Jahon | 23:41 / 07.04.2023
41749
10 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng boy yosh milliarderlar: ularning atigi 4 nafari boylikni mustaqil orttirgan

Qolgan 11 nafari badavlat ota-onasidan meros olgan.

Ben Frensis, Palmer Laki va Rayan Breslou / Foto: Forbes

Forbes talqini bo‘yicha dunyoning eng badavlat kishilari reytingiga ko‘ra, milliarderlarning o‘rtacha yoshi 65 yosh, eng keksasi esa 101 yoshli sug‘urta magnati Jorj Jozefdir. Biroq, katta boylikni qo‘lga kiritish uchun keksalikni kutish mutlaqo shart emas. Forbes jurnalining bu yilgi milliarderlari reytingiga 30 yoshdan kichik bo‘lgan 15 kishi kirdi. Ulardan 11 nafari o‘z boyligini meros qilib olgan va faqat 4 nafari mustaqil orttirgan. 

Klemente del Vekkio, Ray Ban va Oakley ko‘zoynak kompaniyasining hammuassisi 

Yoshi: 18
Fuqaroligi: Italiya
Boylik manbai: Luxottica
Boyligi: 3,5 milliard dollar 

Leonardo del Vekkio 2022 yil iyun oyida vafot etganida dunyoda yana bir yosh milliarder paydo bo‘ldi. Ma’lumki, del Vekkio imperiyasi merosxo‘rlarining eng yoshi Klemente Luxottica korporatsiyasida hech qanday rasmiy lavozimni egallamaydi. 

Kim Chjun Yun, onlayn o‘yinlar ishlab chiqaruvchi Nexon kompaniyasi hammuassisi 

Yoshi: 19
Fuqaroligi: Janubiy Koreya
Boylik manbai: onlayn o‘yinlar
Boyligi: 1,7 milliard dollar 

Kim Chjun Yun reytingdagi ikki milliarder o‘smir qizdan biri bo‘lib, u marhum otasining holdingidagi ulushini meros qilib oldi. Kompaniya Nexon onlayn o‘yinlar giganti biznesining qariyb yarmiga egalik qiladi. Opa-singil Kimlar o‘zini kamtarona tutishni afzal ko‘radi va ularning kompaniyadagi rasmiy lavozimlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Forbes merosxo‘rlarning yoshi haqida ham aniq ma’lumotlarga ega emas. 

Kevin Devid Lemann, dm kosmetika tarmog‘ining hammuassisi (Drogerie Markt) 

Yoshi: 20
Fuqaroligi: Germaniya
Boylik manbai: dorixonalar tarmog‘i
Boyligi: 2,3 milliard dollar 

Foto: DR

14 yoshida u otasidan Germaniyaning dm-drogerie markt dorixonalar tarmog‘idagi 50% ulushini meros qilib oldi. Aktivlar 18 yoshga to‘lgunga qadar ishonchli vakilning ixtiyorida edi, keyin esa yigit milliarderga aylandi. Kichik Leman ham, uning otasi ham kompaniya faoliyatida ishtirok etmaydi. Bugungi kunga kelib tarmoqning daromadi yiliga 14 milliard dollarga yetgan. 

Luka del Vekkio, Ray Ban va Oakley ko‘zoynak kompaniyasining hammuassisi 

Yoshi: 21
Fuqaroligi: Italiya
Boylik manbai: Luxottica
Boyligi: 3,5 milliard dollar 

Leonardo del Vekkio va Luxottica boshqaruv kengashining sobiq a’zosi va investorlar bilan aloqalar bo‘yicha sobiq direktori Sabrina Grossining ikki farzandidan biri. Lukaning kompaniyada rasmiy lavozimi yo‘q. 

Kim Chjun Min, onlayn o‘yinlar ishlab chiqaruvchi Nexon kompaniyasi hammuassisi 

Yoshi: 21
Fuqaroligi: Janubiy Koreya
Boylik manbai: onlayn o‘yinlar
Boyligi: 1,7 milliard dollar 

O‘zining singlisi bilan birga Kim Chjun Min oila boyligining uchdan bir qismini meros qilib oldi (bu ularning har biri uchun Nexon o‘yin ishlab chiqaruvchisining 15% ulushini o‘z ichiga oladi). Bu ularning otasi Kim Chen Chu 2022 yil fevral oyida vafot etganidan keyin sodir bo‘ldi. Marhum tadbirkor 1994 yilda Nexon kompaniyasiga asos solgan edi. Korporatsiya o‘zining yirik multipleyer o‘yinlari Kingdom of the Winds va MapleStory bilan mashhur. Forbes merosxo‘rning yoshi haqida aniq ma’lumotlarga ega emas. 

Aleksandra Andresen, Ferd investitsiya kompaniyasining hammuassisi 

Yoshi: 26
Fuqaroligi: Norvegiya
Boylik manbai: investitsiyalar
Boyligi: 1,5 milliard dollar 

Foto: Ferd

Aleksandra va uning singlisi Katarina Ferd investitsiya firmasidagi qimmatli qog‘ozlarning 42 foiziga egalik qiladi. U biznesni boshqarish o‘rniga hayvonlarni boshqaradi: Aleksandra ot sporti bo‘yicha yoshlar toifasida Norvegiyaning uch karra chempioni. Bugungi kunda ot fermasi bilan ot tayyorlash maktabini boshqaradi. 

Van Tszelun, CNNC Hua Yuan Titanium Dioxide Co kimyoviy kompaniyasining hammuassisi 

Yoshi: 26
Fuqaroligi: Xitoy
Boylik manbai: pigmentatsiya vositalarini tayyorlash
Boyligi: 1,4 milliard dollar 

Foto: DR

Van boyligi CNNC Hua Yuan Titanium Dioxide Co kompaniyasidagi ulushi bilan bog‘liq bo‘lib, u bo‘yoq va qog‘oz kabi mahsulotlarda ishlatiladigan oq pigment uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqaradi.  

Leonardo Mariya del Vekkio, Ray Ban va Oakley ko‘zoynak kompaniyasining hammuassisi  

Yoshi: 27
Fuqaroligi: Italiya
Boylik manbai: Luxottica
Boyligi: 3,5 milliard dollar 

Foto: Getty Images for Tribeca Festival

Leonardo del Vekkio 2022 yil iyun oyida vafot etgunga qadar ko‘zoynaklar olamidagi asosiy shaxs va Italiyaning ikkinchi eng boy odami edi. U o‘z boyligining 12,5 foizini (asosan, dunyodagi eng yirik ko‘zoynak va aksessuarlar ishlab chiqaruvchi Essilor-Luxottica kompaniyasi ulushi) bevasi Nikoletta Zampillo, olti farzandi va bir o‘gay o‘g‘liga qoldirgan. Leonardo Mariya uning Zampillo bilan yagona farzandi. Yigit Luxottica strategik rivojlanish bo‘limiga rahbarlik qiladi. 

Katarina Andresen, Ferd investitsiya kompaniyasining hammuassisi 

Yoshi: 27
Fuqaroligi: Norvegiya
Boylik manbai: investitsiyalar
Boyligi: 1,5 milliard dollar 

Foto: Ferd

Singlisi Aleksandra bilan birga Katarina 4 milliard dollardan ortiq (kapitalda) aktivlarga ega bo‘lgan Ferd investitsiya kompaniyasining oltinchi avlod egasidir. Tashkilotni otasi Yohan boshqaradi va Katarina Oslodagi qurilish kompaniyasida barqaror rivojlanish bo‘yicha direktor bo‘lib ishlaydi. 

Rayan Breslou, Bolt asoschisi va bosh direktori 

Yoshi: 28
Fuqaroligi: AQSh
Boylik manbai: elektron tijorat
Boyligi: 1,1 milliard dollar 

Foto: Getty Images

Breslou Stenford universitetini tashlab, to‘rt yil farqi bilan uchta startapga asos soldi: uni butun dunyoga mashhur qilgan Bolt bilan birga Eco va Love. Startaplar mos ravishda to‘lovlarni qayta ishlash, shaxsiy moliyani yuritish va dori vositalari hisobini yuritishda vositachilarni yo‘q qilishni ko‘zlaydi. 

Gustav Magnar Vitzo, dunyodagi eng yirik Salmar ASA baliq fermasi hammuassisi 

Yoshi: 29
Fuqaroligi: Norvegiya
Boylik manbai: baliqchilik xo‘jaliklari
Boyligi: 2,7 milliard dollar 

Foto: WireImage

U otasi Gustav Vitzodan meros bo‘lib qolgan Salmar ASA losos yetishtiruvchi kompaniya aksiyalarining deyarli yarmiga egalik qiladi, ammo yigit kompaniyada rasmiy lavozimga ega emas. Buning o‘rniga u ko‘chmas mulk va IT startaplariga investitsiyalar bilan shug‘ullanadi. 

Mark Mateshits, Red Bull energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniya hammuassisi 

Yoshi: 30
Fuqaroligi: Avstriya
Boylik manbai: Red Bull
Boyligi: 34,7 milliard dollar 

Foto: Getty Images

2022 yil oktabr oyida vafot etgan otasi Ditrix Mateshits unga energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi Red Bull kompaniyasining 49 foizini meros qilib qoldirdi. Ko‘p o‘tmay, Mark «aksiyador sifatidagi roliga e’tibor qaratish» uchun organik bo‘lim boshlig‘i lavozimini tark etdi. 

Mixal Strnad, o‘q-dori yetkazib beruvchi Czechoslovak Group egasi 

Yoshi: 30
Fuqaroligi: Chexiya
Boylik manbai: qurol-yarog‘
Boyligi: 2 milliard dollar 

Foto: Reuters

Uning Czechoslovak Group holdingi Ukraina armiyasi uchun qurol-yarog‘, harbiy dala jihozlari va artilleriya snaryadlari yetkazib beruvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. 2022 yil birinchi yarmida bularning barchasi daromadni ikki baravar oshirishga yordam berib, 620 million dollarga yetkazdi. 2018 yilda Strnad otasi asos solgan biznesni to‘liq nazoratga olgan edi. 

Palmer Laki, VR-dubulg‘a ishlab chiqaruvchi Oculus kompaniyasi asoschisi 

Yoshi: 30
Fuqaroligi: AQSh
Boylik manbai: virtual reallik, mudofaa shartnomalari
Boyligi: 1,7 milliard dollar 

Foto: Corbis via Getty Images

Sobiq vunderkind-o‘smir virtual reallik uchun dubulg‘a ishlab chiqaruvchi Oculus kompaniyasiga asos solgan va 2014 yilda uni Facebook kompaniyasiga 2 milliard dollarga sotgan. So‘ngra qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.  

2022 yil dekabr oyida uning AQSh Mudofaa vazirligi uchun dron va kuzatuv moslamalari yig‘ishni maqsad qilgan Anduril harbiy startapi 1,5 milliard dollar sarmoya to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Uning biznesi 8,5 milliard dollarga baholanmoqda. 

Ben Frensis, Gymshark sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi kompaniya asoschisi 

Yoshi: 30
Fuqaroligi: Buyuk Britaniya
Boylik manbai: Gymshark
Boyligi: 1,2 milliard dollar 

Foto: CC BY-SA 4.0

Frensis 19 yoshga to‘lganida va kollejda o‘qib, pitssa yetkazib beruvchi bo‘lib ishlaganida, Gymshark sport kiyimlari va jihozlari brendiga asos solgan. U birinchi namunalarni ota-onasi bilan Birmingemdagi (Britaniya) garajida tikdi va sport kiyimlarini reklama qilish uchun «partizan» marketingiga murojaat qildi. Brendni targ‘ib qilish uchun «og‘ir vaznli» inflyuyenserlarni jalb qildi. 

2021 yilda Gymshark daromadi 500 million dollarni tashkil etdi. 2020 yilda Frensis 21% ulushini General Atlantic xususiy sarmoya firmasiga 300 million dollarga sotdi, ammo u biznesning 70 foizi nazoratini saqlab qoldi. 2022 yilda brend Londonda Gymshark kiyimlarini sotadigan va sport mashg‘ulotlari olib boriladigan brend do‘konini ochdi. 

Mavzuga oid