Jamiyat | 21:59 / 17.04.2023
98885
9 daqiqa o‘qiladi

Qaytmasdagi sirli qotillik. Vahshiylarcha odam o‘ldirgan shaxs jazodan qanday qutulib qolgandi?

2009 yil 12 avgust erta tong. Ichki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilgan ayol qizini o‘z uylarida shafqatsizlarcha o‘ldirib ketishganini xabar qildi. Voqea joyi (Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi Qaytmas qishlog‘i)ga yetib kelgan tezkor xodimlar tanasining 27 joyiga vahshiylarcha pichoq urilgan 20 yoshlardagi qizni ko‘rishadi.

Marhumaning onasi hamda 15 yoshli ukasi yig‘i va qo‘rquvdan qaltirab o‘tirardi. Hovli darvozasi va uning qarshisidagi futbol stadioni devori ustidan topilgan qon izlari qotil shu tomonga qochganini ko‘rsatardi.

Noma’lum “manyak”

O‘rta Chirchiq tumanida sodir etilgan mazkur jinoyat eshitgan hammani yoqa ushlashga majbur etgandi o‘shanda. Sababi, 20 yoshli qiz vahshiylarcha o‘ldirilgan.

Tuman prokuraturasi tergovchisi va tezkor xodimlar zudlik bilan voqea joyiga yetib borishadi. Qotillik alomatlari yaqqol ko‘rinib turibdi: uy kiyimidagi qiz tanasining 27 joyiga pichoq urilgan holda xona eshigi oldida qonga belanib yotardi. 

Marhumaning faqat 15 yoshlardagi ukasi bor edi. Ona ikki farzandini otasiz katta qilgan, birovdan kam qilmay o‘stirgandi. Oilaning iqtisodiy imkoniyatlari ham yomon emasdi, o‘ziga to‘q yashashardi. Shu sababli tergovchilar avvalo xonadonga o‘g‘ri tushgan va bunga guvoh bo‘lib qolgan qizni o‘ldirgan, degan taxminga keladi.

Buning ustiga ona ham yig‘lagan ko‘yi “Bilaman, buni uyga tushgan o‘g‘ri qilgan, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Qizimning dushmani yo‘q edi, birovga yomonligi tegmagan uning”, deya baqirib-chaqirardi.

Shu tariqa holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qotilni izlash boshlanadi.

Devor ustidagi qon izi

Tergovchilar oldida juda chigal masala turardi: qotil kim? U xonadonga qanday kirgan? Qanday qilib bunchalik “toza” ishlagan?

Maktab stadionining devori ustidan topilgan qon izlari qotil shu tarafga qochib yashiringanini ko‘rsatardi. Albatta, bunday vahshiylikka borgan odam jinoyatidan so‘ng qo‘lini yuvib, qon izini yo‘qotib o‘tirmasligi aniq.

Tumandagi jinoyat sodir qilib, jazo muddatini o‘tab chiqqan hamda jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lganlar shaxslar kuzatuvga olinadi. Shubhali ko‘ringanlari birin-ketin tergovga jalb etiladi. Ammo ha deganda qotil topilavermaydi. Jinoyatchini qariyb 40 kun izlashadi...

Marhumaning oshig‘i

Tergov-surishtiruv ishlari davom etar ekan, xodimlar marhumaning oshiq yigiti bo‘lganini aniqlashadi. Qiz u bilan ochiqchasiga o‘z uyida uchrashar, ularning ishqiy munosabatlaridan qizning onasi va ukasi ham xabardor edi. Yigiti bilan kunora “oshiq o‘yinini o‘ynayotgan” opani ukasi bir necha bor ko‘rib qolgan hamda bu ishini uyda qilmasligini uqtirgandi.

IIB xodimlari yigitni ushlab, tergov hibsxonasiga joylashtirishadi. Avvaliga u jinoyatni bo‘yniga olmaydi. Ammo tergov jarayonidagi qiynoqlardan so‘ng u mazkur jinoyatni bo‘yniga oladi. “Ha, men qildim, o‘zimni tutolmay qoldim, jahlimni chiqardi, shu uchun uni o‘ldirdim”, deydi u tergovchiga qarata.

Bir qarashda qotil topilgan, ish ochilgandi. Ammo unday bo‘lmaydi: prokuratura tergovchisi yigitga bir-nechta savol berib, qizni u o‘ldirmagan degan xulosaga keladi va qo‘yib yuboradi. Chunki “qotil”ning ko‘rsatmasi voqelik va ishda to‘plangan dalillarga mos kelmayotgandi. 

Qotil “ovi” davom ettiriladi va oradan ko‘p o‘tmay, IIB yana oshiq yigitni olib keladi. U bu safar dalillarga mos ravishda “sayrab beradi”. Lekin prokuratura tergovchisi garchi yigit bo‘yniga olib o‘tirgan bo‘lsa-da, yana uni qo‘yib yuboradi. 

Kalavaning uchi

Ish ko‘lami kengayib borar, ammo natijadan darak yo‘q edi. Tumanda yashovchi “ro‘yxatdagilar”ning aksariyati tergovga jalb qilindi, biroq bundan ish chiqmadi. 

Shunday kunlarning birida, tergovda so‘roq qilinayotgan marhumaning onasi qizi o‘lib ketganini, haliyam o‘g‘li borligini, bo‘lmasa yolg‘iz qolib ketishi mumkinligini bot-bot takrorlaydi. Uning bu gaplari tergovchida shubha uyg‘otadi.

Ona o‘ylab topgan “ssenariy”

Opasining qiliqlari – uyda yigiti bilan ochiqchasiga “yotib-turishi” ukaning g‘ururiga tekkandi. U bir necha bor opasiga bunday qilmaslikni aytib, janjal ko‘tardi. Biroq opa yo‘lidan qaytmadi. Afsuski, uning navbatdagi “uchrashuvi” o‘lim bilan yakun topdi.

Ko‘chadan qaytgan uka yana uydagi “oshkora oshiqlik sahnasi”ga guvoh bo‘lib qoladi. Endigina 15 yoshda, o‘tish davrida bo‘lgan bolaning mushtlari tugiladi. Qo‘liga pichoq olib, qo‘shni xonada kutib o‘tiradi. Keyin oshig‘ini kuzatib qaytayotgan opasini yoniga chaqiradi hamda u eshikdan kirishi bilan ko‘ksiga pichoq sanchadi. Opasiga ketma-ket pichoq urayotgan uka jazavaga tushgan va o‘zini butkul unutgandi. Allaqachon jon taslim qilib bo‘lgan opaning tanasi esa zarbalar ko‘pligidan ilma-teshik bo‘lib ketadi. Shu tariqa, uka opaning qotiliga aylanadi.

Uyga kelgan ona mudhish qotillik ustidan chiqadi: qizi qonga belanib yotar, oldida o‘g‘li ko‘zlarida qo‘rquv qotib qolganicha beparvo o‘tirardi.

Avvaliga baqirib yuborgan ona bir lahzada o‘zini qo‘lga oladi. Sababi qizi-ku o‘ldi, o‘g‘liga ham uzoq muddatli qamoq jazosi xavf solayotgandi. Agar o‘g‘li qilgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilinsa, u yolg‘iz qoladi. Buni tasavvur qilishning o‘ziyoq ona yuragidagi qo‘rquvni karrasiga oshirardi. Biroz sarosimadan so‘ng “Bo‘lar ish bo‘ldi, hech bo‘lmasa o‘g‘limni qamoqdan asrab qolishim kerak”, degan to‘xtamga keladi u.

Shu tariqa jinoyat izlari yashiriladi, hamma joy qayta va qayta ko‘zdan kechiriladi. Uzoqni o‘ylagan ona tergovni chalg‘itish uchun xonadon darvozasi va uning ro‘parasidagi devor ustida atay qon izini qoldiradi. Bu qotil shu tomonga qochgan, degan tasavvurni uyg‘otish uchun edi. Ona bu ishi bilan ma’lum muddat o‘z niyatiga yetadi ham. Sababi tergovchilar bu hiylaga aldangan va ko‘zlari oldida yurgan qotilni 40 kun boshqa joydan izlashgandi.

Ish sudga ham bormaydi – qotil jazodan qutulib qoladi

Tergov Jinoyat kodeksi 97-moddasi ikkinchi qismining o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirishda ifodalanadigan bandi bo‘yicha olib borilayotgandi. Bu modda bo‘yicha ayblanadigan shaxs 25 yilgacha qamalishi yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi. Garchi qotillikni kim sodir etgani ma’lum bo‘lgan bo‘lsa-da, tergovchi ukani qamoqqa olishga shoshilmasdi.

Advokatning iltimosnomasiga ko‘ra bolaning qotillik yuz bergan lahzadagi ruhiy holati psixotrik ekspertizadan o‘tkaziladi. Ekspertiza esa u o‘sha vaqtda o‘z harakatini kuchli ruhiy hayajonlanish (affekt) holatida sodir etgan, degan xulosa berdi.

Shu sababli tergovchi ishni qayta malakalaydi hamda ayblov Jinoyat kodeksi 97-moddasi ikkinchi qismidan 98-moddasiga o‘zgartiriladi. Ya’ni uka kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirgan, deb topiladi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida tasniflanuvchi ushbu modda amnistiyaga ham tushardi. Jinoyat sodir etilganidan ko‘p o‘tmay amnistiya akti e’lon qilingandi. Shu sababli tergovchi qotilga nisbatan amnistiya aktini qo‘llab, jinoyat ishini ayblilik masalasini hal qilmay turib tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi (2009 yilda kuchda bo‘lgan qonunchilikka ko‘ra, tergovchilar amnistiya aktini qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan).

Shu tariqa o‘z opasini 27 marotaba pichoq sanchib o‘ldirgan uka jazodan qutulib qoladi.

Real voqealar asosida Ruslan Saburov tayyorladi.

Mavzuga oid