“Mister va missis Ogorodnikoff”: AQShda ishlagan KGB josuslari qanday fosh qilingandi?
1984 yilda AQShda uch kishi KGB foydasiga josuslik qilishda gumonlanib, qo‘lga olinadi. Ulardan biri Federal qidiruv byurosi agenti, qolgan ikkisi 1970-yillarda SSSRdan AQShga ko‘chib ketgan er-xotin edi...
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari 1970-1980 yillarda avjiga chiqadi. O‘zaro raqobatda shohona hayot va katta pullar va’da qilgan Amerika xavfsizlik xizmati ko‘proq yutib chiqadi.
Natijada, ular KGB hamda tashqi razvedka xizmati va elchixona xodimlarini, yuqori unvonli harbiylarni, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatgan olimlarni o‘z tomonlariga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi.
O‘sha paytlarda juda katta vakolatga ega bo‘lgan, raisi Yuriy Andropov mamlakat rahbari Brejnevga ham ta’sir ko‘rsata olgan KGB ham qarab turmagan. Imkoniyati bo‘lishi bilanoq amerikalik yoki yevropaliklarni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan.
FQB agenti Richard Miller va 1970-yillarda SSSRdan Amerikaga ko‘chib ketgan er-xotin Ogorodnikovlar KGB o‘z tomoniga og‘dirib, hamkorlik qilgan shaxslardan bo‘lgan.
Ogorodnikov kim bo‘lgan?
Nikolay Ogorodnikov tug‘ilganida familiyasi boshqa bo‘lgan. Uning otasi qizil armiya zobiti bo‘lib, Stalin qatag‘onlari boshlanganda ilk jazolanganlardan edi.
Urush boshlanganda 11 yoshli Nikolay Volfson Kiyevdagi uyidan frontga qochib ketadi va jangovar bo‘linmaga borib qo‘shiladi. Bolaga jangchilarning mehri tushib qoladi. Shu sababli uni front ortiga jo‘natishmaydi va o‘zlari bilan olib qolib, «Polk o‘g‘li» deb nom beradi.
Janglarning birida nemislar Nikolay xizmat qilayotgan polkni qurshovga oladi. Millati yahudiy bo‘lgan bolani asirlik, nemislar konslageri va balki o‘lim kutayotgandi.
Biroq baxtli tasodif tufayli nemislar Nikolayning yahudiyligini sezishmaydi. Boshqalar ham uni sotmaydi va bola omon qoladi. Keyinchalik Nikolay o‘zini xatna qildirmagan otasidan minnatdor bo‘lganini aytadi. Chunki uni shu narsa muqarrar o‘limdan asrab qolgandi.
1945 yilda u uyga qaytadi. Urush paytida Nikolayning eng yaqin qarindoshlari vafot etgandi. Harbiy komissariat asirga tushishdan oldin u medal bilan taqdirlanganini aytadi va bolaga Suvorov maktabida o‘qishni davom ettirishni taklif qiladi.
Ammo Nikolay otasining izidan borib harbiy bo‘la olmaydi. U hatto maktabning yuqori sinflarida ham o‘qimaydi va umrining oxirigacha to‘rtinchi sinf ma’lumoti bilan qoladi.
Ko‘p o‘tmay Nikolay o‘g‘rilar to‘dasiga qo‘shiladi va tez orada qo‘lga tushib qamalib ketadi. Qamoqdan chiqqach yana o‘g‘irlikni davom ettiradi va qo‘lga tushib, ikkinchi marta qamaladi.
Umuman olganda, Nikolay Volfson jami 14 yilni o‘g‘irlik va talonchilik uchun qamoqxona lagerida o‘tkazadi. Oxirgi marta qamalganda u ideal o‘g‘ri bo‘lishdan voz kechadi va qamoqxona ma’muriyati bilan hamkorlik qila boshladi.
Svetlana Ogorodnikova bilan oila qurish va okean ortiga yo‘l
Ozodlikka chiqqandan keyin u Tula shahriga boradi va u yerda taksi haydovchisi bo‘lib ishga kiradi. Bo‘lajak xotini Svetlana Ogorodnikova bilan tanishadi. Nikolay Svetlana bilan tanishganda qiz tibbiyot institutida tahsil olardi.
Qiz Nikolayning qamalib chiqqanini bilsa ham maqsadidan qaytmaydi va unga turmushga chiqadi. Shundan so‘ng Nikolay xotinining familiyasiga o‘tadi.
Nikolay Tulada taksi haydab yurar ekan, kunlarning birida mashinasiga amerikalik sayyoh chiqadi. Rus tilini biladigan sayyoh Amerikani shunchalik maqtaydiki, o‘sha ondan boshlab Nikolayda okean ortiga ketish fikri tug‘iladi. Svetlana erining rejasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq bu juda qiyin ish edi.
O‘sha paytlarda SSSRda yashovchi yahudiylar faqat Isroilga ko‘chib ketishi mumkin edi xolos. Unda ham sovet idoralariga o‘zining yahudiyligini isbotlashi kerak bo‘lar, KGB ruxsat bersagina keta olardi.
Yahudiylikni isbotlash bo‘yicha Nikolayda muammo tug‘ilmaydi va shu tariqa er-xotin Ogorodnikovlar 1973 yilda Isroilga ketishga ruxsat oladi.
O‘sha paytlarda SSSRdan chiqib ketayotgan yahudiylarning asosiy qismi KGBdan Isroilga ketish uchun ruxsatnoma olar, biroq Yaqin Sharqqa bormasdi. Ular Yevropaning turli davlatlari yoki Amerikaga ketardi.
O‘sha paytlarda Isroil va SSSR o‘rtasida diplomatik aloqalar va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘qligi yahudiylarga qo‘l kelardi. Sovet ittifoqidan chiqib ketadigan yahudiylar asosan Moskva-Vena yo‘nalishi bilan uchib, Avstriya poytaxtiga borardi. So‘ng Isroilga emas, boshqa xohlagan joyiga ketardi.
Nikolay va Svetlana ham shunday qiladi. Ular Venaga yetib borgach Isroilga emas, Amerikaga uchadigan samolyotga chipta oladi.
Amerikaga yetib borgan er-xotin Ogorodnikovlar Kaliforniya shtatidagi eng yirik shahar bo‘lgan Los-Anjyelesga joylashadi. Nikolay go‘shtni qayta ishlash zavodiga yuklovchi bo‘lib ishga kiradi. Svetlana esa sovet gazetalari va jurnallarini tarqatishni boshlaydi.
Bir necha yildan so‘ng o‘zini ancha o‘nglab olgan Ogorodnikovlar uy va mashina sotib oladi. Farzandlarini nufuzli maktabda o‘qita boshlashadi.
O‘sha paytlarda Svetlana Ogorodnikova biznes masalalari bo‘yicha San-Fransiskodagi sovet konsulxonasiga tez-tez borardi. Shuningdek, u bir marta SSSR Madaniyat vazirligi bilan madaniy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar uchun Moskvaga ham kelib ketadi. Ogorodnikovlarning o‘g‘li yozgi ta’tilni SSSRdagi nufuzli bolalar oromgohida o‘tkazadi.
Kechagina kambag‘al holda ijarada yashab yurgan muhojirlarning dabdabali hayoti va Svetlananing sovet diplomatlari bilan tez-tez aloqada bo‘lishi FQB e’tiborini tortadi. Ular er-xotinni kuzata boshlaydi.
Svetlana FQB bilan, Nikolay KGB bilan hamkorlik qilishi
1982 yilda er-xotin Ogorodnikovlarni kuzatib yurgan FQB agenti Jon Hant Svetlanani suhbatga chaqiradi. Shunda agent «missis Ogorodnikoff»ni hamkorlikka taklif etadi. Ayol rozi bo‘ladi.
Shundan so‘ng Svetlana FQB agentiga Amerikadagi rus hamjamiyati, San-Fransiskodagi konsullikda o‘tkaziladigan tadbirlar haqida ma’lumotlar bera boshlaydi.
O‘sha paytlarda Nikolayni KGBning Amerikadagi josuslari SSSR foydasiga xizmat qilishga ko‘ndirgan va u sovetlar bilan hamkorlik qilayotgandi.
Boshqa tarafdan, Svetlana ikki tomonlama josusga aylanadi va u bir paytning o‘zida FQB hamda KGB foydasiga ishlay boshlaydi.
Jo Hant Svetlana bilan ikki yil hamkorlik qiladi va 1984 yil may oyida nafaqaga chiqadi. Uning o‘rniga ayol bilan Richard Miller ism-sharifli agent ishlay boshlaydi.
Ana shu paytda er-xotinlar FQB agentini KGB bilan hamkorlik qilishga ko‘ndiradi. Richard Miller 75 ming dollar evaziga FQBning kontrrazvedka bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarini ular orqali KGBga beradi.
O‘sha paytda KGB er-xotinlarga Yaponiya orqali AQShga qochib ketgan KGB mayori Stanislav Levchenkoni topib yo‘q qilish haqida topshiriq beradi.
Biroq Svetlana FQBdagi rahnamolari Jon Hant va Richard Miller orqali ham uni topishga muvaffaq bo‘lolmaydi. Aksincha, FQB markaziy idorasi e’tiboriga tushadi.
Amerikaliklar KGB Levchenkoni yo‘q qilish uchun urinib ko‘rishini bilishardi. Shu sababli uni qo‘riqlash maqsadida doimiy kuzatib yurishadi. Ana shu paytda uni er-xotin Ogorodnikovlar ham kuzatishayotgani ayon bo‘ladi.
1984 yil oktyabr oyida FQB xodimlari er-xotin Nikolay va Svetlana Ogorodnikov va Richard Millerni hibsga oladi.
FQB er-xotin Ogorodnikovlar hibsga olish chog‘ida o‘zini himoya qilish uchun nima chora qo‘llashini bilmasdi. Shu sababli er-xotinni hibsga olish uchun maxsus harbiy operatsiya rejasi tuziladi.
Er-xotinni yashab turgan uyida hibsga olish uchun FQB 50 nafar tish-tirnog‘igacha qurollangan maxsus xizmatdan o‘tgan xodim va vertolyotdan foydalanadi.
Amerikaliklar er va xotin eng xavfli josuslar turidan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagan va ular qattiq qarshilik ko‘rsatadi, deb taxmin qiladi. Biroq Nikolay va Svetlana qarshilik ko‘rsatmaydi, ularni qo‘lga olish amaliyoti kutilganidan tez tugaydi.
Ogorodnikovlar ishini tergov qilayotgan xodimlar boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Chunki kimning kim bilan hamkorlik qilgani juda murakkab edi. Hibsga olinganlar orasida faqat KGB bilan hamkorlik qilgan Richard Millerning aybdorligi aniq edi.
Avvaliga Richard Miller ham, Ogorodnikovlar ham ayblarini tan olmaydi va sukut saqlashadi. Svetlana hatto so‘roq paytida yig‘lab, maxsus xizmatlarning provokatsiyasi qurboniga aylanganini, Nikolay esa josuslik ishlariga umuman aloqasi yo‘qligini aytadi.
Ammo er-xotinga ularning sovet diplomatlari niqobidagi KGB josuslari bilan yashirin uchrashuvlar tasvirlangan fotosuratlari ko‘rsatilib, audioyozuvlar eshittirilganda ular barchasini tan olishga majbur bo‘lishadi.
Shu yerda FQB San-Fransiskodagi sovet konsulligi joylashgan bino ichiga yashirin eshitish uskunalari o‘rnatgani va u yerda bo‘lib o‘tgan barcha suhbatlar yozib olingani oydinlashadi.
Shundan so‘ng er-otin Ogorodnikovlar FQBga barcha ma’lumotlarni berishga rozi bo‘ladi va Svetlana birinchi navbatda Richard Millerni «sotadi».
Tergov davomida ayol Richarddan avval o‘zi bilan ishlagan Jon Hant bilan o‘ynash tutinganini, undan ko‘p marotaba homilador bo‘lib, abort qildirganini, o‘rtada josuslik emas, faqat «sevgi» bo‘lganini gapirib beradi.
Tergovga Jon Hant ham tortiladi. Biroq Jon Hant KGB bilan hamkorlik qilmagandi va shu tufayli u suvdan quruq chiqib ketadi. Agentni Svetlana bilan don olishib yurgani uchun ayblashmaydi. U ayol FQB bilan hamkorlik qilganini dalillar bilan keltiradi.
Shuningdek, Svetlana Jon Hantdan so‘ng o‘zini nazorat qilgan Richard Miller bilan ham don olishib yurganini aytadi. O‘sha paytda ayol 33, Miller esa 47 yoshda bo‘lgan.
Sud va keyingi hayot
1985 yil 26 iyunda sud hukmi bilan Svetlana Ogorodnikova 18 yil, Nikolay Ogorodnikov 8 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. Shuningdek, ulardan AQShda yashash uchun berilgan ruxsatnoma tortib olinadi. Ularga keyinchalik ham Amerika fuqaroligini olish nasib etmaydi.
1990 yilda Nikolay shartli ravishda ozod qilinadi. Amerikaliklar uni SSSRga deportatsiya qilish harakatini boshlaydi. Ammo hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni uzoq davom etadi va ungacha SSSR parchalanib ketadi.
Shundan so‘ng amerikaliklar sobiq sovet josusini SSSR vorisi bo‘lgan Rossiyaga yo tug‘ilgan vatani Ukrainaga yoki Isroilga deportatsiya qilishga harakat qilishadi. Ammo Nikolay bunga qarshi chiqadi va sud qarori bilan Amerikada qolishga muvaffaq bo‘ladi.
Svetlana Ogorodnikova qamoqxonada meksikalik narkobaron bilan tanishadi. 1994 yilda u ham muddatidan avval ozod qilinadi. Meksikalik narkobaron unga uylanadi va ayol millionerga aylanadi. So‘ng ular Meksikaga ko‘chib ketadi.
Keyinroq Svetlana va uning eri AQShga qaytib, tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun marixuana yetishtirishni boshlab, taniqli tadbirkorga aylanadi.
Sud Richard Millerni KGB foydasiga josuslik qilishda aybdor deb topadi va sobiq FQB xodimiga 20 yil qamoq jazosi beriladi. 1994 yilda sud Millerga berilgan jazoni qisqartiradi, u ozod qilinadi. Miller 2013 yilda 76 yoshida vafot etadi.
Richard Miller FQB tarixida dushman davlat foydasiga josuslik qilgan birinchi xodim sifatida tarixda qolgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.