Fan-texnika | 22:10 / 21.04.2023
73553
3 daqiqa o‘qiladi

Ekransiz, lekin sun’iy idrokka ega «kelajak smartfoni» taqdim etildi

U Apple kompaniyasining sobiq xodimlari tomonidan ixtiro qilingan.

Foto: TED

Apple kompaniyasining sobiq xodimlari Imron Choudri va Betani Bonjorno tomonidan asos solingan Humane startapi taqib yuriladigan, sun’iy idrokka asoslangan va proyeksiyali displeyga ega gadjetni namoyish etdi. U shaxsiy yordamchi sifatida ishlashga mo‘ljallangan va ko‘krak cho‘ntagiga sig‘adi, deb yozdi The Verge.

«Bu noldan ishlangan, yangi turdagi taqiladigan qurilma va platforma. Va bu butunlay mustaqil gadjet. Undan foydalanish uchun smartfon yoki boshqa qurilma kerak emas», dedi Choudri.

Qurilma teginish, ovozli va imo-ishora buyruqlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

«Tasavvur qiling, siz kun bo‘yi yig‘ilishlarda bo‘ldingiz va o‘tkazib yuborgan yangiliklarni tezda bilib olishni xohlaysiz», dedi Choudri, so‘ng tugmani bosdi va yangiliklar bilan tanishtirishni so‘radi. Bunga javoban qurilma elektron pochta, taqvim taklifnomalari va boshqa xabarlarning qisqacha mazmunini taqdim etdi.

Biroq, taqiladigan qurilma bu ma’lumotlarni aynan qayerdan olishi haligacha noma’lum, chunki u smartfonga ulanmaydi. Uning bulutli xizmatlarga ulanishini taxmin qilish mumkin.

Gadjet ekranni yaqin atrofdagi sirtlarga ham proyeksiyalash imkoniyatiga ega. Masalan, kiruvchi qo‘ng‘iroqni foydalanuvchining qo‘lida ko‘rsatishi mumkin. Lekin shundan keyin nima qilish kerakligini ijodkorlar tushuntirishmadi. Ehtimol, bu qo‘ng‘iroqlarga ovozli buyruq yordamida javob berish mumkindir.

Shuningdek, qurilma atrofdagi narsalarni aniqlaydigan kamera bilan jihozlangan. Choudri undan shokoladni aniqlash uchun foydalandi. Shundan so‘ng, u aqlli yordamchidan shokolad tarkibini tahlil qilishni va uni iste’mol qilish parheziga qanchalik mos ekanini so‘radi.

Nihoyat, uning tarjimoni ham bor. Biror iborani ona tilingizda aytasiz, Humane gadjeti uni, masalan, fransuz tilida o‘qiydi.

Boshqa tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan. Gadjetning sotuvga chiqariladigan sanasi haqida ham xabar berilmagan.

Mavzuga oid