Jamiyat | 20:51 / 31.03.2023
19828
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda o‘quvchilar dars paytida quyosh paneli uchun ovoz yig‘ishga jalb etildi

Xatirchi tumanidagi maktabda 8-sinf o‘quvchilari dars vaqtida boshqa xonaga olib chiqilib, ro‘yxat bo‘yicha telefon raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib chiqish orqali, “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlangani aytilmoqda. Avval ham bu loyihada g‘olib chiqqan maktab bu safar quyosh paneli o‘rnatish va boshqa tashabbuslarni ilgari surgan.

Kun.uz ixtiyoriga Navoiy viloyati Miyonqol mahallasidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika xonasida olingani aytilayotgan video kelib tushdi. Videoda 6 nafar o‘quvchi qiz kompyuter xonasida o‘tirgani, partadagi daftarda telefon raqamlar ro‘yxati yozilgani, ro‘yxatning bir qismidagi raqamlar ustidan chiziq tortib o‘chirib chiqilgani ko‘rinadi.

Video muallifi xonadagi 8-sinf o‘quvchilari aslida bu vaqtda kimyo darsida bo‘lishi kerakligini, lekin o‘quvchilar “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga jalb qilinganini aytadi. U navbatchi xodim bilan (videolavhada ushbu o‘qituvchi ham bor) holat yuzasidan dalolatnoma tuzishini bildirgan.

Foto: "Ochiq budjet" portali

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu maktabda 900 nafar bola ta’lim oladi. Maktab 2018 yilda dastur asosida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan hamda sport zal qurib berilgan. Shuningdek, ta’lim maskani o‘tgan yili ham “Tashabbusli budjet”ga loyiha qo‘yib, g‘olib bo‘lgan – sinf xonalarga kameralar o‘rnatilib, mini-stadion qurilgan.

Maktabning bu yilgi tashabbusi – quyosh paneli o‘rnatish, maktab qozonxonalarini ta’mirlash, maktab oshxonasini jihozlash, faollar zali uchun 150 ta yarimyumshoq stul va demonstratsion stollar, ma’naviyat va ma’rifat xonasi uchun 2 ta konditsioner, 1 ta rangli, 1 ta uchtasi birda printer va 2 dona ovozkuchaytirgich xarid qilish, texnologiya va musiqa xonalarini zamonaviy o‘quv-amaliyot qurollari bilan ta’minlash, 25 dona elektron-sensorli doska, motokultivator, payvandlash asbobi, polietilen payvandlash dazmoli, elektr arra, 2 dona dvijokni o‘z ichiga oladi.

Oldinroq Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilar dars tugamay, ustozlari tomonidan pul olib kelish uchun uyiga jo‘natilgandi. Holat ma’lum bo‘lgach, maktab direktori vazifasidan ozod etildi.

Mavzuga oid