O‘zbekistonda aholining qarish sur’ati tezlashishi mumkin
Prognozga ko‘ra, yaqin uch o‘n yillikda O‘zbekiston aholisi jadal o‘sadi. Eng katta ehtimol bilan 2028 yilga borib respublika aholisi 40 million aholiga yetadi, 2050 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 50 million kishidan oshib ketishi kutilmoqda.
Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi va uning hududlarini 2050 yilgacha bo‘lgan davrda demografik rivojlanish prognozlari va tug‘ilish omillarini o‘rganish bo‘yicha tanlanma so‘rov natijalari” muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida ma’lum bo‘ldi. Tadbir Statistika agentligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan.
Prognozga ko‘ra, yaqin uch o‘n yillikda O‘zbekiston aholisi jadal o‘sadi. Eng yuqori ehtimol bilan 2028 yilga borib O‘zbekiston aholisi 40 million kishiga yetadi, 2050 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 50 million kishidan oshib ketishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, tabiiy o‘sish butun prognoz davrida aholi ko‘payishining hal qiluvchi tarkibiy qismi bo‘ladi. Aholi o‘sishining yuqori dinamikasi bilan bir qatorda barcha yosh tuzilmalarida ham chuqur o‘zgarishlar ro‘y beradi, aholining qarish sur’ati tezlashishi kutilmoqda.
Statistika agentligi direktorining o‘rinbosari taqdim etilgan prognoz muhimligini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston aholisining yillik tabiiy o‘sishi 760 ming kishiga oshganini ta’kidladi. U O‘zbekiston MDH davlatlari orasida tug‘ilish darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turishini va aholining 57 foizini mehnatga layoqatli yoshdagilar, 32 foizini mehnatga layoqatli yoshdan kichik, 11 foizini keksalar tashkil etishini ta’kidladi.
Shuningdek, bugungi kunda respublika mehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 mingdan ortiq kishi kirib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirgi vaqtda o‘rtacha umr ko‘rish 74,3 yoshni tashkil etadi, shundan ayollarda 76,6 yosh, erkaklarda 72,1 yosh. Mustaqillik yillarida bu ko‘rsatkich 7,9 yilga o‘sdi.
Tadbir davomida ekspertlar Chexiyadagi Karl universitetining keng texnik ko‘magida Oila va ayollar instituti tomonidan mamlakatda tug‘ilish omillarini o‘rganish bo‘yicha tanlanma so‘rov natijalarini ham taqdim etdi.
Tadqiqot O‘zbekistonda tug‘ilish darajasi va ayollarning reproduktiv holatiga ta’sir etuvchi omillar haqida muhim ma’lumotlar berdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2017 yildan keyin tug‘ilish ko‘rsatkichi o‘sishining asosiy omillari sifatida bolali oilalarning moddiy ahvoli yaxshilangani va aholining ertangi kunga ishonchi umumiy oshganini ko‘rish mumkin.
“Tuzilgan barcha taxminlar aholi bo‘yicha prognozlarning keng tarqalgan usuli bo‘lgan klassik kogort-komponentli proyeksiya modeli parametrlarini baholash uchun asos bo‘lib xizmat qildi”, deyiladi xulosada.
Mavzuga oid
08:10 / 10.12.2024
O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,5 mlndan oshdi
12:42 / 01.12.2024
O‘zbekiston aholisining tarkibi ma’lum qilindi
10:11 / 28.11.2024
O‘zbekiston aholisi har yili 700 mingdan ortiq kishiga oshmoqda
11:38 / 25.10.2024