O‘zbekiston | 12:04 / 14.04.2023
36846
10 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchilari bilan bog‘liq salbiy holatlar nega tez-tez kuzatilmoqda?

O‘zbek tilida muqobili bo‘laturib, chet so‘zga o‘chlik natijasida o‘zbek tilidagi matnlarga qo‘shilayotgan bir so‘z bor – “trend”.

Bu so‘z ingliz tilida “yo‘nalish”, “moyillik”, “moda, fason” ma’nolarini bildiradi. U bugun ingliz tilidagi barcha ma’nolarida o‘zbek tilida qo‘llangani yo‘q. O‘zbek tilida bu so‘zning o‘rnini kontekstdan kelib chiqib, dolzarb deyish ham mumkin.

Xullas, ana shu trend so‘zidan bugun o‘zbekistonlik ko‘pchilik katta-kichik rahbarlar qo‘rqib, hadiksirab qolgan desak xato bo‘lmaydi. Chunki oxirgi paytlarda muhokamaga chiqayotgan, ya’ni trendga chiqayotgan qanday voqea bo‘lsa, ularda, albatta, qaysidir rahbar ishtirok etgan bo‘lib chiqmoqda.

“Qamaldi, pora bilan qo‘lga tushdi, zo‘rladi, uyatli videosi yoki audiosi chiqib ketdi, mansab suiiste’molligiga yo‘l qo‘ydi va h.k.”

Kun.uz muxbiri ana shu – davlat xizmatchilari, rahbarlarning ko‘p holatda salbiy jihat bilan ko‘zga tushib qolayotgani, muhokamaga chiqayotgani tendensiyasi, buning sabablari va ushbu tendensiyaning jamiyat, boshqaruv sohasida qanchalik tabiiy holatga aylanib qolgani haqida gaplashdi.

Intervyu mehmonlari – adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov, yuridik fanlari doktori, professor Lola Saidova va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

— Oxirgi vaqtlarda davlat xizmatchilari, jumladan, rahbar shaxslar bilan bog‘liq  juda ko‘p va afsuski, salbiy xabarlarga ko‘zimiz tushyapti.

Intervyu avvalida shu masalaga oydinlik kiritib olsak. Rahbarlar bilan bog‘liq bunday salbiy xabarlarning kunda, kunora chiqib turishi siz ko‘rgan, bilgan jamiyatlar bilan solishtirganda qanchalik normal?

Zuhriddin Isomiddinov:

— Kasallikni davolashga kirishish payti eng og‘ir davr bo‘ladi. Rahbarlarni muhokama qilib boshlaganimizning o‘zi jamiyatning tozalanishga harakati belgisi. Ilgari bunday masalalarni qo‘yish mumkinmas edi, rahbarlar go‘yo farishtadek tasavvur qilinardi. Rahbar ham oddiy odam.

Bunday masalalarni mo‘’tadil qabul qilish tarafdoriman. Kun tartibidan tushirmaslik kerak. Jamiyat o‘zini tozalashni istasa, tez-tez muhokama qilib turishi kerak. Stalinning kadrlar hamma narsani hal qiladi, degan gapi to‘g‘ri. Kadrlar noloyiq bo‘lsa, korrupsiyaga yo‘l ochiladi. Muammolarning «onaboshisi» kadrlar masalasi. Eng birinchi o‘rinda rahbar tushuniladi. Muammo ochilgandan keyin tuzatish boshlanadi. Boshqa rivojlangan jamiyatlar ham shu bosqichdan o‘tgan.

Lola Saidova:

— Me’yordagi holat emas. Har bir tizimda ichki inspeksiya bo‘limi bor. Kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlar bor, kodekslar bor. Demak, tizim ishlamayapti. Nazorat yuqori bo‘lishi kerak. Xorazm voqeasida matbuot kotiblariga tashlab qo‘yildi ish. Nega kadrlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari gapirmadi, nega xizmat tekshiruvlari bo‘lmagan, bunday minglab holatlar bor. Ichki tizim ishlamaydi. Inspeksiyalar nomigagina tuzib qo‘yilgan, xizmat vakolatlari esa keragidan ortiq berib yuborilgan va suiiste’mollik kelib chiqyapti. Bu narsalar jamiyatdagi islohotlarni, yaxshi holatlarni ham yo‘qqa chiqarib yuboradi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Nazarimda, umumiy katta muammoni bir qancha tarkibiy qismlarga bo‘lish kerak. Muammolardan biri axborot oqimi ko‘payib ketganligi, butun dunyoda shunday, ilgari xabarsiz bo‘lganmiz bunday narsalardan. Ikkinchidan, O‘zbekistonda siyosiy tizim de-fakto 2018 yildan shakllana boshladi, ungacha davlat bor edi, lekin asosiy talabi yopiqlik edi. Shuning uchun ham rahbarlarga yopiqlik, ko‘rinmaslik talabi qo‘yilgandi. Endi esa yangi siyosiy madaniyat shakllanyapti, lekin bir tekisda emas. Uchinchidan, rahbarlarning xalq bilan muloqot qilish madaniyati shakllangani yo‘q. Yana bir boshqa masala, mulozimlarning oylik maoshi kam korrupsiyaga taqaydigan bo‘lsak.

Yuqorida kadrlar masalasi aytildi. Menimcha, asosiy muammo kadrlarda emas, siyosiy tuzumda. Insonda doimiy o‘zgarib turuvchi motivlar bor, ya’ni yaxshi odam ham pora olishi mumkin qaysidir vaziyatda. Shaxsan men insonlarni oq va qoraga ajratmayman. Siyosiy tuzum shunday bo‘lishi kerakki, insonlar xatolardan manfaatdor bo‘lmasligi lozim. Jazo muqarrar bo‘lishi kerak. Mulozimlar xato qilishdan, xatolari ochilishidan qo‘rqishi va o‘ziga hisobot berishi lozim. Siyosiy tizim esa muammolarning ochilishidan manfaatdor bo‘lishi kerak. Bugungi tizimda vaziyatni chayqamaslik kerak degan tafakkur mavjud.

Masalan, Xorazm voqeasida o‘zlari ochiqlashi mumkin edi, lekin bunday qilishmadi. Balki bunday voqealarning yuzdan birini ko‘rayotgandirmiz. Siyosiy tizim sog‘lomlashishi, davlat jamiyat ehtiyojlariga maksimal moslashishi, ijtimoiy barqarorlik tabiiylashishi uchun xalq davlatga ishonadigan darajada bo‘lishi kerak.

— Rahbarlarning vazifasiga nomuvofiq harakatlari, ba’zi holatlarda noloyiqligi haqida gaplashyapmiz. Sizlar o‘z kuzatish, tajribalaringizdan kelib chiqib mana shu muammoga sabab deb qaysi omilni ko‘rasizlar? Rahbarni tayinlash, vazifaga qo‘yish, tanlashdagi xatomi yoki vazifaga qo‘yilgan rahbarning nazoratsizligi, uni tiyib turish mexanizmlari yaxshi ishlamaydimi?

Zuhriddin Isomiddinov:

— Menimcha, ikkala jarayonda ham xatolar bor. Bizda kadrlar yetishmayapti, degan gaplar bo‘ladi. Yo‘q, bizda kadrlar yetarli. Lekin bizda bir hovuch ma’lum miqdordagi odamlar bor, bu ishdan olinsa unisiga, u ishdan olinsa bunisiga qo‘yilaveradi. Bir sohani bilmaydigan odam o‘sha sohaga rahbar bo‘ladi, undan ketib yana boshqasiga, xuddi rahbar bo‘lish uchun tug‘ilgandek. Holbuki, o‘sha tizimda malakali, prinsipial, odamlar bilan yaxshi muomaladagi kadrlar ham bor, lekin ularni aniqlash mexanizmi ham kerak.

Mentalitet masalasi. Bizda rahbar odam buyruq berdimi, bajarilishi shart bo‘lib qolgan. Unday bo‘lmasligi kerak. Nima buyruq berilsa, ijrosini ta’minlash bo‘lib qoldi.

Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaga direktor bo‘lgan paytlarimda bir tadbirga chaqirishdi. Zalda olimlar, professor, akademiklar o‘tirgan edi. Men shularga Navoiy haqida nutq so‘zlashim kerak ekan, lekin Navoiy ijodi bo‘yicha yetuk mutaxassislar o‘tirgan edi. Kim rahbar bo‘lsa o‘shaning gapi ustun bo‘ladi. Bunday holatlar natijasida o‘sha rahbar o‘zini katta odamman deb o‘ylay boshlaydi. Xalqimiz ko‘tarib yuboradi. Rahbar bo‘lib aynidi, degan gaplar bo‘ladi. Menimcha, unday emas, asosi aynigan bo‘lgan, yuzaga chiqarolmagan faqat, rahbar bo‘lganda esa imkoniyat bo‘ladi.

Lola Saidova:

— Harakatlar bo‘lyapti bu bo‘yicha, dunyo tajribalari o‘rganilyapti. Lekin hali tatbiq etolmadik. Singapurda ham o‘rganish olib borildi hatto. U yerda meritokratiya asosida ishlaydi bu tizim, ya’ni eng loyig‘i qo‘yiladi saralanib. Rahbarlik lavozimida ishlayman deganlar ko‘p bizda ham, ularga ochiq tanlov asosida imkoniyat berish kerak. Har bir idoraning o‘z yetakchilari bo‘ladi, lekin qaysidir sabablar tufayli chetda qolib ketishgan.

Go‘yoki, bizda ham tanlov tizimi joriy qilindi, lekin hamma vazirlik, idoralarni qamrab olgani yo‘q. Yarim chala holatda. Masalan, Britaniyada davlat xizmatchilari har yili imtihondan o‘tadi. Yaponiyada davlat xizmatchilarini ishga olish modeli 200 yildan beri ishlaydi. Zo‘rlar ichida zo‘rlar tanlansa, xato kam bo‘ladi. Germaniyada sudyalar dastlab bir necha yilga saylanadi, o‘z ishini ko‘rsatgach, umrbodga saylash masalasi ko‘riladi. Jamiyat tozalanishi tizimning to‘g‘ri shakllanishi bilan bog‘liq to‘g‘ridan to‘g‘ri.

Kamoliddin Rabbimov:

— Kadr tanlash deganda markazlashgan siyosiy tizimdagi tanlash xayolga keladi. Kadrni jamiyat tanlashi kerak, hokimiyat emas. Demokratik davlatlarda ham xatolar bo‘lib turadi. Lekin mavjud siyosiy tizimlar ichida eng yaxshisi. Mulozimlar saylanishi kerak shuning uchun ham. Biz hozircha faqat hokimlar haqida gapiryapmiz, lekin chet elda huquq organlari tizimidagi prokuror, sudyalar saylanadi hatto.

Bitta hokimni saylash butun mexanizmni o‘zgartiradi. O‘zbekistonda hokimlarni saylash bo‘yicha institut ishlashi kerak aslida. Tuman, viloyat hokimlari va davlat o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘lishi mumkin saylanishda, lekin buning mexanizmlari bor, dunyoda ishlab chiqilgan, tajriba bor. Tepadagilar biz tayyor emasmiz deydi. Lekin boshqa yo‘l yo‘q, saylanishi kerak. Saylangan inson o‘sha o‘zini saylagan insonlarning manfaatini o‘ylaydi, shunga majbur. Shu tarzda mintaqalar kengayib boradi. Prezident esa ichki va tashqi siyosatdagi ziddiyatlarda ichki manfaatlarga ustuvorlik beradi. Ya’ni ma’lum bir fundamental ziddiyatlar bor, o‘shalar o‘ylanishi kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid