Iqtisodiyot | 17:45 / 11.04.2023
40548
5 daqiqa o‘qiladi

UzTest direktoriga 2 oy uchun qariyb 136 mln so‘m oylik to‘langan

Ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi bosh direktori Jamshid G‘aniyev yanvar oyida 51 mln so‘m, fevral oyida 85 mln so‘m oylik olgan. Bu – O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqidan 17,5 barobarga ko‘p. Avvalroq shu tashkilot bosh buxgalteri 2 oy uchun 468 mln so‘m maosh olgani xabar qilingandi.

Foto: UzTest

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) davlat muassasasi bosh direktori Jamshid G‘aniyevning oylik daromadlari bo‘yicha ma’lumot tarqaldi.

Unga ko‘ra, G‘aniyev UzTest'dagi faoliyati uchun 2022 yil mart oyidan 2023 yil martiga qadar 12 oy davomida jami 551 mln 660 ming so‘m maosh olgan. Birgina joriy yilning yanvar oyidagi maoshi 50 976 280 so‘m, fevral oyidagi maoshi esa 84 908 480 so‘m chiqqan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi direktori J. I. G‘aniyevning joriy yil yanvar va fevral oylaridagi daromadlari to‘g‘risidagi turli ma’lumotlar bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzildi.

Ayni paytda mazkur ishchi guruh Markaz xodimlarining doimiy oylik maoshlari bo‘yicha to‘liq o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Rasmiy sahifalarimiz orqali o‘rganishlar yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”,deya ma’lum qilindi UzTest'ning Telegram-kanalida.

Avvalroq, UzTest bosh buxgalteri o‘ziga yanvar oyida 157,6 mln so‘m, fevral oyida 310,8 mln so‘m miqdorida oylik yozgani haqida xabar berilgandi.

Kun.uz qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida UzTest axborot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, hali ishchi guruh tomonidan holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinmagan.

“Har bir detal tekshirilyapti”

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Raufjon Rasulovning ma’lum qilishicha, 2-3 kun ichida ishchi guruhning o‘rganishlari yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi.

“Ushbu masalani o‘rganish maqsadida o‘tgan hafta Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati tomonidan ishchi guruh tuzildi. Hozirda to‘langan oyliklar qayerdan keldi, nima uchun shuncha miqdordan yozildi, mana shu va boshqa jihatlar o‘rganilyapti. Hali ish oxiriga yetmadi. Qonuniy jihatdan har bir detal tekshirilyapti. Masalan, sertifikatlash jarayonida buxgalter ishtirok etmasligi kerak. O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi belgilangan, shundan kelib chiqib davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarga ham maosh to‘lanadi. Bu yerda juda katta ish bor. Ikki-uch kun ichida ishchi guruh o‘rganish ishlarini tugatadi”, dedi Raufjon Rasulov.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi qancha?

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3 mln 892 ming so‘mni tashkil etgan. Tibbiyot xodimlari hamda ta’lim sohasi vakillari maoshi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past darajada qolmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, 2022 yilda budjet va nobudjet tashkilotlarda ishlovchilarning 28 foizi yoki 1 404 377 nafar xodim 1 mln so‘mgacha maosh olgan. 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha oylik oluvchilar soni 1,2 mln nafarni (24,6 foiz) tashkil qilgan. Shuningdek, 25,2 foiz xodim 2 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha oylik daromad topgan. Respublika miqyosida budjet va nobudjet tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning 77,8 foizi oyiga 4 mln so‘mdan kamroq daromad topadi.

“UzTest” qanday tashkilot?

O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi davlat unitar korxonasi mintaqada ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan quyidagi yo‘nalishdagi mahsulotlarni sertifikatlashtirish ishlarini olib boradi:

  • oziq-ovqat, parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini sertifikatlash;
  • qurilish mahsulotlarini sertifikatlash;
  • mashinasozlik va metallni sertifikatlash;
  • kimyoviy mahsulotlarni sertifikatlash;
  • elektr mahsulotlari uchun sertifikatlash;
  • yengil sanoatni sertifikatlash organi.
  • Quyidagi yo‘nalishlarda sinov laboratoriyalari olib boriladi:
  • elektr sanoati mahsulotlarining sinov laboratoriyasi;
  • yuqori va past kuchlanishli elektr materiallari sinov laboratoriyasi;
  • mashinasozlik mahsulotlarining sinov laboratoriyasi;
  • to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining sinov laboratoriyasi;
  • yengil sanoat mahsulotlarining sinov laboratoriyasi;
  • qurilish materiallarining sinash laboratoriyasi;
  • polimer va kimyoviy mahsulotlarning sinash laboratoriyasi;
  • oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi.

Mavzuga oid