Jahon | 10:03 / 14.04.2023
4624
2 daqiqa o‘qiladi

HRW Xersonda Rossiya okkupatsiyasi paytidagi qiynoqqa solish xonalari haqida xabar berdi

Rossiya qo‘shinlari Xerson va uning atrofidagi aholini 2022 yilning martidan noyabrigacha qiynoqqa solgan, deb yozadi Human Righs Watch.

Rossiya qo‘shinlari 2022 yilning martidan noyabrigacha bo‘lgan okkupatsiya davrida Xerson va uning atrofidagi aholini noqonuniy hibsga olgan va qiynoqqa solgan. Bu haqda 13 aprel, payshanba kuni Human Righs Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti ma’lum qildi.

Jabrlanuvchilar va ularning oila a’zolari HRW'ga Teploenergetik ko‘chasidagi tergov izolyatorida, shuningdek, Perekopskaya ko‘chasidagi tergov izolyatorida hamda shahar hokimligi binosidagi vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida, qishloq maktabidagi qiynoqlar va boshqa zo‘ravonlik holatlari haqida gapirib berishdi. 

Gap tayoq va rezina dubinkalar bilan qattiq urish, elektr toki urishi, o‘lim yoki jarohat yetkazish bilan tahdid qilish, qamoqda saqlash vaqtida og‘riqli holatni qo‘llash haqida ketyapti. Shu bilan birga, odamlarga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.

«Ushbu dahshatli harakatlar uchun javobgarlar jazosiz qolmasligi kerak, qurbonlar va ularning oilalariga azob-uqubatlari uchun tovon to‘lanishi va bedarak yo‘qolganlar haqida ma’lumot berilishi kerak», dedi Yuliya Gorbunova, Human Righs Watch'ning Ukraina bo‘yicha katta tadqiqotchisi.

HRW 2022 yil 11 noyabrda Rossiya qo‘shinlari mintaqa katta qismidan olib chiqilguniga qadar Xerson viloyatining Rossiya tomonidan bosib olinishi davrida tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani haqida gapirgan 34 kishi bilan suhbatlashdi. O‘n ikki sobiq mahbus va ularning oilalarining o‘n a’zosi qiynoqlarga duchor bo‘lganliklari yoki boshqa mahbuslar qiynoqqa solinganiga guvoh bo‘lganliklari, natijada uch kishining o‘limi yuz bergani haqida xabar qilishdi. Avvalroq, viloyat aholisi okkupatsiya dastlabki oylaridayoq qiynoqlar haqida ekspertlarga aytishgandi.

Mavzuga oid