Jahon | 09:04 / 16.04.2023
31430
10 daqiqa o‘qiladi

Pentagon hujjatlari sizdirilishi: Jyek Teysheyra haqida nimalar ma’lum?

Foto: The Washington Post

AQSh Milliy gvardiyasi harbiy-havo kuchlari razvedka bo‘limining 21 yoshli xodimi Jyek Teysheyra Pentagon maxfiy hujjatlarining keng miqyosda tarqalishiga aloqadorlikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Pentagonning Ukrainadagi urush va boshqa milliy xavfsizlik masalalariga oid nozik mavzulardagi maxfiy hujjatlari ochiq manbalarga chiqib ketishi, kamida so‘nggi o‘n yillikdagi AQSh razvedkasidan eng katta ma’lumotlar sizdirilishi deb aytilmoqda.

Teysheyraning do‘stlari uni na siyosiy faol, na ma’lumot tarqatuvchi deb hisoblashini aytgan. Nega unda nisbatan past unvondagi uchuvchi hech qanday aniq motivatsiyasiz juda qimmatli hujjatlarni internetga yuklagan?

Jyek Teysheyra 21 yoshda, u Massachusets shtatidagi AQSh Milliy gvardiyasi harbiy-havo kuchlarining 102 razvedka bo‘limi xodimi. U 2019 yilda gvardiyachilar safiga qo‘shilgan va o‘z faoliyatini kibertransport tizimlari bo‘yicha kichik mutaxassis sifatida boshlagan.

Teysheyra 2022 yil iyul oyida 1-darajali uchuvchiga aylangan. Yigitning navbatdagi lavozim yuqorilashi haqidagi xabar Massachusets Milliy gvardiyasi harbiy-havo kuchlarining 102-razvedka bo‘limining Facebook’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan.

Ammo o‘z karerasi boshidayoq Teysheyra maxfiy ma’lumotlarga kirishning yuqori darajasiga ega bo‘lgandi, chunki u harbiy aloqa tarmoqlari va ularning himoyasini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan IT-mutaxassis edi.

Qurol va xalqaro siyosatga muhabbat

New York Times gazetasi yozishicha, Teysheyra ishdan bo‘sh vaqtida 20-30 kishidan iborat Thug Shaker Central deb nomlangan kichik onlayn guruhni boshqargan. Bu guruh a’zolari asosan qurol-yarog‘ va onlayn memlarga bo‘lgan qiziqish asosida birlashgan yoshlar va o‘smirlardan tashkil topgan. Ularning ba’zilarida irqchilik ruhi va videoo‘yinlarga qiziqish ham katta bo‘lgan.

Ushbu guruh geymerlar orasida mashhur bo‘lgan Discord platformasida to‘plangan. Aynan shu platformaga Pentagonning bir necha o‘nlab maxfiy hujjatlari joylashtirilgan. Teysheyra ko‘p yillardan beri ushbu saytdan faol foydalanib kelgan va bu yerda OG taxallusi bilan tanilgan.

Teysher bilan gaplashganlarning ba’zilari OG ko‘pincha AQShning qattiq qo‘riqlanadigan sirlarini bilishini aytib maqtanganini gapirgan.

Suhbat ishtirokchilaridan biri Teysheyrani yosh, xarizmatik qurol ishqibozi sifatida tasvirlagan. Shubhasiz, Jyek guruhning aksariyat a’zolaridan kattaroq bo‘lgan va ularni hayratda qoldirishga harakat qilgan.

The Guardian nashri bilan suhbatlashgan, Thug Shaker Central guruhi a’zolarining ta’kidlashicha, OG ularni xalqaro siyosat va hukumatning yashirin operatsiyalariga qiziqtirishga harakat qilgan.

Massachusets shtati Boston shahrida Teysheyra ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangan bino. Foto: EMPICS

«Bu yigit urushga qarshi kayfiyatdagi mehribon nasroniyga o‘xshardi. U shunchaki do‘stlariga dunyoda bo‘layotgan voqealar haqida gapirib bermoqchi edi. Bizning davramizda Ukrainada bo‘lganlar bor. Barchamizni harbiy strategiyalar va otishma o‘yinlariga bo‘lgan ishtiyoq birlashtirardi», deydi guruh a’zolaridan biri.

Associated Press agentligi yozishicha, guruh a’zolari nafaqat Ukrainadagi urushni muhokama qilgan, balki tez-tez birgalikda ibodat ham qilgan.

Ehtimol, Teysheyrani faqatgina xalqaro siyosat va videoo‘yinlar qiziqtirmagan: Washington Post nashri tomonidan e’lon qilingan videoda OG deb nomlanuvchi erkak vintovka bilan otish poligonida tasvirga tushib, kameraga irqchilik va antisemitizm haqoratlarini aytib qichqirgan.

Ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Jyek internetda TheExcaliburEffect, jackdjdtex va TexKilledYou kabi turli taxalluslardan foydalangani haqida xabar bergan.

Guruh ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, Teysheyra Thug Shaker Central onlayn guruhiga maxfiy hujjatlarni joylashtira boshlaganida, hech kim ularni o‘qimayotgani yoki ularga izoh yozmayotganidan juda xafa bo‘lgan.

Washington Post gazetasi yozishicha, u hatto bir marta guruhga g‘azablangan holda xabar yuborib, onlayn do‘stlarini maxfiy hujjatlardan ko‘ra YouTube videolariga ko‘proq qiziqayotgani uchun tanqid qilgan.

«U achchiqlandi va ‘agar sizlar bu fayllarni e’tiborsiz qoldirishda davom etsangiz, men ularni yuklashni to‘xtatamanʼ, deb qayta-qayta aytdi», deydi guruh a’zolaridan biri nashrga.

«Bezori emas, juda xotirjam»

Teysheyraning oilasi harbiylar bilan bog‘liq: uning o‘gay otasi 34 yil armiyada xizmat qilgan. Jyekning do‘stlari aytishicha, yigit bolaligidanoq qurolli kuchlarga qo‘shilishni xohlagan. Jyekning onasi ham ilgari faxriylarga yordam beradigan notijorat tashkilotlarida ishlagan.

The Guardian nashri yozishicha, Teysheyraning onasi Don hozirda Bayberry Farm and Flower Co deb nomlangan gul do‘koniga ega. Do‘kon Massachusets shtatidagi Dayton shahrida joylashgan bo‘lib, Teysheyra ham shu shaharda yashagan. Do‘kon Don va Tom Dyufoga tegishli, aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, Don Dyufoning oldingi familiyasi Teysheyra bo‘lgan.

The Guardian nashri do‘kon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan, lekin avtomatik javob beruvchi do‘kon bu hafta ishlamasligini aytgan.

Do‘konning Facebook’dagi sahifasida 2021 yil iyun oyida Jyek Teysheyra nomi tilga olingan. «Jyek bugun uyga kelmoqda. U texnik maktabni tugatdi va Milliy havo gvardiyasida ish boshlashga tayyor!» deya yozilgan havo shari fotosurati ilova qilingan postga. Rasmdagi havo shariga esa «Uyga xush kelibsan» yozuvi tushirilgan.

NYT jurnalistlari Teysheyraning onasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan va ona o‘g‘lining Milliy havo gvardiyasida xizmat qilishini tasdiqlagan. Shuningdek, u o‘g‘li so‘nggi paytlarda Keyp-Koddagi bazada tungi smenada ishlagani va telefon raqamini o‘zgartirganini qo‘shimcha qilgan.

Dayton — Bostondan janubda, bir soatlik yo‘lda joylashgan 8 ming kishi istiqomat qiluvchi kichik shaharcha. Jyek shu shaharchadagi mahalliy maktabda o‘qigan.

Teysheyra bilan birga maktabga borgan 22 yoshli Eddi Souza Reuters agentligiga, uning sobiq sinfdoshi maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va sizib chiqarishda gumonlanuvchi sifatida qo‘lgan olinganidan hayratda ekanligini aytgan.

«U yaxshi odam, bezori emas, aksincha juda xotirjam. Bularning barchasi muvaffaqiyatsiz bolalar o‘yiniga o‘xshaydi», deydi Souza.

Oilaning qo‘shnilari aytishicha, Jyek doimo videoo‘yinlar o‘ynab yurgan.

Maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqi

AQSh hukumati sudga taqdim etgan ayblov xulosasida aytilishicha, 2021 yildan beri Milliy havo gvardiyasida xizmat qilayotgan Jyek Teysheyra ancha vaqtdan beri o‘ta maxfiy hujjatlarga kirish huquqiga ega bo‘lgan.

14 aprel kuni Teysheyra Pentagonning maxfiy ma’lumotlarini oshkor qilganlikda ayblanib, Bostondagi sudda qatnashdi.

2022 yilning fevral oyida Teysheyra birinchi toifali aviatsiyachi safdor unvoniga ko‘tarilgan.

AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) maxsus agenti Patrika Lyukenhoffning ko‘rsatmasiga ko‘ra, Teysheyra o‘z xizmat turi sabab xizmat ma’lumotlarni umrbod oshkor etmaslik va tasdiqlamaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi kerak bo‘lgan. U maxfiy axborotni ruxsatsiz tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik borligini bilgan.

Maxfiy hujjatlarning aylanishini nazorat qiluvchi AQSh davlat idorasi 2023 yil fevralida Teysheyra, bu hujjatlar internetda joylashtirilishidan bir kun avval, kamida bitta shunday hujjatga kirish huquqini qo‘lga kiritganini aniqlagan.

Shuningdek, tergov hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi aprel oyi boshida o‘z ish kompyuteri orqali maxfiy razvedka hisobotlari va «sizdirish» so‘zi yozilgan qidirish so‘rovlarini yuborgan.

Maxfiy hujjatlar sizib chiqqani haqidagi birinchi xabarlar paydo bo‘lgandan so‘ng Teysheyra darhol xuddi shu so‘rovlar bilan yana qidiruv bergan.

Hukumat, shuningdek, gumonlanuvchi Teysheyra razvedka ma’lumotlari sizib chiqishida kim gumon qilinayotganini bilish uchun maxfiy hisobotlarni titkilaganini ham ma’lum qilgan.

Teysheyra o‘zini qo‘lga olishga kelgan maxsus topshiriqli bo‘linma jangchilariga hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan. Foto: Reuters

Jyek Teysheyra 13 aprel kuni FQB tomonidan Daytondagi oilasining uyida hibsga olingan. Shorti va futbolka kiygan Teysheyrani qurollangan agentlar olib ketgan. AQSh bosh prokurori Merrik Harlandning aytishicha, gumonlanuvchi qarshilik ko‘rsatmagan va sizib chiqqan ma’lumotlar yoki o‘zining maqsadlari haqida hech qanday ma’lumot bermagan.

Ertasi kuni Teysheyra, unga nisbatan Ukrainadagi urush va AQSh milliy xavfsizligiga oid boshqa masalalar bo‘yicha o‘ta maxfiy harbiy hujjatlar oshkor etish aybi ilgari surilishi munosabati bilan sudga keltirildi.

Mavzuga oid