O‘zbekiston | 10:55 / 15.04.2023
8753
5 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravondan asrovchi hujjat - himoya orderi muddatini 1 yilgacha uzaytirish mumkin bo‘ldi

11 aprelda prezident tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonun imzolandi. Qonundan himoya orderi bo‘yicha yangi bandlar ham o‘rin olgan. Amalda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxsga himoya orderi ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga berilayotgan bo‘lsa, yangi qonunda bu muddat sud tomonidan 1 yil muddatgacha uzaytirilishi mumkin.

Himoya orderi nima?

Himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan hujjat. Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan, ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.

Order quyidagi holatlarda beriladi:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jarblangan xotin-qizlarning murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar;
  • tazyiq yoki zo‘ravonlik holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan aniqlanishi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Oldingi qonunda aynan himoya orderi berish tartibi to‘g‘risida 8ta qism kiritilgan bo‘lsa, yangi qonunda to‘ldirilib 14 qismga yetkazilgan. Yangi qonunda himoya orderini 1 yilga uzaytirish imkoniyati va buning uchun sudga murojaat qilish belgilangan. Quyidagi qonundagi muhim jihat va qo‘shimchalar keltirilgan.

Ogohlantirish

Himoya orderini bergan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari va uni bajarmaslik oqibatlari, zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi.

Himoya orderini kim va qancha muddatga beradi?

Tegishli hududda tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida himoya orderini o‘ttiz kun muddatgacha beradi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

Himoya orderini imzolashdan bosh tortish

Shaxs himoya orderini olish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.

Ish va o‘qish joyiga taqdimnoma

Jabrlanuvchi va zo‘ravon bir joyda ishlasa yoki o‘qisa, IIBning mansabdor shaxsi tomonidan jabrlanuvchiga himoya orderi berilganidan keyin 1 kun ichida ularning ish yoki o‘qish joyiga jabrlanuvchi va zo‘ravon o‘rtasidagi bevosita aloqani taqiqlash to‘g‘risida taqdimnoma yuboriladi. Agar zo‘ravon rahbar bo‘lsa, taqdimnoma undan yuqori organga jo‘natiladi. Tashkilot rahbari esa 3 ish kunida 2 tomon o‘rtasidagi bevosita aloqani bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshiradi.

1 yilgacha uzaytirish

Agar xavf hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra ko‘pi bilan bir yilgacha muddatga jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan uzaytirilishi mumkin. Bu oldingi tahrirda 30 kun edi. Himoya orderini berish, himoya orderini berishni uzaytirishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Himoya orderi nazorati

Himoya orderining shakli va uni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, order talablarining ijrosi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.

Sudda ko‘rib chiqilishi

Tazyiq o‘tkazgan, zo‘ravonlik sodir etgan yoki ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning sud majlisida uzrsiz sabablarga ko‘ra qatnashmasligi ishni ko‘rib chiqishga monelik qilmaydi. Agar sud mazkur shaxsning sudda qatnashishini shart deb topsa, sud uni majburan olib kelish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.

Sudya ish materiallari bilan tanishib chiqqanidan keyin himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida yoki rad etish haqida qaror chiqaradi.

Sudning himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi.

Mavzuga oid