Kun.uz tanqididan so‘ng: Paxtachidagi parkka Open budget pulidan attraksion olinmaydigan bo‘ldi
Maqolada tanqid qilingan ikki loyiha tuman kengashi qarori bilan bekor qilingan. Tejalgan 2,4 milliard so‘m Open budget’da ovoz berish natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘la olmagan 7 ta loyihaga taqsimlab berilgan.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida bir istirohat bog‘ining uchta loyihasi Tashabbusli budjetda g‘olib qilingani adolatdan bo‘lmagani, bu loyihalarga ovoz berish jarayoni shubhali tarzda amalga oshirilgani Kun.uz saytida tanqid qilingandi. Tanqiddan keyin o‘sha uchta loyihaning ikkitasi – park uchun attraksion sotib olish loyihalari bekor qilindi.
Maqolaning qisqacha mazmuni
Open budget tanlovining uchinchi bosqichi uchun Paxtachi tumanidagi «Yoshlik» istirohat bog‘ining bir emas, uchta loyihasi kiritilgan. Ulardan bittasida bog‘ni obodonlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkita loyihada bog‘ uchun attraksion sotib olish belgilangan. Loyihalarning har biri uchun maksimal – 1,2 milliard so‘mdan, jami 3,6 milliard so‘m so‘ralib, tasdiqlangan.
Paxtachidagi parkning uchta loyihasi ham o‘ta shubhali tarzda tumandagi eng ko‘p ovoz olgan loyihalar qatoridan joy olib g‘olib bo‘ldi. Tuman markazidan uzoqdagi yo‘llarning ahvoli juda yomonligi va ularning ko‘pchiligi loyiha tariqasida Open budget’ga kiritilganiga qaramay, tumanda aynan park uchun attraksion sotib olish loyihasi g‘olib bo‘lgani shubhalarni yanada oshirgandi.
Maqolada hokimiyat biqinidagi park uchun attraksion sotib olish loyihasiga «ovoz yig‘ish hashari» o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilingandi. Chunki oxirgi vaqtlarda Open budget uchun ovoz yig‘ishga majburlash shunchalik avj oldiki, davlat bu ishni majburiy mehnatga tenglashtirishga majbur bo‘ldi.
Maqolada Paxtachidagi park uchun attraksion sotib olish loyihasi bekor qilinishi va bu pullar tumandagi ovoz berish natijalariga ko‘ra keyingi o‘rinlarda qolib ketgan loyihalarga ajratilishi adolatdan bo‘lishi aytilgandi.
Qolaversa, maqolada attraksion sotib olish uchun juda ko‘p pul so‘ralgani, bu attraksionlar ancha arzon turishi misollar bilan keltirilgandi.
Loyihalarning ikkitasi bekor qilindi
Kun.uz e’lon qilgan maqolaga Open budget tashabbuskorlari va tashkilotchilari munosabat bildirishi kerak edi. Chunki asosiy tanqid aynan tashkilotchilarga qaratilgandi. Avvalo park uchun attraksion sotib olishdek mantiqsiz loyihani ovoz berishga qo‘yishning o‘zi katta xato edi. Ammo, aftidan, loyihalar qanchalik mantiqqa to‘g‘ri kelishini tekshiradigan tizim hali yo‘lga qo‘yilmagan yoki tashkilotchilar uchun budjet puli nimaga sarflanishining qizig‘i yo‘q.
Shu bilan birga, Paxtachi tumanining o‘zida bu mavzu muhokama qilingan. Kun.uz ixtiyoriga Xalq deputatlari Paxtachi tuman kengashi qarori kelib tushdi. Unda aynan Open budget’dagi loyihalar muhokama qilinganini ko‘rish mumkin. Yig‘ilishda Paxtachi Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi U.Arnaqulovning hisoboti tinglangan. Tuman kengashi sessiyasida Open budget’ning Paxtachi tumani bo‘yicha ovoz berish jarayonida qatnashgan va g‘olib bo‘lgan, 00129584008 hamda 00129626008 raqami bilan ro‘yxatga olingan loyihalarni bekor qilish bo‘yicha tavsiya ma’qullangan.
Open budget’da 00129584008-raqam bilan «Ziyovuddin yoshlar bog‘iga «Vesyolyye gorki» attraksioni qurish» loyihasi ro‘yxatgan o‘tgan va 4622 ta ovoz bilan tuman bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallab, g‘olib bo‘lgan.
00129626008-raqam bilan esa «Ziyovuddin yoshlar bog‘iga «Mayatnik» karusel attraksioni qurish» loyihasi ro‘yxatdan o‘tgan. Bu loyiha uchun 4410 kishi ovoz bergan va g‘oliblar safidan o‘rin olgan.
Paxtachi tuman kengashi qaroriga ko‘ra, mana shu ikki loyiha bekor qilinib, unga sarflanishi ko‘zda tutilgan 2,4 milliard so‘m budjet mablag‘i ovoz berish jarayonida Open budget’ning Paxtachi tumani bo‘yicha g‘oliblari safiga kira olmagan keyingi o‘rinlardagi loyihalarga sarflanadi.
G‘oliblar soni oshdi
7 aprel kuni Open budget’da ovoz berish jarayoni yakunlangan va Paxtachi tumanida 10 ta loyiha g‘olib deb topilgan edi. Tuman kengashi parkning ikkita loyihasini bekor qilgach, endilikda g‘oliblar soni 15 taga yetgan. Ya’ni attraksion loyihasi chiqarib tashlanganidan keyin Paxtachi tumani uchun ajratilgan pul yana yettita loyihaga taqsimlangan. Xususan:
- «Tadbirkor» MFYdagi simyog‘ochlarni almashtirish, ko‘cha chiroqlari o‘rnatish va transformator o‘rnatish;
- Chorgo‘sha mahallasi Mustaqillik ko‘chasining eskirgan simyog‘ochlarini yangi 60 ta temirbeton ustunlarga almashtirish;
- Jona mahallasiga 140 dona temirbeton simyog‘och va 3 dona transformator o‘rnatish, 2 km kabel tortish, 60 dona chiroq o‘rnatish;
- Go‘zalkent, Qadriyat, Nurli hayot, Go‘zalkent I, Oltinsoy ko‘chasiga temirbeton simyog‘och to‘liq jamlanmasi, Oltinsoy ko‘chasiga transformator o‘rnatish;
- «Amirobod» MFYda joylashgan 12-maktab binosiga quyosh paneli o‘rnatish;
- Saroy mahallasiga yangi mahalla binosi qurish;
- Qarnabota va Chashma mahallalarini tutashtiruvchi umumiy 2350 metr yo‘lni asfaltlashtirish
loyihalari Paxtachi tumani uchun ajratilgan budjet pulidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Va bu 7 ta loyihaga o‘sha tanqid qilingan ikkita attraksion loyihasi uchun ajratilgan pul yetarli bo‘lgan.
Yangi g‘oliblar orasidan joy olgan Qarnabota va Chashma mahallalarini tutashtiruvchi umumiy 2350 metr yo‘l haqida maqolada ham aytib o‘tilgan va yo‘l chindan ta’mirtalab ekanini isbotlovchi suratlar ilova qilingandi.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
09:18 / 17.11.2024