Jahon | 21:22 / 12.04.2023
8235
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda parranda grippidan dunyoda birinchi marta odam o‘limi qayd etildi

Bemorda boshqa bir nechta kasalliklar ham bo‘lgan. 

Foto: Reuters

Xitoyning janubidagi Guandun provinsiyasida yashovchi 56 yoshli ayol parranda grippining H3N8 shtammi bilan kasallanish oqibatida vafot etgan birinchi odamga aylandi. 

Bu haqda 12 aprel kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ayol parranda grippining H3N8 turi bilan kasallangan uchinchi shaxs bo‘lgan. Infeksiyaning barcha holatlari Xitoyda qayd etilgan, dastlabki ikkita holat o‘tgan yili bo‘lgan. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bemorda boshqa bir nechta kasalliklar ham bo‘lgan. U Chjunshan shahridagi bozorda tirik parranda bilan aloqada bo‘lgan. Ayol kasal bo‘lgunga qadar borgan oziq-ovqat bozorida olingan namunalar A (H3) grippi uchun ijobiy natija bergan, bu infeksiya manbasi ekanini anglatadi. Ayol bilan yaqin aloqada bo‘lganlar orasida infeksiya holatlari aniqlanmagan. 

«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu virus odamdan odamga oson tarqalish qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda uning tarqalish xavfi past deb hisoblanadi», deb xulosa qildi JSST. 

H3N8 odamlarda kamdan-kam uchraydi va ko‘pincha qushlar orasida tarqaladi. U deyarli kasallik belgilarini keltirib chiqarmaydi. Virus boshqa sutemizuvchilarga ham yuqishi mumkin. 

Odamlarda H3N8 parranda grippi bilan kasallanishning birinchi holati 2022 yilning aprel oyida Xitoyda qayd etilgan. Xenan provinsiyasida yashovchi to‘rt yoshli bolakayda tovuqlar va qarg‘alar bilan aloqa qilganidan keyin isitma va boshqa alomatlar paydo bo‘ldi. 

Avvalroq JSST epidemiologi Richard Pibodi dunyo hamjamiyati odamdan odamga yuqishi mumkin bo‘lgan parranda grippi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, xavf, ayniqsa, qishloq joylari va parranda boqish bilan shug‘ullanadigan o‘rta daromadli oilalar uchun kuchaymoqda. 

Mavzuga oid