Jahon | 15:48 / 29.12.2023
8437
4 daqiqa o‘qiladi

AP: Kaxovka GESdagi to‘g‘on buzilishi qurbonlari soni yashirilgan

Xerson viloyatida Kaxovka gidroelektr stansiyasida to‘g‘on buzilganidan keyin yuzlab odamlar suv toshqini tufayli halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Foto: AP

Xerson viloyatining Rossiya nazoratidagi qismi ma’muriyati 2023 yil iyun oyida Kaxovka GESda to‘g‘on buzilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini qurbonlarining haqiqiy sonini yashirgan. Bu haqda 28 dekabr, payshanba kuni AP agentligi halok bo‘lganlarning hisobini olib borgan uch tibbiyot xodimi, mahalliy aholini dafn qilgan ko‘ngilli, shuningdek, Ukraina razvedkasi bilan hamkorlik qilgan ikki ukrainalik bilan suhbatga asoslangan materialda ma’lum qildi.

Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan hududdagi eng yirik aholi punktlaridan biri - Oleshki shahridagi kasalxona xodimlari aytishicha, hokimiyat vakillari ko‘chalarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan mahalliy tashkilotga suv toshqini va halok bo‘lganlar jasadlarini yig‘ishni, ularni ommaviy qabrlarga dafn qilishni buyurgan. Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, birgina Oleshkida bir nechta shunday qabrlar qazilgan, ularda o‘nlab jasadlar ko‘milgan.

Falokatdan ko‘p o‘tmay, Oleshki ma’muriyati tark etdi va suv sathi pasayishni boshlaganda, bir necha kundan keyin qaytib keldi. Qaytib kelgach, hokimiyat vakillari shifokorlarga toshqin qurbonlari uchun o‘lim guvohnomasini berishni taqiqladi va qurbonlarning jasadlari qoidalarni chetlab o‘tib, Xerson viloyati egallab olingan hududidagi boshqa aholi punktlariga ekspertiza uchun olib ketila boshlandi.

Kaxovka GESdagi to‘g‘on buzilganidan keyin 59 kishi halok bo‘lgani e’lon qilindi

Halok bo‘lganlardan ba’zilarining qarindoshlari yo‘q bo‘lmagan, shuning uchun ularni dafn etish hokimiyat tomonidan amalga oshirilishi kerak edi. Biroq, bu jasadlar shunchaki «g‘oyib bo‘ldi», dedi agentlik suhbatlashgan tibbiyot xodimlari. Rossiya kuchlari jasadlarni o‘zi ko‘mmoqchi bo‘lganlarga ham tahdid qildi, deydi Oleshkidagi ko‘ngilli AP'ga.

AP suhbatdoshlariga ko‘ra, birgina Oleshki shahrida 200 nafardan 300 nafargacha aholi suv toshqini tufayli halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Xerson viloyatining egallab olingan qismida Rossiya tomonidan tayinlangan gubernator Vladimir Saldo butun mintaqada falokat oqibatida 59 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ukraina nazoratidagi hududlarda to‘g‘on buzilishi oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi, dedi mamlakat ichki ishlar vaziri Igor Klimenko. Qolaversa, ularning ba’zilari voqeaga qaramay mintaqada to‘xtamagan o‘qqa tutish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Falokat zonasiga ketayotgan ijtimoiy va favqulodda vaziyatlar xodimlariga hujumlar Kiyev tomonidan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri bir necha bor qayd etilgan.

Yevroparlament Kaxovka GESdagi to‘g‘on buzilishini terakt deb atadi

Yevropa Ittifoqi parlamenti 15 iyunda qabul qilgan rezolyutsiyada Kaxovka GES «2023 yil 6 iyun kuni terrorchilik harakati paytida ataylab vayron qilingan» deyiladi. Yevroparlament deputatlari voqeada Rossiyani ayblab, to‘g‘onning vayron bo‘lishi «Ukrainada keng ko‘lamli suv toshqini, ekologik falokat va ekotsidga olib kelganini» ta’kidladi.

Xerson viloyatining egallab olingan qismi hokimiyati faqat noyabr oyida suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududda joriy etilgan favqulodda holat bekor qilinganini bildirdi. Shu bilan birga, BMT missiyasiga suv bosgan hududlarga kirishga ruxsat berilmadi, rasmiylar ofatning o‘zini «toshqin» deb atadi.

Mavzuga oid