O‘zbekiston | 12:12 / 07.04.2023
38124
4 daqiqa o‘qiladi

Farhod Mannopovni operatsiya qilgan shifokorda malakaviy toifa bo‘lmagan – manba

Bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan Star Med Center klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma’lum bo‘ldi: bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorida malakaviy toifa bo‘lmagan.

Foto: KUN.UZ

Bloger Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan Star Med Center klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma’lum bo‘lgan. Bu haqda Yuz.uz nashri Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan yagona Nizomda belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan. Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan Star Med Center klinikasida bemorga anestiziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan. Anestiziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan.

Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqqan. Unga operatsiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019 yil 17 iyunda tugatgan.

Mazkur mutaxassisning ish staji besh yil bo‘lmaganligi uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik bo‘yicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun malaka toifasiga ega bo‘lishi talab etilmagan. Biroq u bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan. Lekin “OMAD PLYUS” MChJ tomonidan plastik jarroh shifokori E.A.da malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J.Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Farxod Mannapovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. 

Tergov davomida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan klinika shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan. 

Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shilgan. 

Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni o‘tkazish jarayoni ketmoqda. 

«Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013 yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida ko‘rsatma olingan. 

Biroq, tergov davomida ushbu vaj o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan. 

Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid