Jahon | 21:36 / 14.04.2023
10084
2 daqiqa o‘qiladi

Teysheyraga Pentagon hujjatlarini oshkor etganlik ayblovi e’lon qilindi 

Adliya vazirligi uni sudgacha hibsda saqlashni so‘radi. 

Foto: CNN

AQSh Milliy havo gvardiyasi askari Jyek Teysheyra milliy mudofaa ma’lumotlarini ruxsatsiz saqlash va uzatish, shuningdek, maxfiy ma’lumotlar va harbiy hujjatlarni izchil olib qo‘yishda rasman ayblandi. Bu haqda CNN xabar berdi. 

AQSh Adliya vazirligi ayblanuvchini sudgacha hibsda saqlashni so‘radi. Sud ushbu arizani 19 aprel kuni ko‘rib chiqadi. 

21 yoshli Teysheyra Pentagonning maxfiy hujjatlari internetga sizib chiqqani bo‘yicha sudlanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyidan boshlab u hujjatlarni internet tarmog‘iga yuklay boshlagan, ularning ko‘pchiligi 2022 yil dekabrida «o‘ta maxfiy» deb belgilangan. 

Sud hujjatlariga ko‘ra, Federal qidiruv byurosi (FQB) gumonlanuvchini aniqlash uchun Discord ijtimoiy platformasining to‘lov ma’lumotlaridan foydalangan. Chunki, hujjatlar birinchi marta oshkor etilgan Discord chatini aynan Teysheyra boshqargan. 

FQB uni 13 aprel kuni bir hafta davom etgan tergovdan so‘ng hibsga oldi. 

6 aprel kuni The New York Times gazetasi Pentagonning bir qator maxfiy hujjatlari ijtimoiy tarmoqlarda ommaga taqdim etilgani, ular Ukraina armiyasiga tegishli ekanini yozdi. Keyinroq gazeta ijtimoiy tarmoqlarda AQShning «Ukrainadan Yaqin Sharq va Xitoygacha bo‘lgan» siyosatini aks ettiruvchi maxfiy hujjatlarning yangi qismi paydo bo‘lganini ma’lum qildi. Ular, jumladan, «Xitoy, Hind-Tinch okeani, Yaqin Sharq va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maxfiy brifing slaydlarini» o‘z ichiga oladi. 

Pentagon ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan maxfiy materiallar manbasini aniqlayotgani va tarqalish ko‘lamini baholayotgani, tergovga Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosi qo‘shilgani haqida xabar bergan edi. 

Mavzuga oid