar boshi KGB va davlat razvedka boshqarmasi (GRU) uchun og‘ir yillar bo‘ldi. Juda ko‘p xodimlar AQSh va Yevropa davlatlari xavfsizlik xizmatlari bilan aloqa bog‘lab G‘arbga qochib o‘tdi. Ular orasida KGB mashhur josusi Bogdan Stashinskiy ham bor edi.

O‘z sadoqati bilan nom qozongan va Ukraina milliy ozodlik harakatining ikki nafar rahnamosini o‘ldirgan Bogdan Stashinskiyning G‘arbga qochib o‘tishi kutilmagan hol edi.

Bogdan Stashinskiy

Stashinskiy G‘arbga qochib o‘tganidan so‘ng KGB uning ortidan ov boshlab yuboradi. Biroq KGB josuslari Bogdanni o‘ldirishga muvaffaq bo‘la olmaydi.

Bogdan Stashinskiyning tarjimayi holi yana bir haqiqatni yuzaga chiqaradi. U haqdagi ma’lumotlarda Bogdan 1931 yilda Polsha Respublikasining Lvov voyevodstvosida tug‘ilgani yozilgan.

Lvov shahri va uning atrofidagi yerlarda azaldan ukrainlar yashab kelgan bo‘lsa ham u joylar 1939 yil oktyabr oyigacha Polsha tarkibida edi.

Fashistlar Germaniyasi va SSSR o‘rtasida tuzilgan shartnomaga (Molotov-Ribbentrop pakti) ko‘ra sovetlar Polshaning sharqiy qismini 1939 yil sentabr-oktyabr oylarida bosib olishadi. Shu tariqa maktab yoshida bo‘lgan Stashinksiy ham sovet fuqarosiga aylanadi. Biroq bu uzoq davom etmaydi.

Sovet hukumati G‘arbiy Ukrainada o‘z hokimiyatini shakllantirishga ulgurmasdan 1941 yil 22 iyunda fashistlar SSSRga bostirib kiradi. Lvov tez fursatda nemislar qo‘l ostiga o‘tadi.

1944 yilda sovet armiyasi G‘arbiy Ukrainani fashistlardan ozod qiladi. Bu paytda Bogdan maktabning yuqori sinfida o‘qirdi. 1945 yilda u maktabni bitirib institutga kiradi.

Bogdan Stashinskiy yoshlik yillarida

O‘sha paytda ko‘plab yoshlar qatori Stashinskiy ham Ukrainani ozod qilish milliy harakatiga xayrixoh bo‘lgan va uning maxfiy yig‘inlarida qatnashib turgan.

G‘arbiy Ukrainada sovet hokimiyatini mustahkamlash ishlari olib borilar ekan, NKVD xodimlariga istalgan shaxsni bo‘limga olib borib tergov qilishga va uning siyosiy qarashlarini tekshirib ko‘rishga vakolat berilgandi.

1950 yilda Stashinskiy ham NKVD xodimlari qo‘liga tushib qoladi va birinchi so‘roqdayoq ukrainlarning maxfiy tashkilotiga xayrixoh bo‘lganini tan oladi.

Shundan so‘ng NKVD xodimlari uni jazolamaslik evaziga ma’lumot yetkazib turishini taklif etishadi. Bogdan rozi bo‘ladi. Shu tariqa Ukraina milliy ozodlik harakati a’zosi NKVD bilan faol hamkorlik qila boshlaydi.

KGBdagi faoliyatning boshlanishi

1953 Stalin vafotidan so‘ng NKVD rahbari Lavrentiy Beriya qo‘lga olinib o‘limga hukm qilinadi. Shundan so‘ng KGB NKVD tarkibidan chiqarilib, alohida tuzilmaga aylantiriladi.

Shu orada ishonchni oshig‘i bilan oqlagan va o‘z hammaslaklarini NKVDga ushlab bergan Stashinskiy shartli «Oleg» nomi bilan KGB tuzilmasiga ishga olinadi. 1954 yilda Bogdanni Berlinga jo‘natishadi. KGB GFRdan boshpana topgan Ukraina milliy ozodlik harakati rahnamolarini yo‘q qilishni rejalashtirgandi.

1956 yilda Stashinskiy KGB 6-bo‘limning GDR bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Aleksey Deymondan Ukraina milliy ozodlik harakati rahnamolaridan biri Lev Rebetni o‘ldirish topshirig‘ini oladi.

Lev Rebet

O‘sha paytda Lev Rebet Myunxenda yashar va GFRda ukrain tilida chop etiladigan jurnal bosh muharriri edi. Stashinskiy avvaliga uni o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘ladi. Biroq begona davlatda bu oson emasdi. Shundan so‘ng Stashinskiyga Lev Rebetni o‘ldirish kifoyaligi aytiladi.

1957 yilda Stashinskiy Zigfirid Dreger nomiga olingan pasport bilan bir necha marta Myunxenga boradi va Lev Rebetni kuzatadi. O‘sha yili kuzda Stashinskiy Lev Rebetni ertalab u redaksiya binosiga kirishida zaharli o‘q uzadigan maxsus to‘pponcha bilan otib ketadi.

Oradan biroz o‘tib u Levning o‘lganiga ishonch hosil qilish uchun hodisa joyiga qaytib keladi. Stashinskiy tez yordam xodimlari joni uzilgan Levni olib chiqishayotganini ko‘radi va Berlinga qaytadi.

Stashinskiy ishlatgan zahar insonga 2-3 daqiqada ta’sir qilardi. O‘shanda Lev Rebetni KGB xodimi o‘ldirgani hech kimning xayoliga kelmaydi va u yurak xuruji tufayli vafot etgan deb qayd etiladi. KGB esa operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgani uchun Stashinskiyni taqdirlaydi.

Stepan Banderaning o‘ldirilishi

1958 yil 25 may kuni Stashinskiy Ukraina milliy ozodlik harakati rahnamolaridan yana biri Stepan Banderani o‘ldirish haqida topshiriq oladi. Stepan Bandera xavfsizlik nuqtayi nazaridan Myunxenda boshqa ism-sharif bilan yashar, biroq KGB buni bilardi.

1959 yil 15 oktyabr kuni Stashinskiy Banderani uyiga ketayotganida kuzatib boradi. Yo‘lakda Lev Rebet o‘ldirilgan quroldan unga ham o‘q uzadi. So‘ng u yerdan chiqib ketadi.

Oradan bir muddat o‘tib qo‘shni ayol Banderaning og‘zi va burnidan qon oqqan holda yo‘lakda yotganini ko‘rib qoladi. Ayol darhol yuqori qavatdagi uyida bo‘lgan Banderaning xotiniga, so‘ng politsiya hamda tez yordamga xabar beradi. Tez yordam Banderani shifoxonaga olib ketayotganida u vafot etadi.

Ikkinchi muhim topshiriqni ham muvaffaqiyatli bajargan Stashinskiy Frankfurt orqali Berlinga uchib ketadi.

Stepan Bandera tobutda

Shifokorlar avvaliga Banderani insultdan vafot etgan deb o‘ylashadi. Politsiyachilar u o‘z joniga qasd qilgan degan taxminga ham boradi. Biroq  shifoxonada Banderaning tanasida sianid kaliy topiladi.

Shundan so‘ng Berlin politsiyasi Banderaga suiqasd uyushtirilgani bo‘yicha ish ochadi. Banderaning GFRda yashayotgan hammaslaklari uning o‘limida KGBning qo‘li borligi haqida aytib chiqadi. Biroq sovetlar buni rad etadi.

1959 yil 3 noyabr kuni Bogdan Stashinskiy KPSS markaziy qo‘mitasi prezidiumining maxfiy farmoni bilan «Qizil bayroq» ordeni bilan taqdirlanadi.

G‘arbga qochish

1959 yil noyabr oyida «Qizil bayroq» ordenini topshirish uchun Bogdan Stashinskiy Moskvaga chaqiriladi. U dekabr oyi boshida Aleksandr Krilov ism-sharifi bilan Moskvaga keladi. Uni KGB rahbari Aleksandr Shelepin va xorijiy razvedka xizmati boshlig‘i Aleksey Kroxin qabul qiladi.

Sobiq KGB rahbari Aleksandr Shelepin

Stashinskiy rahbariyat bilan uchrashuv chog‘ida Inga ismli nemis qiz bilan nikohdan o‘tishiga ruxsat so‘raydi. Gap shundaki, Berlinda yashab yurgan Stashinskiy 1957 yilda Inga ismli nemis qizi bilan tanishib, u bilan uchrashib yuradi. Biroq qizga o‘zining KGB josusi ekanini aytmaydi.

KGB josusining xorijlik ayolga uylanishi qabul qilib bo‘lmas hol edi. Ammo rahbariyat Stashinskiyga nemis qizga uylanishga ruxsat beradi. Biroq unga xotini bilan Moskvaga kelib yashash sharti qo‘yiladi.

O‘z rahnamolaridan uylanishga ruxsat olgan Stashinskiy Berlinga qaytgach Ingaga GDRni tiklash ishlarida qatnashayotgan oddiy sovet fuqarosi emas, KGB josusi ekanini aytadi. Qiz undan haqiqatni eshitib dahshatga tushadi.

Inga Moskvada har ikkisini jazolashlari mumkinligini aytadi va Stashinskiyga G‘arbga qochishni taklif qiladi. Vaziyatni chamalab ko‘rgan Bogdan qizning gaplarida jon borligini anglaydi.

Biroq Stashinskiy qizga dabdurustdan G‘arbga qocha olmasligini, bu uchun o‘ziga biroz vaqt kerakligini aytadi. Qiz rozi bo‘ladi. 1960 yil boshida Inga va Bogdan boshqa ism-sharif bilan Moskvaga kelishadi.

Moskvada Stashinskiyga sartarosh niqobi ostida Buyuk Britaniya yoki Shveytsariyaga ko‘chib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurishadi. Er-xotinga Moskvada kvartira berishadi va ular bir necha oy shu yerda qolib ketishadi.

1960 yil kuzda Inga homilador bo‘ladi. Rahbariyat xorijga ketishda muammo bo‘lmasligi uchun Stashinskiyga bolani abort qilish yoki tug‘ilgandan so‘ng bolalar uyiga joylash lozimligi haqida topshiriq beradi. Biroq Inga bunga ko‘nmaydi va bolani tug‘ishga qaror qiladi.

Stashinskiy xotini Inga bilan

1960 yil dekabr oxirida Stashinskiy va xotini Berlinga Inganing ota-onasini ko‘rib kelgani bormoqchi bo‘lishadi. Rahbariyat faqat Ingaga ruxsat beradi va u jo‘nab ketadi. Stashinskiy Moskvada qoladi. Inga ortga qaytmaydi va GDRda qoladi.

1961 yil martda Berlinda Inga muddatidan avval tug‘adi. Chaqaloq o‘g‘il edi. Stashinskiy rahbariyatdan xotinining oldiga borib kelishga ruxsat so‘raydi va rad javobini oladi.

1961 yil avgustda Stashinskiyning o‘g‘li vafot etadi. O‘sha paytda Inga erining KGB josusi ekani haqida GDR maxfiy xizmatiga ma’lumot berishi mumkinligi inobatga olinib, Stashinskiyga boshqa bir josus hamrohligida Berlinga borishga ruxsat berishadi.

Berlinga yetib borgan Stashinskiy shifoxonaga borib o‘g‘lining jasadini ko‘radi. So‘ng Inga bilan qochishga qaror qilishadi. Stashinskiy o‘zini kuzatib yurgan KGB josusining ko‘zini shamg‘alat qilib Inga bilan taksiga o‘tiradi va GFR nazoratida bo‘lgan G‘arbiy Berlinga jo‘naydi.

Ular qo‘lga tushib qolmaslik uchun bir necha marta transport almashtirib G‘arbiy Berlin hududiga o‘tishadi. O‘sha paytda Inga o‘z hujjati bilan GFR hududiga bemalol o‘tar, Stashinskiyda ham nemischa ism-sharif bilan olingan pasport bor edi.

Ular chegaraga borayotganda o‘zlarini GFR chegarachilariga topshirishni maqsad qilishadi. Biroq sal avval Xrushchyov hamda GDR rahbari o‘rtasida GDR fuqarolari GFRga erkin o‘tishlari haqida imzolangan kelishuv Bogdan va Inga qochgan tunda kuchga kirgan edi. Shu sababli GFR chegarachilari er-xotinni o‘tkazib yuborishadi.

Bogdan va Inga G‘arbiy Berlinga o‘tgach to‘g‘ri politsiya idorasiga borishadi va o‘zlarini topshirishadi. Oradan bir kun o‘tib ularni G‘arbiy Berlindan Frankfurtga olib chiqib ketishadi.

Frankfurtda Stashinskiyni Markaziy razvedka byurosi (MBR) xodimlari so‘roq qiladi. U shu yerda 1957 yilda Lev Rebetni, 1959 yilda Stepan Banderani o‘ldirganini tan oladi.

Banderaning o‘ldirilishi sahnasi

Stashinskiyning G‘arbga qochib o‘tgani haqida KGB rahbariyati xabar topgach GDRda unga rahbarlik qilgan josus, shuningdek, KGBning Berlindagi rezidenturasi rahbari Moskvaga chaqirib olinadi. Ular ishdan bo‘shatilib jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, KGB GDR va GFRdagi josuslariga Stashinskiyni yo‘q qilishni buyuradi. Biroq u qamoqda saqlanayotgani uchun buning iloji bo‘lmaydi.

Sud jarayoni

Garchi G‘arbga qochib o‘tib ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan bo‘lsa-da, Stashinskiy ikkita qotillik uchun javob berishi lozim edi.

Lev Rebet va Stepan Banderani KGB xodimi o‘ldirgani oshkor bo‘lgach butun dunyoda yashayotgan ukrainlar turli shaharlarda SSSRga qarshi namoyishlar o‘tkazishadi. Bu payt Stashinskiy tergov qilinayotgan edi.

1962 yilda Stashinskiy sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkaziladi. Ekspertizada ruhiy sog‘lom deb topiladi. O‘sha yili oktyabr oyida sud jarayoni boshlanadi. Sudda da’vogar sifatida Stepan Banderaning qizi Natalya ham qatnashadi.

Sud jarayonida Stashinskiy KGBga tegishli va o‘z faoliyatiga doir juda ko‘p ma’lumotlarni oshkor qiladi. U keyingi «qurbon» sifatida Banderaning yordamchisi Ukraina milliy ozodlik harakatining yana bir rahnamosi Yaroslav Stetskoni o‘ldirish haqida topshiriq olganini ham aytadi.

Yarotslav Stetsko

Ma’lum bo‘lishicha, Inga bilan turmush qurgach Moskvaga qaytishi Stetskoni o‘ldirish operatsiyasini o‘tkazishga to‘sqinlik qilgan.

Prokuror Stashinskiyga umrbod qamoq jazosi so‘raydi. Banderaning qizi buni qo‘llab-quvvatlaydi. Garchi u ikkita qotillikda aybdor deb topilgan bo‘lsa ham Stashinskiy bor-yo‘g‘i 8 yil qamoq jazosi oladi.

Sud Stashinskiy o‘z aybiga iqror bo‘lib kelganini inobatga olgan holda unga yengil jazo berilganini ma’lum qiladi. Sud hukmi e’lon qilingach nemislar va Germaniyadagi ukrain jamoasi norozi bo‘ladi. Ularga ko‘ra Stashinskiy umrbod qamalishi kerak edi.

1969 yilda GFR Adliya vaziri Stashinskiy muddatidan ikki yil avval qamoqdan ozod bo‘lganini ma’lum qiladi. Shu tariqa KGB sobiq josusi 6 yil qamoqda o‘tiradi va 1968 yilda ozod qilinadi.

Stashinskiyning keyingi hayoti haqida ma’lumotlar yo‘q. Rossiyalik tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, 89 yoshli Stashinskiy ayni paytda ham tirik va u AQShda yashamoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid