“2017 yili prezidentimiz 192 ta 7-qavatli uy quramiz deganida mazamiz qochgandi” - Kozim To‘laganov
6 aprel kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Olmos” turar joy majmuasida “Konstitutsiya – o‘zimizniki” targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan Toshkent shahrining sobiq hokimi, qurilish sohasi faxriysi Kozim To‘laganov 3 yil ichida Sergelida 440 ta “dom” qurilib, 18 ming aholi uyli bo‘lganini esladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent shahrining sobiq hokimi, qurilish sohasi faxriysi Kozim To‘laganov odamlarga qulaylik yaratib berish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, quruvchilarning mehnat va ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilash masalalarida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
“2017 yilda prezidentimiz 192 ta 7-qavatli uy quramiz deganida bizning mazamiz qochgandi. Sababi, o‘sha vaqtda shuncha kranimiz bo‘lmagan, qurilish tashkilotlari kam, zavodlarimiz ishdan chiqqandi. O‘sha davrda tadbirkorlarga ko‘rsatilgan ko‘mak tufayli butun qurilish sohasida katta o‘zgarishlar yuz berdi. O‘sha davrda respublika bo‘yicha 2 mingga yaqin qurilish tashkiloti bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 47 mingga yetdi.
Ko‘pchilik qurilish tashkilotlari bilan birga Sergelida turar joy qurishni boshlagandik o‘shanda. 3 yilda 440 ta ko‘p qavatli uy qurdik, 18 500 aholi ko‘chib o‘tdi. Yoki yana bir raqamga e’tibor qarating: 1991 yildan 2016 yil oxirigacha Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 12 mln kvadrat metr uy-joy qurilgan. Oxirgi 5 yilda esa 6 mln kvadrat metrdan ko‘p uy-joy qurildi.
“Toshkent Siti”ni olaylik. O‘sha yerga ko‘p bora qurilish qilmoqchi bo‘lganmiz. Biroq tuproq asosining bo‘shligini inobatga olib, qo‘limiz bormagandi. Mana, o‘sha yerda zamonaviy shaharcha bunyod etildi. Kim o‘ylagandi bu narsa bo‘ladi deb? Bugun nafaqat qurilish tashkilotlari, ularga berilgan imtiyozlar tufayli qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ham juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi.
Hozirda nafaqat Toshkent, respublikaning barcha hududlarida bo‘layotgan ishlarni ko‘rib, odamning ko‘ngli quvnaydi, dili yayraydi”, — deya ta’kidladi Kozim To‘laganov.
Poytaxtning sobiq hokimi referendumda oilaviy ishtirok etishini bildirib, jamoatchilikni ham konstitutsiyaviy islohotlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kozim To‘laganov 1997-2001 yillarda Toshkent shahar hokimi lavozimida ishlagandi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
07:40 / 12.09.2024
Kozim To‘laganov Qurilish sohasi faxriylari kengashi raisi etib tayinlandi
16:33 / 12.06.2024
“GASN” rahbari – inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida qoniqarsiz o‘rindaligi haqida
15:38 / 10.04.2023