O‘zbekiston | 16:47 / 23.03.2023
19414
2 daqiqa o‘qiladi

Majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagoglar ro‘yxati kengaydi

Foto: KUN.UZ

"Ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 apreldan quyidagilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:

  • pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega pedagog xodimlar;
  • yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat qolgan pedagog xodimlar.

Endi ushbu pedagoglarning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qolinib, ularga ta’lim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 7-bandiga ko‘ra, ular faqat o‘z xohishlariga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishlari mumkin.

O‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda amalda bo‘lgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.

Hukumat qaroriga asosan, pedagoglar attestatsiyadan o‘tish uchun har yili 1 yanvardan 1 martgacha va 1 avgustdan 1 oktyabrgacha bevosita DXM, YaIDXP yoxud Ta’lim inspeksiyasi saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi.

Mavzuga oid