CNN: AQSh «Rosatom»ni ZAESdagi texnologiyalari haqida xabardor qildi
AQSh Energetika vazirligi «Rosatom»ni Zaporijjya AESdagi Qo‘shma Shtatlar hukumati eksport nazorati ostidagi texnologiyalarga «tegmaslikka» chaqirdi.
Rossiya tomonidan bosib olingan Ukrainada joylashgan Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) yadro texnologiyalari sohasida Amerika texnologiyalariga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Bu haqda 18 aprel, seshanba kuni Amerikaning CNN telekanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, 17 mart kuni AQSh Energetika vazirligining Yadro qurollarini tarqatmaslik siyosati bo‘yicha byurosi «Rosatom»rahbariyatiga Qo‘shma Shtatlar hukumati tomonidan eksport nazorati ostida bo‘lgan ushbu texnik ma’lumotlarga «tegmaslik» iltimosi bilan xat yuborgan. CNN jurnalistlari yuqoridagi hujjat bilan tanishganliklarini yozishmoqda.
Qayd etilishicha, Energetika vazirligi «Rosatom»ni har qanday Rossiya fuqarolari yoki tashkilotlarining Amerika texnologiyasi bilan ishlashi «noqonuniy» ekanligi haqida ogohlantirgan. Tovarlar, dasturiy ta’minot va texnologiyalar, agar ulardan foydalanish Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizlik manfaatlariga zarar yetkazadigan bo‘lsa, AQSh eksport nazorati ostida bo‘ladi.
Maqolada Rossiya davlat korporatsiyasi ushbu murojaatga qanday javob bergani haqida ma’lumot taqdim etilmagan.