Sport | 12:08 / 14.04.2023
38492
13 daqiqa o‘qiladi

«MYu»da drama, Mourinoda qora kun. Yevropada kun o‘yinlari

Payshanba oqshomida Yevropa Ligasida chorakfinal doirasidagi dastlabki uchrashuvlar o‘tkazildi.

Foto: Reuters

Dibala va Ebraham safdan chiqdi

Feyyenoord — Roma 1:0
Gol:
Viffer (54). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Pellegrini (43).
Feyyenoord – Beylo, Gertryuyda, Trauner, Gansko, Hartman, Shimanski, Kekchyu, Viffer, Jahonbaxsh (Danilo, 72), Idrissi (Igor Payshao, 64), Ximenes (Lopes, 83).
Roma – Patrisiu, Smolling, Manchini, Rojyer, Spinatssola (Chelik, 84), Zalevski, Matich, Kristante, Pellegrini (Veynaldum, 46), Dibala (El-Shaaravi, 26), Abraham (Belotti, 58).
Ogohlantirishlar: Viffer (18), Shimanski (35).

Konferensiyalar ligasining o‘tgan mavsumi finalchilari uchrashuvining birinchi bo‘limi yakuniga ko‘ra Joze Mourino ketma-ket omadsizliklardan shikoyat qilishga haqli edi. Birinchidan, 26-daqiqadayoq Dibala jarohat tufayli maydonni tark etdi. Ikkinchidan shtatdagi penaltichi yo‘qligida to‘p «Feyyenoord» himoyachisi qo‘liga tegishidan keyin belgilangan 11 metrlik jarima zarbasidan foydalanilmadi. Pellegrini joriy mavsumda ikkinchi bor «nuqta»da adashdi, u tepgan to‘p darvoza ustuniga tegdi va «bo‘rilar»ning mavsum omadsizi sifatidagi maqomi yanada mustahkamlandi. Top-5 ligalardagi jamoalarni olganda ushbu klub futbolchilari yo‘llagan zarbalarning 26 tasi darvoza to‘sini yoki ustuniga tekkan, bu borada faqat «Bavariya» va «PSJ»da yuqoriroq ko‘rsatkich.

Ma’lum bo‘lishicha, bu «Roma» uchun yanada jiddiy muammolarning debochasi edi. Faolroq o‘ynagan rotterdamliklar Viffer to‘pni yerga cho‘pchitib bergan zarba evaziga hisobni ochishdi. Deyarli shu vaqtda oddiy ko‘ringan yakkakurash vaqtida Abraham jarohat oldi, rimliklarning javob goli muqarrardek ko‘ringan epizodda esa golli pas muallifi Idrissi bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytarib qoldi.

Qolaversa, Veynaldumning o‘zining ilk klubi darvozasi «to‘qqizligi»ga yo‘llagan zarbasi ham golga aylanmadi. «Feyyenoord» muxlislari uchun esa o‘yin haqiqiy bayramga aylandi - ular shu kuni tribunalarga puflangan o‘yinchoqlar ko‘tarib kelishgandi. Bu Niderlandiya klasikosida «Ayaks» futbolchisi Klassenning boshiga qattiq jism kelib urilishi tufayli stadionda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani bilan bog‘liq edi.

«Old Trafford»da aql bovar qilmas o‘yin

Manchester Yunayted — Sevilya 2:2
Gollar:
Zabitser (14, 21) — Malasia (84, avtogol), Maguayr (90+2, avtogol).
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Varan (Maguayr, 46), Martines, Malasia, Zabitser, Kazemiro, Fernandesh (Eriksen, 62), Sancho (Elanga, 63), Antoni (Pelistri, 81), Marsiyal (Veghorst, 62).
Sevilya – Bunu, Montiyel (Gomes, 90), Markao Teysheyra, Nyanzu (Suso, 73), Akunya, Rakitich, Fernando, Gudel, Okampos, Oliver Torres (Navas, 46), Lamela (An-Nosiri, 67).
Ogohlantirishlar: Montiyel (11), Rakitich (25), Lamela (38), Fernandesh (41), Gudel (58), Antoni (65), Akunya (72), Pelistri (89).

2020 yilgi pandemiya chog‘ida «MYu» va «Sevilya»ning yo‘llari Yevropa ligasi yarimfinalida kesishgandi, o‘shanda andalusiyaliklar o‘z odatiga ko‘ra kubokni yana bir marta yutishgandi. Ispanlarning o‘shandagi g‘alabasi (2:1) sensatsiya sifatida baholanmagandi, endi esa kuchlar nisbati o‘zgargan. «Qizil iblislar» yana kuchli raqibga aylangan, sevilyaliklar esa tizimli inqirozga qarshi kurashmoqda va yaqinda mavsumda davomidagi uchinchi bosh murabbiy tayinlandi.

Natijada ingliz klubida to‘rtinchi urinishda (jamoalar 2018-2019 yillar mavsumida YeChLda bir guruhdan o‘rin olgan, Ispaniyadagi o‘yinda hisob ochilmagan, «Old Trafford»da 1:2 hisobi qayd etilgan), Reshford noma’lum muddatga safdan chiqqan holatda ham o‘z maqsadiga erishish uchun ideal kuchlar nisbati yuzaga kelgandi. Sanchoning tezkor goli ofsayda tufayli bekor qilingan bo‘lsa, Zabitser Brunu Fernandeshning ajoyib pasiga ideal darajada ochildi va Bunuga imkon qoldirmadi. Avstriyalik futbolchi shu kuni Erik ten Xagning maxfiy quroliga aylanib, Marsiyal tozalab bergan hududlarda ochildi. Ko‘p o‘tmay fransuz hujumchisining assistidan keyin Zabitser dublni rasmiylashtirdi.

Keyin esa Fernandesh sariq kartochka oldi va javob o‘yinini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi «MYu» uchun qanchalik muhimligini — raqamlar ham ko‘rsatadi. Brunu «Old Trafford»ga kelgan vaqtdan buyon u va faqat Messi o‘z hisobiga 50 dan ortiq gol va golli uzatma yozib qo‘ygan.

Bir haftadan keyingi o‘yinda Varan ham o‘ynamasligi mumkin, murabbiy tanaffusda jarohati jiddiylashmasligi uchun uni zaxiraga olib, o‘rniga o‘yinning bo‘lajak antiqahramoni Maguayrni tushirdi. O‘yin oxirida Lisandro Martines jarohat olgani esa yanada jiddiyroq muammo bo‘lib chiqishi mumkin. Mehmonlarning argentinalik futbolchilari Akunya va Montiel uni maydondan ko‘tarib olib chiqishdi. Bu chiroyli ko‘rinadi, ammo «MYu» muxlislari uchun bu lahza maydondagi so‘nggi ijobiy vaziyat bo‘lib qoldi.

Ularning sevimlilari bu oqshom yirik hisobda g‘alaba qozonishi mumkin edi, jamoa juda ko‘p vaziyatlar yaratdi, Antonining zarbasi ustunga tegdi. Lekin mezbonlar golni o‘z darvozasiga urishdi, 84-daqiqada Malasiya o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi, 86-daqiqada Martines jarohat olganida esa o‘yinchi almashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanib bo‘lingandi va qolgan vaqtni 10 kishi bo‘lib o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. De Xea An-Nosirining qaytarib bo‘lmaydigandek tuyulgan zarbasini to‘sib, g‘alabani saqlab qolgandek ko‘ringandi. Ammo u marokashlik to‘purarning yana bir zarbasi Maguayrning boshi orqali yo‘nalishini keskin o‘zgartirganida ilojsiz holatda qoldi.

Shu tariqa, bu o‘yinda aql bovar qilmas omadsizliklar tufayli kutilmagan yakun ro‘y berdi. Endi jamoa 20 aprel kuni o‘tkaziladigan javob o‘yinida yanada qiyin holatga tushib qolishi mumkin.

Turincha pragmatizm

Yuventus — Sporting 1:0
Gol:
Gatti (73).
Yuventus – Shchensni (Perin, 44), Danilo, Bremer, Gatti, Kuadrado, Kostich (Fajoli, 62), Rabo, Lokatelli (Paredes, 86), Di Mariya (Pogba, 86), Keza, Milik (Vlahovich, 62).
Sporting – Adan, Eshgayyu (Belerin, 77), Koates, Sen-Jyust (Diomande, 45), Inasiu, Nunu Santush (Mateus Reys, 62), Pedru Gonsalvesh, Morita, Edvards (Essugu, 77), Trinkau, Shermiti (Artur, 62).
Ogohlantirishlar: Inasiu (20), Rabo (24), Vlahovich (65).

Massimiliano Allegri o‘yin arafasida «Sporting» manziliga maqtovlarni ayamadi, o‘yin boshlanganida esa lissabonliklar uning gaplari shunchasi so‘z emasligini isbotlashga kirishdi. «Sherlar» oldingi raundda «Arsenal»ni turnirdan chiqarib yuborgandi, bunday natijadan keyin esa jamoa hech kimdan qo‘rqmasligi tayin edi.

Turinda mehmonlar «Yuventus»dan qiziqarliroq ko‘rindi, birinchi bo‘lim oxirida Nunu Santushning zarbasi burchakni to‘sgan himoyachining harakati tufayli golga aylanmay qoldi. Qo‘shimchasiga mezbonlar Shchensnini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘kragida qattiq og‘riq his qilgan darvozabon ko‘zda yosh bilan maydonni tark etdi. U maydondan chiqar ekan, qo‘lini yuragi joylashgan sohaga bosib turardi.

Umuman olganda, «Keksa sinora» uchun ufqda hech qanday yaxshilik ko‘rinmayotgandi, ammo jamoa yana bir marta o‘z maqsadiga qanday erishishini ko‘rsatib berdi. Vaqti-vaqti bilan qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yib turadigan Adan jarima maydoniga uzatilgan to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, himoyachilar Vlahovichning zarbasini qaytargan bo‘lsa-da, qaytgan to‘pni mezbonlar himoyachisi Gatti darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi.

Uning «byankoneri» safidagi ilk goli jamoaga yevrokuboklarda qatorasiga 1:0 hisobidagi g‘alabani olib keldi. O‘yin qahramonlari safiga ikkinchi darvozabon Perinni ham qo‘shish zarur. So‘nggi daqiqalarda u yaqin masofadan yo‘llangan zarbani to‘sib, kun seyvini ijro etdi, shu lahzaning o‘zida ikkinchi zarbaga ham to‘g‘ri reaksiya ko‘rsatdi. Bu Allegriga xos klassik g‘alaba bo‘ldi, «Sporting»da esa burchak zarbalari chog‘ida himoyalanishda muammolar davom etmoqda. Bu mavsumda jamoa burchak to‘plaridan keyin beshta gol o‘tkazib yuborgan, shundan to‘rttasi yevrokubok o‘yinlariga to‘g‘ri keladi.

Nemis klublari dahshati

Bayyer — Yunion Sent-Jillua 1:1
Gollar:
Virs (83) — Bonifase (51).
Bayyer – Gradetski, Frimpong, Ta, Tapsoba, Inkapie, Bakker, Andrix, Palasios (Demirbay, 46), Virts, Diabi (Glojyek, 87), Adli (Ozmun, 67).
Yunion – Moris, Niukop, Berjyess, van der Heyden, Kanduss, Lapussen, Teuma, Linen (El-Azzuzi, 80), Lazar, Vertessen (Puertas, 75), Bonifase (Nilsson, 89).
Ogohlantirishlar: van der Heyden (25), Inkapie (76), Lapussen (84), Moris (90).

Yevrokuboklarda debyutant sanalgan Belgiya jamoasi nemis klublari uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylandi. Avvalgi raundda «Yunion» amalda o‘z adashi — Berlinning «Union» klubini turnirdan chiqarib yuborgandi. Endi esa bosh murabbiylikka Habi Alonso kelganidan keyin o‘z o‘yinini topib olgan «Bayyer» muammoga uchradi. Mavsumning birinchi qismida xavfli hududda yurgan leverkuzenliklar endilikda yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltilikka qaytgan, jamoaning so‘nggi mag‘lubiyati esa 19 fevralga to‘g‘ri keladi.

Ammo bu o‘yin Yevropa Ligasida safar o‘yinlarida biror marta mag‘lub bo‘lmagan (+3=1) «Yunion» ssenariysi ostida kechdi. Belgiyaliklar tanaffusga qadar ancha shiddatli o‘yin ko‘rsatdi, ikkinchi bo‘lim boshida esa Bonifas to‘pni mezbonlar darvozasi burchagiga joylashtirdi. Nigeriyalik forvard hayratlanarli mavsum o‘tkazmoqda, saralash raundida u «Bude-Glimt» uchun beshta gol urgandi, endi esa  «Yunion» futbolchisi sifatida o‘zining bu ko‘rsatkichini yaxshilagan.

«Bayyer» uchun qutqaruvchi rolini zaxiradan tushgan Ozmun bajardi, avvalgi ikki o‘yinda ikki gol urgan eronlik hujumchi bu safar o‘z hisobiga assist yozib qo‘ydi. To‘pni o‘zi bilan jarima maydoniga olib borgan Serdar uni qulay vaziyatda turgan leverkuzenlik vunderkind Virsga ideal darajada yetkazib berdi. U so‘nggi daqiqalarda qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga joylay olganida kun o‘yinlari qahramoniga aylangan bo‘lardi. Shunga qaramay, Ozmun bu o‘yini bilan javob o‘yinida boshlang‘ich tarkibda tushish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

Kun statistikasi

  • «Vest Hem» hujumchisi Ings faoliyatida ilk bor yevrokubokda (Konferensiyalar ligasi) gol urdi.
  • «Feyyenoord» futbolchilari joriy yevromavsumda uzoq masofadan 5 bor gol urishgan. Rotterdamliklar bu borada «Betis» bilan birgalikda yetakchilik qilmoqda.
  • «Fiorentina» hujumchisi Artur Kabral yil boshidan buyon barcha turnirlar doirasida 10 gol urdi. A seriya futbolchilari orasida u faqat «Neapol» forvardi Osimhendan ortda qolmoqda.
  • «Sevilya» 33 yil oldin ham yevrokubok doirasida Moskvaning «Torpedo» klubiga qarshi o‘yinda 0:2 hisobidan chiqib ketgandi.

Mavzuga oid