O‘zbekiston | 22:02 / 14.03.2024
11836
6 daqiqa o‘qiladi

Tashabbusli budjet: “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili qanday ishlaydi?

Shu yildan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi ochiq budjet jarayonlariga “bir fuqaro – bir ovoz” tamoyilini joriy qildi. Endilikda fuqaroning nomida nechta sim-karta bo‘lishidan qat’i nazar, uning faqat birinchi ovozi qabul qilinadi. Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Azimjon Hasanov Kun.uz'ga bergan intervyusida bu tamoyil qanday ishlashi va loyihadagi boshqa o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.

– Joriy yildan boshlab “Tashabbusli budjet” jarayonida “bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili joriy etilmoqda, endilikda har bir fuqaro “Tashabbusli budjet” jarayonlarida har bir mavsum doirasida faqat bitta loyihaga ovoz bera olishi mumkin bo‘ladi. Bu degani “Ochiq budjet” portali orqali fuqarolar ovoz berayotganda ularning ovoz berayotgan raqamlari qaysi shaxsga rasmiylashtirilganiga aniqlik kiritiladi. Bu bo‘yicha mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan aloqa operatorlari bilan ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Raqam egasining shaxsiga aniqlik kiritgan holda portalda qayd etib boriladi. Agar fuqarolar takroran o‘zlariga tegishli sim-karta orqali ovoz beradigan bo‘lsa, ushbu sim-kartaning ham tegishli ma’lumotlari olinib, portaldagi ma’lumotlar bilan solishtirilgan holda ikkinchi berilgan ovozlar avtomatik rad etiladi. Bu har bir berilayotgan ovozning qadrga ega bo‘lishi va ovoz berish jarayonlarini shaffof hamda haqqoniy o‘tkazilishi uchun joriy etilayotgan amaliyot hisoblanadi.

Aytaylik, fuqaroning bir nechta aloqa operatorlaridan 3-4 ta sim-kartasi bo‘lsa ham, u aloqa operatoridan qat’i nazar, har qanday holatda ushbu raqamlar tegishli bo‘lgan shaxsning ma’lumotlari bazadan ko‘tariladi va bitta ovozi “Ochiq budjet”da qayd etiladi. Yuridik shaxslarning ovozlari ham endi portalda rad etiladi.

Birinchi marta ovoz berganda portal uni qabul qiladi va ikkinchi marta boshqa sim-kartasidan ovoz bersa, “hurmatli fuqaro, siz qaysidir raqamingiz orqali avval ochiq budjet portalida ovoz bergansiz” degan ma’lumot yuborgan holda ovozingizni rad etadi.

– Nega ovoz berish jarayonlari boshlanishi 16 martga kechiktirildi?

– Bu yil ovoz berish jarayonlari 13 martdan boshlanishi kerak edi, lekin texnik nosozliklar tufayli 16 martdan boshlanadi.

“Ochiq budjet” portali yildan yilga takomillashtirib borilyapti, har yangi mavsumda tegishli texnik yangiliklar qilinyapti. Joriy yildagi eng katta o‘zgarish yuqorida qayd etganimdek “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyiliga o‘tilishidir. Bu portalda yuklamalar oshishiga sabab bo‘lyapti, natijada ayrim nosozliklar kuzatildi, hozir mutaxassislar bu borada ish olib boryapti.

– 1-mavsumda loyiha kiritish bosqichi qanday o‘tdi?

– 1-mavsumda respublikamiz bo‘ylab 35 mingdan ortiq loyihalar ilgari surilgan bo‘lsa, ushbu loyihalarning aksariyati ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktablarni ta’mirlash va jihozlash, shuningdek, sog‘liqni saqlash va maktabgacha ta’lim muassasalari ahvolini yaxshilashga oid loyihalardan tashkil topgan.

Kuni kecha ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval “Ochiq budjet” portalida saralash bosqichi yakunlandi va bu bo‘yicha 29 mingdan ortiq loyihalar ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi. Joriy yilda ilk marta fuqarolarimiz tomonidan berilgan loyihalarning 80 foizdan ortiqrog‘i saralash bosqichidan o‘tkazilgan. Bu bilan yildan yilga fuqarolarimizning “Tashabbusli budjet” jarayonlarida bilim va ko‘nikmalari oshib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Oldingi yillarda loyihalarni shakllantirishda qandaydir kamchiliklar bo‘lgan bo‘lsa, ular saralash jarayonida rad etilgan. Rad etiladigan loyihalar ko‘lami ham kamayib boryapti.

– 2024 yilda qanday asosiy o‘zgarishlar bo‘ldi?

– Eng katta yangiliklardan biri “Bir fuqaro – bir ovoz” bo‘lsa, yana biri “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar ko‘lami ham keskin oshirilgani bo‘ldi. O‘tgan yili 4,5 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu jarayonlar uchun qariyb 8 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilyapti. Bu joriy yilda mablag‘lar 2 barobar ko‘payadi va deyarli ikki barobar ko‘proq loyihalar g‘olib bo‘ladi degani.

Avval “Mening yo‘lim” loyihasi alohida jarayon, alohida ovoz berish bosqichi tashkil etilib, o‘tkazilardi. Endilikda fuqarolarning ushbu jarayonlarda ortiqcha ovoragarchiliklarini kamaytirish, ovoz berish jarayonlarida qulaylik yaratish maqsadida mening yo‘lim jarayoni “Tashabbusli budjet”ning 1-mavsumida o‘tkazilishi belgilandi. Joriy yilda birinchi mavsumda “Mening yo‘lim” “Tashabbusli budjet” doirasida o‘tkazilyapti.

– Qanday qilib birga o‘tkaziladi?

– Ya’ni fuqarolar “Tashabbusli budjet” jarayonlarida loyihalarni kiritaveradi, ular uchun sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi. Faqat “Mening yo‘lim” uchun ham ajratiladigan mablag‘lar qo‘shib, birga e’lon qilinadi hamda g‘olib loyihalar ham bir vaqtda e’lon qilinadi. G‘olib chiqish imkoniyati ham oshadi. 1,5 trln so‘m “Tashabbusli budjet”ga, 800 mlrd so‘m “Mening yo‘lim”ga ajratilardi. Har ikki loyiha uchun ajratiladigan mablag‘lar fuqarolar tashabbuslari jamg‘armasida bir joyda jamlanadi hamda ovoz berish yakunlariga ko‘ra, eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar tepadan pastga qarab saralanadi. Bunda “Tashabbusli budjet” uchun alohida, “Mening yo‘lim” uchun alohida kvotalar belgilanmaydi. Qaysidir hududlarda ichki yo‘llarni ta’mirlash loyihalari yetarli ovoz yig‘a olmagan bo‘lsa, ko‘proq ovoz yig‘gan boshqa loyihalar moliyalashtiriladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid