O‘zbekiston | 12:13 / 17.04.2023
21742
2 daqiqa o‘qiladi

“Mening yo‘lim” loyihasiga start berildi – ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun taklif qoldirish mumkin

17 apreldan “Ochiq budjet” portalida “Mening yo‘lim” loyihasiga taklif qoldirish boshlandi. Loyihaning joriy yilgi mavsumi uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilishi belgilangan. Takliflarni 27 aprelgacha qoldirish mumkin.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Ochiq budjet” axborot portalida “Mening yo‘lim” loyihasining joriy yilgi mavsumiga 17 apreldan start berilganini ma’lum qildi.

“Mening yo‘lim” loyihasining joriy yilgi mavsumi uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilishi belgilangan.

Loyiha doirasida taklif kiritish jarayoni joriy yilning 27 aprel sanasiga qadar davom etadi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayonlari 28 apreldan 7 may kuniga qadar o‘tkaziladi.

Loyihada taklif qoldirish uchun nima qilish kerak?

  • Ochiq budjet portaliga kiring;
  • O‘ng tomondagi “Kirish” tugmasini bosgan holda shaxsiy kabinetingizga kiring;
  • “Qo‘shish” tugmasini bosib, “Mening yo‘lim” bo‘limini tanlang;
  • Taklif qoldirmoqchi bo‘lgan viloyatingiz, tuman/shahar, MFY va ko‘chani tanlang;
  • Bunda siz taklif kiritilayotgan yo‘lning fotosuratini ham yuklashingiz mumkin;
  • “Qo‘shish” tugmasini bosing.

Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi videoqo‘llanma e’lon qildi.

“Mening yo‘lim” loyihasi tuman (shahar) budjetlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50 foiz qismini fuqarolar fikri asosida yo‘naltirilishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Prezident qaroriga muvofiq, 2023 yilda aholi fikri asosida moliyalashtiriladigan loyihalarga mablag‘ miqdori keskin oshirilib, 8 trln so‘mga yetgandi. Shu jumladan, “Mening yo‘lim” loyihasi uchun ham mablag‘lar o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshirildi.

Avvalroq, 2023 yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid