Aksilkorrupsiya agentligi direktori olgan sovg‘alar haqida ma’lumot berildi
Akmal Burhonov agentlik direktori sifatidagi faoliyatining boshidan 2023 yilgacha 8 ta sovg‘a olgani ma’lum qilindi. 4 ta rasm va 4 ta suvenirning umumiy qiymati 14 mln 570 ming so‘mga baholangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bu lavozimga tayinlangan 2020 yil iyulidan to 2023 yilga qadar xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan 8 ta sovg‘a olgan. Agentlik ularning umumiy qiymatini 14 mln 570 ming so‘mga baholagan. Bu haqda idora rasmiy saytida ma’lumot berildi.
Agentlikning sovg‘alar reyestrida faqat direktor Akmal Burhonovga berilgan sovg‘alarni ko‘rish mumkin. Ulardan to‘rttasi devorga osiladigan surat, qolgan to‘rttasi stol ustiga qo‘yiladigan suvenir.
Sovg‘alarning eng qimmatbahosi – yog‘och ustiga o‘rnatilgan, metalldan ishlangan haykalcha (eni 21 sm, bo‘yi 15 sm). Hadyani Misr Arab Respublikasining Ma’muriy nazorat idorasi taqdim etgan. Agentlik suvenirni 3 mln 200 ming so‘mga baholagan.
Qimmatligi bo‘yicha ikkinchi sovg‘a – 2,5 mln so‘mga baholangan surat. 50x70 sm o‘lchamdagi, yog‘ochga qadimiy naqshlar aksi tushirilgan rasmni Burhonovga Tojikiston Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sovg‘a qilgan.
Reyestrga kiritilgan boshqa sovg‘alarning qiymati 1 mln 400 ming so‘mdan 1 mln 650 ming so‘mgacha baholangan. Ular Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha organlari tomonidan hadya qilingan.
Aksilkorrupsiya agentligining saytiga joylangan sovg‘alar reyestri tegishli hujjatda ko‘rsatilganidan farq qiladi. Saytdagi reyestrda sovg‘alar berilgan sana va berilish sababi (munosabati) ko‘rsatilmagan.
O‘zbekistonda o‘tgan yili qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat xizmatchilarining sovg‘a olishi masalasi huquqiy tartibga solingan edi.
Shu asosda “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilingan.
Nizomga ko‘ra, qiymati 4 BHM (hozirda 1,2 mln so‘m)gacha deb topilgan sovg‘alar davlat xizmatchisida qoldiriladi. Undan yuqori qiymatga ega sovg‘alar davlat organi balansiga kirim qilinib, shu organ ehtiyojlari uchun ishlatiladi.
Hozircha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan boshqa davlat idoralari qabul qilingan sovg‘alar haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamadi. Qonunchilikda bu boradagi ma’lumotlar ochiqlanishiga oid talab yo‘q.
- Ma’lumot uchun, davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olish taqiqlanadi.
Mavzuga oid
17:38
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
21:00 / 09.12.2024