Sovetlar qamoqqa tiqqan olim: SSSRda xor bo‘lgan aviamuhandis AQShda qanday kashfiyotlar qilgandi?
1972 yilda SSSRdagi taniqli muhandis, olim Aleksandr Bolonkin hibsga olinadi. U sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borgan guruh a’zosi sifatida ayblanib qamaladi. Ozodlikka chiqishiga bir necha kun qolganda olimga yangi ayblov e’lon qilinadi. Keyingi muddat tugayotganda KGB yana shu usulni qo‘llaydi. Shu tariqa Bolonkin ozod bo‘lishga ulgurmay yana ikki marta qamaladi. 1988 yilda u AQShdan o‘ziga siyosiy boshpana so‘raydi va okean ortiga ko‘chib ketadi. Keyinchalik Bolonkin NASAʼda ishlaydi va yigirmaga yaqin muhim kashfiyotlar qiladi.
1960-yillar boshlarida SSSRda ziyolilar orasida norozilik kayfiyati avj oladi. Stalin vafotidan so‘ng yetarlicha oshkoralik va erkinlik bo‘lmadi deb hisoblagan ayrim taniqli olimlar, yozuvchilar sovetlardan tuzumni demokratlashtirishni so‘rashadi.
Andrey Saxarov, Aleksandr Soljyenitsin va boshqa yana bir qator boshqa taniqli shaxslar sovet hukumatidan inson huquqlariga rioya etishni, o‘zgacha fikrlaydiganlarni qatag‘on qilishni to‘xtatishni talab qilib chiqishadi.
Ular doim KGB nazoratida bo‘lishgani uchun SSSRda chop etishning iloji bo‘lmagan asarlarini, maqolalarini yashirincha ko‘paytirib tarqatishda muammolarga duch kelishadi. Ularga asarlarni ko‘paytirish uchun maxsus texnikalar va ularni tarqatish uchun ko‘zga tashlanmaydigan hammaslaklar kerak edi.
Shunda ular SSSRda ko‘zga ko‘ringan muhandis olimlar va pedagoglarni o‘z saflariga jalb etishadi. Olimlar qo‘lbola nusxa ko‘chiruvchi apparatlar yasab turli materiallarini ko‘paytirib bera boshlashadi. Pedagoglar esa ularni tarqatishda yordamlashishadi.
1970-yillar boshida Moskvada sovet tuzumiga qarshi bo‘lgan guruh a’zolari qo‘lga olingani haqida mish-mishlar tarqaladi. Biroz o‘tib odamlar orasida tarqalgan gap-so‘zlar rost bo‘lib chiqadi.
KGB sakkiz kishilik guruhni qo‘lga olganini, ular sovet tuzumiga qarshi bo‘lgan maqolalar, asarlarni chop etib, omma orasida tarqatib kelganini ma’lum qiladi.
Keyinchalik, qo‘lga olinganlarning shaxsi ham oshkor qilinadi. Ana shunda sakkiz kishining barchasi SSSRda ko‘zga ko‘ringan olimlar, pedagoglar ekani oydinlashadi. Ular orasida taniqli muhandis olim Aleksandr Bolonkin ham bor edi.
Bolalikdan aviamodellarga qiziqqan Bolonkin
Aleksandr Bolonkin 1933 yilda Perm shahrida tug‘ilgan. U o‘quvchilik paytlaridanoq aviamodellarni yasashga qiziqadi. Bolonkin o‘rta maktabni bitirganidan so‘ng Qozon aviatsiya institutiga o‘qishga kiradi.
Keyinchalik olim bolaligini shunday eslagandi:
«Otam 1936 yilda Uzoq Sharqda Xalxin-Golda yaponlar bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan. Bolaligim Permda yo‘qchilikda o‘tgan. Onam bilan eski barakda yashardik. 4-sinfdan boshlab aviamodellar yasashga qiziqib qoldim. Keyinchalik maktabni bitirgunimcha o‘zim yasagan aviamodellar bilan butunittifoq musobaqalarida ko‘p marta g‘alaba qozonganman».
1958 yilda o‘qishni bitirgach Bolonkinni Kiyevga, taniqli aviakonstruktor Oleg Antonov boshchiligidagi «Antonov» konstruktorlik byurosiga ishga yuborishadi.
Bolonkin u yerda An-8, An-124 va yana bir nechta samolyotlarni yasashda qatnashadi. Shu bilan birga Kiyev universitetining mexanika-matematika fakulteti va Moskva aviatsiya instituti aspiranturasini sirtdan bitiradi.
1962 yilda Bolonkin «Uchuvchi modellarning parvoz nazariyasi» ilmiy ommabop kitobini yozib chop ettiradi. 1964 yilda SSSRdagi taniqli aerodinamika olimi Ivan Ostoslavskiy rahbarligida ilmiy dissertatsiyasini yoqlaydi.
Shundan so‘ng u umidli olimlardan biri sifatida Raketa dvigatellari konstruktorlik byurosiga ishga o‘tadi. Shuningdek, Moskva aviatsiya instituti, Moskva aviatsiya texnologiyalari institutida dars bera boshlaydi.
1971 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Biroq keyingi sodir bo‘lgan voqealar tufayli Bolonkinning bu ilmiy ishi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlanmay qolib ketadi.
Bolonkin sovet tuzumiga qarshi
Yosh olim o‘z ilm saviyasini ko‘tarib borar ekan, 1960-yillar o‘rtalaridan boshlab sovet tuzumini yomon ko‘rib qoladi. U tuzumning ikkiyuzlamachiligi, baland minbarlardan gapirilayotgan gaplarning hayotdagi haqiqiy holatga to‘g‘ri kelmasligini hazm qilolmaydi.
«Olim sifatida sovet tuzumidan ko‘nglim to‘lmasdi. Tuzum bema’ni va unda kamchiliklar ko‘p edi. Biroq o‘sha paytda rasmiy targ‘ibotlardagi aldovlarga uchib yurganim bois sotsializmning o‘zi yaxshi, maqsadlari oliyjanob, hamma ayb no‘noq rahbarlarda deb ishonardim. Hatto onam aytib bergan 30-yillarning qora kunlari ham Stalinning aybi bilan bo‘lgan deb o‘ylardim. Biroz vaqt o‘tsa hammasi zo‘r bo‘lib ketadi deb hisoblardim. Chunki 1960-yillar boshida kompartiya rahnamolari 1980 yilga bormay kommunizmga erishamiz deb juda katta gaplarni gapirgandi. Men esa unga ishonardim. Biroq vaqt o‘tgan sayin kommunistik tuzum faqat va faqat balandparvoz shiorlar, yolg‘on va’dalar va zo‘ravonlik ustiga qurilganini anglab yetdim», degan edi keyinchalik.
1970 yilda Bolonkin SSSRda taqiqlangan adabiyotlar va asarlarni yashirincha tarqatadigan shaxslardan biri bilan tanishadi. Undan turli asarlar olib o‘qiydi. Keyinroq u boshqalar bilan ham tanishadi va o‘zi ham sovetlarga qarshi yozilgan asarlarni tarqata boshlaydi.
«Men sovet tuzumiga qarshi asarlarni, maqolalarni o‘qir ekanman, ularga ko‘r-ko‘rona ishonib ketmasdim. Barchasini tekshirib ko‘rardim. Afsuski o‘qiganlarim rost bo‘lib chiqardi. Men hokimiyatning takabburligi va aholining soddaligidan hayratda qolardim. Tantanali yig‘ilishlarda kommunistik amaldorlar ulkan muvaffaqiyatlar, besh yillik rejalarning ortig‘i bilan bajarilishi haqida ilhom bilan so‘zlardi. O‘shanda hech kimning xayolidan ular aytgan gapining, bergan va’dasining ustidan chiqyaptimi degan o‘y o‘tmasdi», degan edi u keyinchalik.
Bolonkin avvaliga taqiqlangan materiallarni oddiy yo‘l bilan fotosuratga tushirib ko‘paytiradi. Keyinchalik qo‘lbola chop etish uskunasini yasaydi va uning yordamida turli asarlarni osongina ko‘paytira boshlaydi.
Keyinroq sovet tuzumini yomon ko‘ruvchi boshqa odamlar bilan tanishadi. Ular orasida Moskva metallurgiya texnikumi o‘qituvchisi Valeriy Balakirev, taniqli muhandis-geolog Georgiy Davidov, muhandis-elektrik Vladimir Shaklein yana bir qator taniqli shaxslar bor edi.
Bolonkin va uning sheriklari chop etib tarqatgan asarlar orasida o‘sha paytda SSSRda sovetlarga qarshi bo‘lgan ziyolilar tomonidan yozib kelingan «Hozirgi voqealar xronikasi» va «Demokrat» jurnallari, AQShlik taniqli yozuqchi Robert Konkvestning «Katta terror» asari bor edi.
Shuningdek, ular yozuvchilar Anatoliy Marchenko, Andrey Amalrik, Aleksandr Soljyenitsinning («GULag arxipelagi», «Ivan Denisovichning bir kuni») SSSRda chop etish taqiqlangan asarlarini, akademik Andrey Saxarovning turli maqolalarini ko‘paytirib tarqatishadi.
Asarlar chop etilgandan so‘ng ular mamlakatning turli shaharlariga yuborilgan. Jumladan, Leningrad (hozirgi Sankt-Peturburg), Ijyevsk, Kiyev, Minsk, Krasnodar va boshqa yirik shaharlarida tarqatilgan.
Sud va qamoq
1972 yilda KGB guruh a’zolarining iziga tushishga muvaffaq bo‘ladi. Guruh a’zolaridan biri qo‘lga olingach u KGBga o‘z sheriklarini sotadi. Shundan so‘ng 1972-73 yillarda birin-ketin Bolonkin va uning sheriklari qo‘lga olinadi.
KGB Bolonkinni Moskvadagi eng dahshatli qamoqxonalardan biri Lefortovoda saqlaydi. Tergovlar tugagandan so‘ng guruh a’zolarining bir nechtasi qo‘yib yuboriladi, qolganlar navbati bilan sud qilinadi.
1973 yil 23 noyabr kuni Bolonkin va guruhning yana bir a’zosi Moskva metallurgiya texnikumi o‘qituvchisi Valeriy Balakirevga sud hukmi o‘qiladi. Unga ko‘ra Bolonkin 4 yil qamoq, 2 yil surgun, Balakirev besh yil (shartli) qamoq jazosi oladi.
«Suddagi barcha ish 20 jilddan iborat edi. Ularning 3-4 jildi sheriklarim, guvohlar, ekspertiza ishi bo‘yicha ko‘rsatmalar, qolgan jildlari bizdan tortib olingan adabiyotlar edi. Bizga qo‘yilgan ayblovlarda sovet tuzumiga tuhmat qilish ayblovi ham bor edi. Biroq biz sovet tuzumiga qanday tuhmat qilganmiz, u nimalardan iborat bo‘lgan, aniq dalillar yo‘q edi. Ayblov faqat Brejnev va markaziy qo‘mita yuritayotgan siyosatdan norozilik, sovet matbuotida yozilmagan dalillarni keltirish va hokazo umumiy gaplardan iborat bor edi. Turli faktlar, taqqoslashlar hatto KPSSning o‘tgan s’yezdlari va plenumlari qarorlaridagi aholi turmush darajasini yaxshilash haqida berilgan va’dalar ham tuhmat deb e’lon qilindi. Chunki ular tomonidan belgilangan muddatlar allaqachon o‘tib ketgan va o‘sha va’dalar to‘liq firibgarlik ekanligi ayon bo‘lib bo‘lgandi», degan edi olim keyinchalik.
Bolonkin 1974 yildan 1976 yilgacha siyosiy mahbuslar saqlanadigan qamoqxona lagerining bir nechtasini «aylanib chiqadi».
1976 yilda u surgunga yuboriladi. Bolonkin surgunni Buryatiyadagi qishloqlardan birida o‘tkazadi. Olim bu yerda maishiy texnikalar ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.
Qo‘rg‘onda yashovchilarning turli texnikalarini haq evaziga tuzatib beradi. Ana shu ishi keyinchalik sovetlar uni yana ayblashi uchun asos bo‘ladi.
1978 yil aprelda Bolonkin surgundan qaytishiga ikki hafta qolganda uni yana qamoqqa olishadi. Olimning qo‘liga kishan taqib, Buryatining Ulan-Ude shahriga olib borishadi. U yerda KGB xodimlari Bolonkinni urishadi. Zo‘rlash va «qamoqda chiritish» bilan qo‘rqitishadi.
KGB xodimlari olim surgunda yurgan paytida davlat mulkini o‘zlashtirganini, firibgarlik qilganini, buyurtmachilarni aldab ularga zarar yetkazganini va yana bir qator ayblarni tan olishini xohlashardi.
Bolonkin bunga ko‘nmaydi va militsiya hamda KGB xodimlarining zo‘ravonliklari haqida SSSR bosh prokurori nomiga shikoyat yozadi. Biroq unga Buryatiya prokuraturasidan huquqni himoya qilish organlarining xatti-harakatlarida qonundan chetga chiqish holatlari kuzatilmagani haqida javob xati beriladi.
1978 yil 4 avgust kuni sud unga 3 yil qamoq jazosi va 1 340 rubl jarima jazosini beradi. Shu tariqa olim ozodlikka chiqish o‘rniga qayta qamaladi.
1981 yilda KGB Bolonkinga yana o‘zining eski uslubini qo‘llaydi va qamoqdan chiqishiga o‘n kun qolganda olimga qarshi yana ayblov e’lon qilinadi. Shundan so‘ng SSSRdagi taniqli muxoliflar Bolonkinni himoya qilib chiqishadi.
Jumladan, taniqli muxolif, akademik Andrey Saxarov «Aleksandr Bolonkinning himoyasi bo‘yicha murojaat» deb atalgan murojaatini e’lon qiladi. Uni ko‘plab ziyolilar qo‘llab chiqishadi.
1982 yilda KGBning majburlovi bilan Bolonkin televideniyeda chiqish qiladi. «Voqealar ketma-ketligi» jurnalining anonim mualliflaridan biri KGB Bolonkinning qo‘liga matnni berib, uni televideniyeda o‘qib bermasa 15 yil qamoq jazosi berish bilan tahdid qilgani haqida yozib chiqadi.
Bolonkinni majburlashgani ommaga oshkor bo‘lgach, uni baribir qamashadi. Bu safar unga 1 yil qamoq, 5 yil surgun jazosi beriladi.
1985 yilda Bolonkin surgunda yashayotgan joyidan turib bir kishilik norozilik namoyishi o‘tkazadi. U KGB xodimlari bosim bilan yana sovet tuzumini maqtab intervyu berish majburlagani va buni rad etgani haqida aytib, xorijga chiqib ketishi uchun ruxsat berishlarini talab qiladi.
Bolonkin berilgan muddat tugaguncha Ulan-Ude shahrida surgunda qoladi. 1988 yilda olim ozod bo‘lgan paytda SSSRda juda katta o‘zgarishlar bo‘layotgandi. Shu sababli KGB bu safar uni yana qamoqqa tiqishga jur’at qila olmaydi.
Amerikaga ketish va okean ortidagi muvaffaqiyatlar
Nihoyat 1988 yilga kelib SSSRning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov boshlagan ijobiy islohotlar tufayli Bolonkinga AQShga ketishga ruxsat berishadi. Shundan so‘ng u siyosiy qochoq sifatida Amerikaga ketadi.
1990 yilda olimga nisbatan 1973 yilda ochilgan jinoyat ishi «tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lmagani uchun» bekor qilinadi.
Olim AQShga yetib borar ekan, unga tezda bir necha joydan ish taklif qilishadi. Bolonkin Nyu-Jyersi texnologiya instituti, Nyu-York universiteti, Nyu-York shahar universiteti va boshqa bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalarida dars beradi.
Oradan biroz o‘tib uni AQSh kosmik tadqiqotlar agentligi – NASA’ga ishga chaqirishadi. Olim bir necha yil u yerda yetakchi ilmiy xodim sifatida ishlaydi. So‘ng AQSh harbiy-havo kuchlari Milliy tadqiqot kengashi laboratoriyalarida yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Keyinchalik Isroilda Strategic Solutions Technology kompaniyasining yetakchi ilmiy xodimi sifatida ishlaydi.
Bolonkin Xalqaro kosmik agentlik direktorlar kengashi a’zosi va parvozlar bo‘limi raisi lavozimiga tayinlanadi. Shuningdek, u Lifeboat Foundation fondining konsultativ kengashi a’zosi bo‘ladi.
1990 yilda olim sovet tuzumi sobiq siyosiy mahbuslari va kommunistik tuzum qurbonlari xalqaro assotsiatsiyasini tuzadi. Bundan tashqari, u Amerika rusiyzabonlar huquqlarini himoya qilish assotsiatsiyasini tashkil etadi.
Bolonkin AQShda yashab yurgan paytida ham Rossiyadagi voqea-hodisalarga befarq bo‘lmaydi. U Putin hokimiyatga kelgandan so‘ng Rossiya muxolifatiga qarshi qilingan ishlar yuzasidan o‘z noroziligini bildirib turadi.
Jumladan, 2012 yilda Moskvada bir guruh muxolifat a’zolari qamoqqa olinganda u hammaslagi Dmitriy Glinskiy bilan birga AQSh prezidenti Barak Obama va AQSh davlat kotibi Hillari Klintonni «siyosiy qatag‘onlar» uchun Moskvaga diplomatik yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazishga chaqiradi.
Bolonkin AQShda uch marta Milliy akademiya mukofoti, NASA va AQSh harbiy-havo kuchlari mukofotlari, Nyu-York shtati assambleyasining mukofoti, Nyu-York shtati gubernatori va AQSh prezidenti mukofotlarini qo‘lga kiritgan.
U 250 dan ortiq ilmiy risola va kitoblar yozib chop etgan. O‘n yettita kashfiyot qilgan (barchasi AQShda). Bolonkinga tegishli kashfiyotlarining ayrimlari AQShda mutlaqo maxfiy maqomiga ega.
Aleksandr Bolonkin uzoq yillar davomida AQShning aviatsiya va kosmik sanoatiga hissa qo‘shib, 2020 yilda 88 yoshida vafot etgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:51 / 11.12.2024
O‘zbekiston va Fransiya yo‘l va aeroport qurilishi sohalarida muhandislarni birgalikda tayyorlaydi
14:37 / 08.12.2024