Jamiyat | 16:04 / 25.03.2023
37908
7 daqiqa o‘qiladi

Uzoqroq yashash va tez qarimaslik yo‘li – yoshlik eliksiri bormi?

Qariganda ham yaxshi xotira, doimo yosh ko‘rinish insonning azaliy orzusi. Iskandar Zulqarnayn ham adabiyotlarda abadiy yoshlikni izlagani aytiladi. Bunday mo‘jizani topish mumkinmi-yo‘qmi noma’lum, lekin qarishning oldini olish uchun o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar borki, ularda aynan qanday odatlar, mashg‘ulotlar kishini 10 yoshga yosh ko‘rsatishi mumkinligi isbotlangan.

Foto: Getty Images

Sog‘lom hayot tarzi, sog‘lom ovqatlanish jumlalari ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lmay qolgan. Ehtimol bu birikmalar aynan nimani anglatishini bilishmagani yoki amal qilishga kuchlari yetmagani uchun ham unga ishonishmas.

Keksayishga qarshi 5 odat

Lekin Harvard universiteti olimlarining sog‘lom hayotning inson umrini uzaytirishi mumkinligi tadqiqoti natijasi hayratlanarli. Olimlarning aniqlashicha, sog‘lom ovqatlanish, muntazam ravishda jismoniy mashqlar bajarish, doimiy sog‘lom tana vaznini saqlash, spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilmaslik va chekmaslik orqali hayot davomiyligini 10 yil yoki undan ko‘proqqa uzaytirish mumkin. Xo‘sh, bu qanday isbotlandi?

Tadqiqotchilar, eng sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan va qilmagan amerikalik ayol va erkaklarni taqqoslash uchun tanlab olishdi. Unga ko‘ra, taxminan 30 yil davomida sog‘lom hayot kechirganlarning yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lish ehtimoli palapartish turmush kechirganlarga qaraganda 82 foiz, saratonga chalinishi esa 65 foizga kamroq bo‘lgan.

Shuningdek, yuqorida sanalgan besh odatni doimiy hayot tarziga aylantirgan ayollar bunga rioya qilmaganlarga qaraganda o‘rtacha 14 yil uzoqroq yashagan, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 12 yilga yetgan.

Tishlarni yuvishning qarishga ta’siri

Foto: Getty Images

Hayot tarzining kichkina shakllaridan to muhim faoliyat turlarigacha har qanday harakatning qarish jarayoniga ta’siri borligi bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar ko‘p o‘tkaziladi. Shulardan biri olim, “Yoshsizlik: qarimasdan qarishning yangi ilmi” muallifi Endryu Stilning og‘iz bo‘shlig‘i tozaligi bilan bog‘liq tadqiqotidir. Olimning aytishicha, tishlarni doimiy yuvib turish xotira susayishi va yurak qon-tomir kasalliklarini sezilarli darajada qisqartiradi. Qanday qilib?

Og‘izning noto‘g‘ri gigiyenasi tishlar va milklarning qonashiga sabab bo‘ladigan bakteriyalar ko‘payishiga olib keladi. “Chunki og‘izdagi shilliq parda og‘iz bo‘shlig‘ini turli virus va kasalliklardan himoya qilish vazifasini bajaradi. Uning yallig‘lanishi esa yoshga bog‘liq kasalliklardan himoya qiladigan immun tizimining kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, surunkali yallig‘lanish qarishni kuchaytiradi, ammo tishlarni tish pastasida yuvish orqali bu jarayonni sekinlashtirishingiz mumkin", deydi Stil.

Shotlandiyalik olimlarga ko‘ra, kuniga 2 marta tishlarini yuvadigan odamlarda yurak xuruji xavfi tishini 1 mahal yuvadiganlarga qaraganda kamroq.

Foto: iStock

Amerika stomatologiya assotsiatsiyasi tishlarni kuniga 2 marta ftoridli tish pastasida 2 daqiqa davomida cho‘tkalash va har kuni tish ipidan foydalanishni tavsiya qiladi.

15 daqiqa mashq umrni 3 yilga uzaytiradi

2017 yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, yuqori jismoniy faollik darajasiga ega bo‘lgan kattalar o‘tirib ishlaydiganlardan 9 yilga yoshroq ko‘rinadi. Yuqori jismoniy mashqlar sifatida esa haftasiga besh kun 30 daqiqalik jismoniy mashqlar belgilangan.

2013 yilda Harvardda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, har kuni 15 daqiqa mashq qilish umr ko‘rish davomiyligini uch yilga uzaytirdi.

Shuningdek, cardio deb nomlanuvchi mashq turi ham yosh bilan bog‘liq kasalliklarni qisqartirishi aytiladi.

Sport turlaridan yugurish, velosiped haydash, suzish, piyoda sayr qilish, chang‘i sporti bilan muntazam shug‘ullanish ham qarishni sekinlashtiradi.

Stilga ko‘ra, 7-8 soatlik sog‘lom uyqu ham Alsgeymer kasalligining oldini oladi. Bundan ko‘p yoki kam uyqu esa o‘lim ehtimolini oshiradi. Sog‘lom uyquning ham o‘z talablari bor. Olimning aytishicha, uxlash uchun ayni bir vaqtni belgilash, uyqudan oldin kofeini bor va spirtli ichimliklardan tiyilish sog‘lom uyquning asosiy shartidir. Bundan tashqari, yotib uxlaydigan xonadan har qanday elektron buyumlar(smartfon, kompyuter va turli gadjetlar)ni uzoq tutgan ma’qul.

Meva va sabzavotlar – yosh ko‘rinishga yordam

Turli odat va mashqlardan tashqari, o‘zini yaxshi his qilish uchun inson ovqatlanish tarziga ham e’tibor berishi maqsadga muvofiq.

Olimlar yashil rangli meva va sabzavotlar, ayniqsa turli yashil ko‘katlar kalsiy, kaliy, marganets, fosfor kabi muhim moddalarga boy ekanini ta’kidlashadi.

Qizil bulg‘or qalampiri esa antioksidantlarga boy bo‘lgani sabab, bu qarishga qarshi kurashda muhim vosita deb bilishadi. Unda terini yoshartiruvchi kollagen ishlab chiqarishdagi asosiy vitamin S ko‘p miqdorda uchraydi. Bunga qo‘shimcha ravishda, qizil bulg‘or qalampirida karotenoidlar deb ataladigan kuchli antioksidantlar mavjud. Ular turli xil yallig‘lanishga qarshi kurashadi, terini quyosh ta’siri va atrof-muhit toksinlaridan himoya qilishga yordam beradi.

Shuningdek, papaya ham qarishga qarshi eng yaxshi mahsulot hisoblanadi. Uning tarkibidagi papain moddasi, terini o‘lik hujayralardan xalos qiladi.

Papaya

Smorodina A va C vitaminlariga, antotsiyanin deb ataladigan yoshga qarshi antioksidantga boy yallig‘lanish reaksiyasini yumshatish va kollagen yo‘qotilishining oldini olish orqali terini quyosh, stress va ifloslanish ta’siridan himoya qilishga yordam beradi.

Smorodina

Teri elastik bo‘lishi uchun unga S vitamin muhim. Buni esa brokollidan topish mumkin. Shu bilan birga ismaloq, yong‘oqlar, avokado va shirin kartoshkalar va anor ham terini yosh va yaltirab turishi uchun muhim bo‘lgan moddalar bilan ta’minlaydi.

Avokado
Shirin kartoshka

Yoshlik eliksiri topiladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. U topilgach undan foydalanishni xohlaganlar va xohlamaydiganlar ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozircha dunyo olimlari bergan tavsiyalarga quloq solgan ma’qul.

Mavzuga oid