O‘zbekiston | 22:03 / 01.04.2023
24363
2 daqiqa o‘qiladi

“Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi nihoyatda xavotirli” - Mirziyoyeva

Xorazm viloyatida mansabdor shaxslarning pedofiliyada ayblangani va sudlangani haqidagi xabarga Saida Mirziyoyeva munosabat bildirdi. 

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunni qabul qilishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. 

«Xorazmda yuz bergan fojia jamiyatda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu bo‘shliqdan jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir. 

Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida e’tibor qaratib, sinchiklab o‘rganishni va huquqiy baho berishni so‘rayman. 

Biz mavjud qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish, turli «lazeyka»larni yopish, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur. Mazkur qonun loyihasi ayollar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan», deb yozdi Saida Mirziyoyeva. 

Avvalroq, Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i va tuman FVB rahbari Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgani, 15-17 yoshlardagi himoyasiz qizlarni bu ishga Mehribonlik uyi mudirasi majburlagani, mudira 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingani, ikki mansabdorning ozodligi bir yarim yilga cheklangani haqida xabar berilgan edi. 

Mavzuga oid