Jahon | 18:19 / 08.04.2023
24995
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy musulmon harbiylar bilan iftorlikda qatnashdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat armiyasidagi musulmon harbiylar bilan iftorlikda qatnashdi. Bu haqda Ukraina prezidenti rasmiy saytida xabar berilgan.

Foto: president.gov.ua

Zelenskiy bilan birga iftorlikda qrimtatarlar Majlisi yetakchilari, Ukraina prezident devoni rahbari Andriy Yermak ham qatnashdi. Iftorlik Kiyev viloyatidagi «Birlik» qrimtatarlar madaniy markazida o‘tkazildi.

«Bugundan biz Ukrainada rasmiy darajada iftor tashkil qilish an’anasini yo‘lga qo‘yamiz. Qrimtatarlar Majlisi vakillari, vatanimiz mudofaasi uchun shay bo‘lgan qahramon musulmon harbiylarimiz va Ukrainadagi barcha musulmonlar bilan birga. Bu orqali Ukraina mamlakatdagi barcha jamiyatlarni qo‘llashini ko‘rsatmoqchimiz. Ukraina har bir insonni qadrlaydi.

Ukraina yurtimizdagi va butun dunyodagi zulmdan himoyalanishimiz uchun jon kuydirayotgan barcha musulmonlardan minnatdor. Urush va qayg‘uga qaramay muqaddas Ramazon sizlarga muborak bo‘lsin. Iftor dunyoning har chekkasidagi musulmonlarga halovat bersin. Dunyodagi ulkan musulmon jamoati doim bizga tayanishi mumkin, chunki bizda hurmat va birdamlik bor», dedi Ukraina yetakchisi.

Zelenskiyning aytishicha, Rossiya aynan Qrimni istilo qilish orqali Ukrainani qulga aylantirish harakatini boshlagan: «Afsuski, hozir Qrimda Rossiya bayrog‘i ostida zulm, xo‘rlash, qotillik va urush hukmron. Ammo aynan zulm boshlangan o‘sha yerlarda bizni zulm ustidan g‘alaba kutmoqda. Qrim ozod qilinadi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas», degan Zelenskiy iftor oldidan nutq so‘zlar ekan.

Mavzuga oid