Jahon | 22:27 / 10.08.2024
9210
3 daqiqa o‘qiladi

Forbes AQShdagi prezidentlik poygasining «eng qashshoq» ishtirokchisi nomini ma’lum qildi

Kamala Xarris vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlagan Uolsning boyligi 1 mln dollarni tashkil etadi. Bu o‘rtacha statistik amerikalikning daromadiga teng demak.

Foto: Reuters

Minnesota gubernatori va AQSh vitse-prezidentligiga nomzod Tim Uols saylovoldi poyhasining eng «qashshoq» ishtirokchisi hisoblanadi, deb xabar beradi Forbes.

Bloomberg va Forbes nashrlarining baholashicha, Uolsning boyligi 1 million dollardan sal oshadi. U boshqa nomzodlardan ko‘ra oddiy amerikalikka yaqinroq: AQShda o‘rtacha statistik aholining boyligi 540 ming dollarni tashkil etadi. AQSh Federal zaxira tizimi va Viskonsin universiteti tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqotda daromadni hisoblashda ijtimoiy ta’minot doirasida beriladigan pensiya va yordam pullari, shuningdek, boshqa aktivlar ham inobatga olingan.

Uols 2019 yilda taqdim etgan hisobotga ko‘ra, u kongressmen lavozimida bo‘lganida o‘zi ham, rafiqasi Gven ham aksiyalar yoki obligatsiyalarga egalik qilmagan. Shuningdek, Uolslarning uyi yo‘q: Mankeytodagi besh xonali uyini ular Tim Uols gubernator bo‘lganidan ko‘p o‘tmay sotib yuborgan.

Nashrning qayd etishicha, Uolsning gubernator maoshidan tashqari daromad keltiradigan biror biznesi borligi haqida shama qiluvchi belgilar ham yo‘q. U yiliga 149 ming dollar ishlab topadi. Uolslarning deyarli barcha daromadlari davlat va harbiy xizmatda bo‘lgan yillari davomida olgan davlat pensiyalari hisobiga shakllanadi.

Shu bilan birga, vitse-prezident bo‘lishidan oldin uzoq yillar prokuror, shtat bosh prokurori va senator lavozimida ishlagan Harrisning boyligi 8 million dollarga baholanadi. Mablag‘larning bir qismini u eri yurist Dag Emxoffdan olgan.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod, AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning boyligini esa Forbes 4,8 milliard dollarga baholadi — u saylovoldi poygasining eng badavlat ishtirokchisi. U tomonidan vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlangan Ohayo shtati gubernatori Devid Vensning boyligi 10 million dollar atrofida.

Prezidentlik poygasida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etayotgan marhum prezident Jon Kennedining jiyani, kichik Robert Kennedining boyligi 15 million dollarga teng, uning sherigi Nikol Shanaxan — Google asoschilaridan biri, boyligi 130,6 milliard dollarga baholangan Sergey Brinning sobiq rafiqasidir.

Mavzuga oid