Jamiyat | 12:57 / 26.04.2023
44594
3 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravonlik: Toshkentda yana bir maktab o‘quvchisi bir guruh qizlar tomonidan do‘pposlandi

Shayxontohurda maktab o‘quvchilari bir bo‘lib boshqa qizni do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Mas’ullarga ko‘ra, “mushtumzo‘r” qizlar bir oy avval gap talashib qolgani sabab o‘zidan katta bo‘lgan maktabdoshini “samosud” qilishgan.

25 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda 3 nafar qizning jabrlanuvchini urib, tepkilagani ko‘rsatilgan videosi tarqaldi. Unda do‘pposlangan qiz zo‘ravonlardan kechirim so‘rab, urmasliklarini iltimos qilganini ham eshitish mumkin.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea 25 aprel kuni taxminan soat 15:00 larda Shayxontohur tumani “Samarqand darvoza” MFY, Uchlola ko‘chasi 4-uyning yerto‘la qismida sodir bo‘lgan.

“Aniqlanishicha, shu tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi S.S. dugonalari Ch., S., T. va G.lar bilan birga shu maktabning 8-sinf o‘quvchisi K.M. ni do‘pposlashgan hamda tasvirga olingan videoni o‘zining Instagramʼidagi sahifasiga joylab tarqatgan. Jinoyat jazosiz qolmaydi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, boshqarmaga ko‘ra, yuqoridagi holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB xodimlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hozircha qo‘shimcha ma’lumotlar ochiqlanganicha yo‘q.

IIBBning dastlabki o‘rganishlariga ko‘ra, qizlar bir oy avval o‘zaro gap talashib qolgani sabab shu holat yuzaga kelgan. Shundan so‘ng, voyaga yetmagan, 2010 yilda tug‘ilgan S.S. va uning dugonalari 2009 yilda tug‘ilgan K.M. ni urib, uzr so‘rashini talab qilgan.

Qayd etilishicha, tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Yangihayot tumanidagi 331-maktabning yuqori sinfida tahsil oluvchi bir necha qizlar o‘zidan kichik bo‘lgan o‘quvchini kaltaklagani ask etgan video ham tarqalgandi. Keyinroq maktab rahbariyati jabrlanuvchi bir behayo suratda yuqori sinfda o‘quvchi qiz tasvirlanganini aytib, maktabda mish-mish tarqatgani sabab uni do‘pposlashganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid