Sport | 14:35 / 06.04.2023
48041
20 daqiqa o‘qiladi

Benzemada tarixiy natija, Rotterdamda qon va olov. Yevropada kun o‘yinlari

Hafta o‘rtasida Yevropa futbolida bo‘lgan asosiy voqealar va o‘yinlardagi gollar.

Foto: Getty images

Ispaniya: Madrid — Ispaniya Kubogi finalida.

Ispaniya Kubogi. Yarimfinal
Javob o‘yini
Barselona — Real 0:4

5 aprel, «Kamp Nou» 
Gollar: Vinisius (45+1), Benzema (50, 58 penalti, 81).
Barselona – ter Stegen, Arauxo, Alonso (Garsiya, 66), Kunde, Balde, Serxi Roberto, Buskets, Kessie (Fati, 59), Gavi, Rafinya (Ferran Torres, 66), Levandovski.
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Militao, Kamavinga, Modrich (Tchuameni, 87), Kroos, Valverde, Vinisius (Sebalos, 85), Rodrigo (Asensio, 73), Benzema (Nacho, 89).
Ogohlantirishlar: Roberto (10), Vinisius (26), Gavi (26), Garsiya (67), Karvaxal (71), Torres (76), Arauxo (84), Alaba (86), Balde (86), Militao (88), Fati (90+2).
Birinchi o‘yin — 1:0.

«Kamp Nou»dagi klasiko jamoalarning 2023 yildagi to‘rtinchi o‘zaro o‘yini bo‘ldi — «Real» va «Barselona» har oyda bir martadan o‘ynamoqda. Yanvarda Saudiya Arabistonida Ispaniya Superkubogi uchun bahs bo‘lib o‘tgandi, fevralda — Madridda mamlakat kubogi uchun yarimfinalning ilk o‘yini, martda — Ispaniya chempionatida tur o‘yini, endi esa — kubokdagi javob uchrashuvi. Bunday chastota gap jahon futbolining asosiy qarama-qarshiligi haqida ketganda ham kishini zeriktirib qo‘yishi mumkin. Ammo, muxlislar baxtiga o‘yinlarning har biri turlicha bo‘ldi.

Superkubokda muxlislar ancha sust «Real»ga guvoh bo‘lishdi, kubokdagi birinchi yarimfinal o‘yinida esa — «Barselona» avtobus qo‘ydi, chempionatda ikki yarim hafta muqaddam o‘tkazilgan o‘yinda — ko‘k-anorranglilar chempionlarga xos futbol namoyish etishdi, madridliklar ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, ammo Marko Asensio urgan gol millimetrlik ofsayd tufayli bekor bo‘ldi, keyin esa katalonlar hisobni ochishdi. O‘zgarmay qolgan narsa faqat — natija edi, «Barselona» uch o‘yinda ham g‘alaba qildi.

Madriddagi birinchi o‘yinda to‘p nazoratida muammoga uchragan «Barselona» «Kamp Nou»da to‘pga egalik qildi. Katalonlar to‘p uchun ancha oldinda kurashga kirishib, osongina egallab ola boshladi. Agar «Real» bosimdan chiqib ketsa ham, mezbonlar taktik follar qo‘llashdan tortinib o‘tirmadi. Natijada mehmonlar qariyb 45 daqiqada deyarli vaziyatga ega bo‘la olmadi.

Xavi yana mudofaaning o‘ng qanotiga, Vinisius Juniorni to‘xtatish uchun Arauxoni joylashtirdi. Urugvaylik futbolchi qat’iy harakatlardan o‘zini tiyib o‘tirmadi, mehmonlarning chap qanotdagi forvardini maksimal darajada shafqatsizlik bilan kutib olib, uning oyog‘iga tinimsiz tepdi. Shu bilan birga braziliyalik futbolchi bir necha vaziyatda uni o‘z fintlari bilan dog‘da qoldirdi.

Unga nisbatan Gavi ham qo‘pol harakatlar amalga oshirdi, epizodlardan birida bu ikki yosh futbolchi o‘rtasida  tortishuv kelib chiqdi, hakam esa ularni sariq kartochka bilan tinchlantirdi.

«Barselona» uchinchi daqiqadayoq penalti tepishi mumkin edi. Alaba jarima maydoni ichida qo‘l bilan o‘ynadi, ammo hakam Munuer bu vaziyatda to‘p himoyachining tayanib turgan qo‘liga tekkan deb hisobladi, VAR yordamchilari ham bosh hakamning qarorini qo‘llab-quvvatladi. «Kamp Nou» tribunalari esa referiga hushtakbozlik qildi. Xavi jamoasi hujumda urg‘uni o‘ng qanotga qaratdi, bu hududdagi Rafinya chap qanot himoyasida o‘ynagan havbek Kamavingaga tinchlik bermaslikka urindi. Birinchi bo‘lim oxirigacha braziliyalik hujumchi «Barsa»da to‘p bilan eng ko‘p muomila qilgan futbolchi bo‘ldi. Ammo Kamavinga o‘yin debyutida kichik jarohat olganiga qaramay, juda ajoyib o‘yin o‘tkazdi va oxirigacha o‘ynab berdi. Ushbu yosh fransuz so‘nggi oylarda juda yuqori saviyada o‘yin namoyish etmoqda, o‘zi uchun odatiy bo‘lgan maydon markazida ham, chap qanot himoyasida ham. O‘ng qanot esa u qadar ishonchli ko‘rinmadi — u yerda Alexandro Balde va Gavi vaqti-vaqti bilan Daniel Karvaxalni qiyin ahvolga solib qo‘ydi, u hujumda ham Rodrigoni qo‘llab-quvvatlay olmadi.

Ammo vaziyatlar deyarli yo‘q, ammo kurash, to‘qnashuv va hakam hushtagi ko‘p bo‘lgan bunday o‘yin — ko‘proq «Real» uchun qulay, bu jamoa alohida epizodlardan maksimum natija chiqarib olishda dunyoda tengi yo‘q. Shunday ham bo‘ldi. «Real» birinchi bo‘lim davomida hujumda vaziyatlarga ega bo‘lmadi, Benzema to‘pga jami atigi 14 bor tegindi, bo‘lim oxirida esa ko‘k-anorranglilar o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi — Tibo Kurtua jarima maydoni markazidan yo‘llangan zarbani qaytardi, bir necha soniya o‘tib mehmonlar qarshi hujumda «uchga uch» holatiga chiqib ketishdi. Hujum yakunida Vinisiusning zarbasidan keyin Kunde to‘pni to‘sgandi, ammo to‘p cho‘pchib darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi, Karim Benzema uni butunlay darvoza to‘riga kiritib yubordi (gol dastlabki zarbani yo‘llagan Vinisius hisobiga yozildi).

Tanaffusdan keyin esa «nazorat zarbalari» berildi, qotil rolida Benzema, unga Modrich va Vinisius assistentlik qilishdi. Hisob 0:2 ko‘rinishiga kelganida «Barselona» vaziyatni o‘nglashga urindi, bir necha bor Kurtuani sergaklanishga majbur qilishdi, ammo barchasini Kessiyening ahmoqona foli buzib qo‘ydi, u jarima maydoni ichida Vinisiusga qarshi kurashda Arauxoga yordamlashmoqchi bo‘lib, penaltiga sababchi bo‘ldi. Natijada 58-daqiqadayoq hisob yirik ko‘rinishga keldi. Benzema esa bu bilan kifoyalanmadi va o‘yin oxirida klasikolardagi ilk het-trigini rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, «Real»ning bu mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 100-goli «Barselona» darvozasiga Benzema tomonidan urildi.

Bu kecha «Real» o‘zining eng yaxshi versiyasini namoyish etdi. Bu o‘tgan yilgi Chempionlar ligasida barchani dog‘da qoldirgan jamoa. Raqib ulardan Superkubokni olib qo‘yishi va o‘z muzeyiga olib ketishi mumkin. Raqib ularni turnir nuqtayi nazaridan hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda mag‘lub etishi mumkin. Raqib ularni qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub etishi ham mumkin. Ammo haqiqatan muhim bo‘lgan o‘yinlar va katta ishlar vaqti kelganida, bu jamoa hal qiladi — Tibo, Karim, Luka, Toni, Vini katta sahnaga chiqadi. «Barsa» esa «PSJ», «Siti» va «Liverpul» kabi jamoalar safiga o‘tadi.

O‘yinga bir necha kun qolganida Madriddagi Marca nashri barchasini hal qiladigan 13 kunlikni muqovasiga chiqargan va uchta aniq sanani keltirgandi: bular 5 aprel kunidan tashqari, 12 va 18 aprel sanalari (Chempionlar ligasida «Chelsi»ga qarshi o‘yinlar kechadigan kunlar). Albatta, bu o‘ziga xos ayyorlik: «Real» bu kunlardan muvaffaqiyat bilan o‘tsa ham, bu hali sovrin kafolatlangan degani emas. Ammo «Kamp Nou»dagi o‘yin ko‘rsatdiki, Yevropada o‘tgan yilgi ssenariy takrorlanishi ehtimoli yo‘q emas.

Ispaniya kubogi finalida esa «Real» «Osasuna» bilan uchrashadi — o‘yin 6 may kuni Sevilyadagi «La Kartuxa» stadioniga belgilangan.

Angliya: «Tottenhem» to‘rtlikdan siqib chiqarildi, «MYu» «Brentford»ni mag‘lub etoldi

Vest Hem — Nyukasl 1:5
Gollar: Zuma (40) — Uilson (6, 46), Joelinton (13, 90), Isak (82).
Vest Hem – Fabianski, Kerer (Tsoufal, 63), Zuma, Agerd, Emerson, Souchek (Dauns, 63), Rays, Lukas Paketa, Benrahma (Korne, 63), Bouen, Antonio (Ingz, 63).
Nyukasl – Poup, Tripper (Mankilo, 87), Sher, Botman, Bern (Targett, 85), Gimaraes, Longstaff, Merfi (Uillok, 64), Sen-Maksimen (Gordon, 64), Joelinton, Uilson (Isak, 64).
Ogohlantirishlar: Emerson (42), Joelinton (52), Dauns (88).

Dushanba kuni turni «Everton»ga qarshi durang o‘ynab (1:1) yakunlab bergan «Tottenhem»ning ochko yo‘qotishi uning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblariga qoldirilgan o‘yinlarda o‘z pozitsiyalarini yaxshilash imkonini taqdim etdi. Va o‘tgan hafta oxirida «MYu» ustidan yorqin g‘alabaga erishgan «Nyukasl» safarda «Vest Hem»ni yirik hisobda tor-mor etdi.

Sen-Maksimenning sa’y-harakatlari evaziga qulay imkoniyatga ega bo‘lgan Uilson o‘zi uchun sevimli bo‘lib qolgan raqibni yana bir bor ranjitdi. Ikkinchi bo‘limda ushbu forvard yana bir gol urdi, bu gol ushbu hujumchining o‘z faoliyati davomida «bolg‘achilar» darvozasiga urgan 12-goli bo‘lib, maydon egalarini amalda taslim etdi. Londonning ushbu klubiga undan ko‘proq golni faqat Runi (14) hamda Ouen (13) urishgan, Uilson esa o‘z natijasiga erishish uchun 13 o‘yin yetarli bo‘lgan va unda natijani yaxshilash uchun hali imkon bo‘ladi.

Devid Moyyes jamoasining umidlarini ko‘mib qo‘ygan gol Fabinskining xatosi tufayli ro‘y berdi. U ikkinchi bo‘lim boshida raqib hujumchilari bosimi ostidagi himoyachiga to‘pni tashlab berdi va mehmonlar bundan foydalanishdi. O‘yin oxirlarida esa darvozabon yana bir qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, u himoyachilar vazifasini bajarish uchun jarima maydonini tashlab chiqdi, ammo to‘pni Isakka berib qo‘ydi va norvegiyalik hujumchi bo‘sh qolgan darvozani osonlik bilan ishg‘ol qildi. «Vest Hem» xavfli hududdan uzoqlashish imkonidan foydalana olmadi, «Nyukasl» esa xuddi «MYu» kabi beshinchi o‘rindagi «Tottenhem»ni uch ochkoga ortda qoldirmoqda. Qolaversa, «shporlar» bitta ko‘proq o‘yin o‘tkazgan.

Manchester Yunayted — Brentford 1:0
Gol
: Reshford (27). 
Manchester Yunayted – De Xea, Dalot, Varan, Martines, Shou (Malasia, 37), Zabitser (Fred, 71), Fernandesh, Maktominey, Sancho (Marsiyal, 71), Antoni (Lindelyof, 86), Reshford.
Brentford – Rayya, Roerslev (Xiki, 75), Mi, Yansson, Pinnok, Genri, Nergor (Vissa, 75), Yyensen (Baptist, 62), Damsgor (Dasilva, 62), Mbemo (Shade, 62), Touni.
Ogohlantirishlar: Shou (24), Maktominey (42), Damsgor (50), Fernandesh (59), Nyorgor (61).

«MYu» esa o‘z o‘yinini yomg‘ir ostida o‘tkazdi va unda yana Reshford gol urdi. Zabitser tashlab bergan to‘pni darvozaga joylagan forvard joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida urgan gollari sonini 28 taga yetkazib qo‘ydi. Bu shunchaki raqamlar emas, u «qizil iblislar» safida jamoani Aleks Fergyuson tark etganidan buyon bir mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lib oldi. Reshford yaqin vaqtlar ichida Ibrahimovich va Brunu Fernandeshning natijasini ham yangilashi haqiqatga yaqin. U — «Old Trafford»da qatorasiga 23 o‘yinda yutqazmayotgan va hozirning o‘zida o‘tgan mavsum davomida qayd etilgan barcha g‘alabalarni (16) takrorlagan jamoaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lmoqda.

Germaniya: Roze «Bavariya» ortidan sobiq jamoasini ham mag‘lub etdi

Leypsig — Borussiya D 2:0
Gollar: Verner (22), Orban (90+8). 
Leypsig – Blasvix, Henriks, Orban, Gvardiol, Simakan (Klostermann, 79), Raum (Halstenberg, 88), Laymer (Kampl, 88), Aydara, Olmo (Forsberg, 70), Soboslai, Verner (Silva, 78).
Borussiya D – Kobel, Hummels (Modest, 85), Zyule, Ryuerson, Gerreyru, Jan, O‘zjan, Volf (Mukoko, 46), Roys (Bayno-Gittens, 76), Brandt (Bellingem, 63), Malen.
Ogohlantirishlar: Ryuerson (40), Raum (58), Bellingem (85), Malen (90), Hummels (90), Soboslai (90).

Kubokdagi chorakfinal «Borussiya» va jamoada bir mavsum ishlab ishdan bo‘shatilgan Marko Roze o‘rtasida bu mavsumdagi qarama-qarshilikka yakun yasab berishi kerak edi. Bu qarama-qarshilikning birinchi raundida Domeniko Tedesko o‘rniga «Leypsig» boshqaruviga kelgan mutaxassis sobiq shogirdlarini tom ma’noda yakson etgandi (3:0). Bir yil oldin esa «asalarilar» qiyin o‘yinda revansh olishdi (2:1), endi esa ular bu o‘yinga bundesligada «Bavariya»dan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan keyin keldi.

Bu o‘yindagi voqealar ham Myunxendagi o‘yinni eslatib yubordi. Faqat «Leypsig» «Bavariya»dan farqli o‘laroq dastlab o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi, shanba kungi o‘yinda o‘ta yomon o‘ynagan Kobel esa bu o‘yinda qahramonlik ko‘rsatib turdi. Ammo Verner unga imkon qoldirmadi va birinchi bo‘limda u birgina gol bilan kifoyalangani «Borussiya»ning omadi kelgani edi. Undan ham yomonrog‘i — Edin Terzich jamoasi hujumda hech narsa ko‘rsata olmadi.

Shunga qaramay, mehmonlar o‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo mezbonlar darvozaboni Bayno-Gittensning zarbasini qaytardi. Burchak zarbasi ijro etilayotganida darvozabon Kobel ham raqib jarima maydoniga yetib keldi, ammo mezbonlar qarshi hujum uyushtirishdi va bo‘sh qoldirilgan darvozani ishg‘ol etishdi. Dortmundning muvaffaqiyatsiz davri davom etmoqda, ularning sobiq bosh murabbiyi esa «Leypsig»ga yana bir kubok olib berish uchun navbatdagi qadamni tashladi.

Niderlandiya: Rotterdamda olov va qon

«Feyyenoord» — «Ayaks» — 1:2 (S.Ximenes, 45+2 — Tadich, 14. Klassen, 51)

Ikki yarim hafta muqaddam «Feyyenoord» va «Ayaks» Amsterdamda yorqin klasiko o‘tkazishgandi. O‘sha o‘yinda ilk daqiqalarda gol o‘tkazib yuborgan mezbonlar keyinroq oldinga chiqib olishgan, ammo Shimanski muvozanatni tiklagan, o‘yin oxirida esa rotterdamliklar himoyachisi Gertraydaning goli o‘yin masalasini hal qilgandi (3:2). Natijada «Feyyenoord» turnir jadvalida o‘z azaliy raqibidan sakkiz ochkoga o‘zib ketgan, chempionlik intrigasi esa amalda yopilgandi.

Erik ten Xag ketgach qiyin davrni boshdan kechirgan va faqat milliy jamoaning sobiq himoyachisi, bungacha amsterdamliklarning yoshlar jamoasi bilan ishlagan Jon Heytinganing tayinlanishidan keyin jonlangan «Ayaks» uchun Niderlandiya Kubogi asosiy turnir bo‘lib qoldi.

Tribunalardagi mushakbozlik va tutun tufayli o‘yin boshlanishi ortga surilishi amsterdamliklarga ta’sir qilmadi va 14-daqiqada raqib futbolchilarining o‘zaro tushunmovchiligidan foydalangan Tadich hisobni ochdi. Ushbu gol o‘tkazib yuborilishida aybdorlardan biri Jahonbaxsh esa qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Ammo baribir «Feyyenoord» yaxshiroq harakat qildi va jamoaning eng yaxshi to‘purari, o‘yin boshida qulay vaziyatni yo‘qqa chiqargan Ximenes tanaffus arafasida qanotdan uzatilgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

Faqat klasiko o‘yinida hech narsaga kafolat yo‘q va ikkinchi bo‘lim boshida Klassen raqib jarima maydonidagi pala-partishlikdan foydalanib, jamoasining ikkinchi golini urdi. U shu kuni o‘yinga jon-jahdi bilan berilgandi va boshi yorilganida ham o‘yinni davom ettirishga tayyor edi. 

Bu vaqtda, o‘yinning 60-daqiqasida ikki jamoa sardorlari Tadich va Go‘kche o‘rtasida nizo kelib chiqqan va vaziyatga boshqa futbolchilar aralashgandi, shunda tribunadan uchib kelgan buyum Klassenning boshiga tegib, qonatib yubordi. Natijada hakam jamoalarni maydondan olib chiqib ketdi. O‘yin bekor qilinadigandek edi, ammo 20 daqiqa o‘tib futbolchilar maydonga qaytishdi. 

Klassen ham maydonga chiqdi, ammo bir necha daqiqa o‘tib u o‘yinni davom ettira olmasligi ayon bo‘ldi. Maydonda qolgan futbolchilar esa jamoadoshlari uchun oxirigacha kurashishdi. O‘yin shu qadar shiddatli kechdiki, ikki jamoa jami 12 futbolchi almashtirish amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi, futbolchilarning miyasi chayqalgani tufayli qo‘shimcha almashtirishlarga ruxsat berildi.

27 oktyabrdan buyon ilk mag‘lubiyatni qabul qilgan «Feyyenoord»dan omad yuz o‘girdi. «Ayaks»ni esa yana bir shiddatli kechadigan final o‘yini kutmoqda — PSV ga qarshi. Bir yil oldin bu ikki jamoaning final o‘yinida sovrinni eyndhovenliklar olib ketishgandi.

Kun statistikasi

  • Murabbiylikdagi yetti klasikosida Xavi 2 bor sariq kartochka oldi. U «Barselona» futbolchi sifatidagi barcha klasikolarda faqat bir marta ogohlantirish olgandi.
  • «Fiorentina» hujumchisi Artur Kabral fevral oyi boshidan buyon barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda 8 gol urishga erishdi. Bu davr oralig‘ida A Seriyada undan ko‘p gol faqat «Napoli» hujumchisi Osimhenda (10).
  • «Fiorentina» 1960 yildan buyon ilk bor barcha turnirlar doirasida qatorasiga 9 g‘alabaga erishdi.
  • «Barselona» yarimhimoyachisi Buskets Ispaniya kubogi doirasida 10-klasikosini o‘tkazdi, bu ko‘k-anorranglilar safida o‘tgan asrning 40-60-yillarida o‘ynagan Joan Segarraning rekordi takrorlanishidir.
  • «Real» hujumchisi Benzema klasikolarda gol va pas tizimida 27 ochko (16+11) jamg‘ardi. Fransuz hujumchisi bu borada faqat Messi (26+14)dan ortda.
  • «Real» futbolchisi «Kamp Nou»da so‘nggi bor 60 yil muqaddam het-trik qayd etgandi. Bu 1963 yilda Ferens Pushkash tomonidan amalga oshirilgandi, endi esa — Benzema bu ishni uddaladi.
  • «Vest Hem» himoyachisi Zuma APLdagi gollarining 92 foizini (12 tadan 11 tasi) bosh bilan urgan. Bu ikki raqamda ifodalanadigan gol urgan futbolchilar orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

Mavzuga oid