O‘zbekiston | 18:06 / 25.03.2023
21875
4 daqiqa o‘qiladi

Separatistik harakat yetakchisiga nisbatan Nukus voqealari bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilindi

“Alga Karakalpakstan” separatistik harakati yetakchisi Amanbay Sagidullayev va Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev Nukus voqealari bo‘yicha jinoiy ishda ayblanmoqda.

Qoraqalpog‘iston sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Amanbay Sagidullayev (Norvegiyada yashaydi) va Niyetbay Urazbayevga (Qozog‘istonda yashaydi) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishga kirishdi. Oliy sud axborot xizmati sud jarayoni ochiq tarzda bo‘lib o‘tayotganini ma’lum qildi.

Amanbay Sagidullayev. Foto: Kaktus.media

Ayni paytda Norvegiyada yashovchi 55 yashar Amanbay Sagidullayev hamda Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi 53 yashar Niyetbay Urazbayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 28 orqali (jinoyat ishtirokchilik), 104- (Badanga qasddan og‘ir shikast yetkazish), 158- (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish), 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz), 244- (Ommaviy tartibsizliklar) va 244-1-moddalarida (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Qayd etilishicha, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lganligi va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasiga asoslanib, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi sudlanuvchilarning ishtirokisiz o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat protsessual kodeksining 410-moddasiga ko‘ra sudlanuvchi sud majlisiga kelmasa, ishni muhokama qilish keyinga qoldirilishi lozim. Sudga kelmagan sudlanuvchini sud majburiy keltirishga, shuningdek unga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llashga yoki ehtiyot chorasini o‘zgartirishga haqlidir.

Ishning sudlanuvchi ishtirokisiz muhokama qilinishiga sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan va sudga kelishdan bo‘yin tovlagan, uning yo‘qligi ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga monelik qilmagan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi mumkin.

IIV saytidagi qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida keltirilishicha, Sagidullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209- (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanayotgani uchun qidiruv e’lon qilingan.

IIV saytidagi Qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidagi ma’lumot Foto: Kun.uz

“Har bir millatning ichidan shovinistlar, ultra millatchilar chiqishi mumkin. Bunday odamga ergashadiganlar ham topiladi. Qoraqalpog‘istondagi talato‘plar tag zamirida ham ana shunday shovinizm bor. Tuzalmaydigan separatistlarga nisbatan esa huquqiy choralar ko‘rish lozim”, deb yozgandi “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Amanbay Sagidullayev haqida.

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida tashkil etilgan qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi, qo‘shni davlat Xalqlar assambleyasi a’zosi bo‘lgan Niyetbay Urazbayevga nisbatan 2022 yilning oktyabrida O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani uchun davlatlararo qidiruv e’lon qilgani ma’lum bo‘lgandi.

Niyetbay Urazbayev. Foto: Bureau.kz

O‘zbekiston IIV tomonidan Qozog‘istonga yuborilgan rasmiy xatda ushbu davlat fuqarosi bo‘lgan Urazbayevni qo‘lga olish va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish so‘ralgan. Ushbu so‘rovga javoban Niyetbay Urazbayev Qozog‘iston IIVning qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, “Alga Karakalpakstan” (“Olg‘a Qoraqalpog‘iston”) separatistik harakati Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishini targ‘ib qilib keladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklar kuzatilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 19 nafar kishi qurbon bo‘lgan. Nukus voqealari bo‘yicha jinoyat ishi bo‘yicha ikki alohida sud majlisi yakunlariga ko‘ra 22 nafar va 39 nafar sudlanuvchiga hukm chiqarilgan edi.   

Mavzuga oid