Jamiyat | 12:49 / 10.04.2023
34747
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda tuman hokimi o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi o‘rinbosari 8 sotix yerni noqonuniy ravishda olib berishga va’da berib, 5,3 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Andijon viloyati Izboskan tumani hokimining investitsiya, sanoat va savdo yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari himoya hududidagi yer maydonini amaldagi tartibni buzgan holda sotib olib berish evaziga pora olgan vaqtida ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Daryo» manbasiga ko‘ra, Izboskan tumani hokimining investitsiya, sanoat va savdo yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari A.K. Katta Farg‘ona kanali himoya hududidan 0,08 ga yer maydonini E-auksion’dagi savdolarni yopiq shaklda o‘tkazgan holda sotib olib berishda yordam berishini aytib, evaziga pul talab qilgan. U 7 aprel kuni talab qilingan pullardan 500 dollarini xizmat xonasida olayotganida qo‘lga tushgan.

A.K. 2022 yilning oktyabr oyidan buyon tuman hokimi o‘rinbosari — tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Bundan avvalroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ikki mansabdori pora bilan qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid